1

BAAning O`zbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi bilan yoshlar masalalari bo`yicha hamkorlik uchrashuvi o`tkazildi

Jamiyat 11.03.2020, 16:57
BAAning O`zbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi bilan yoshlar masalalari bo`yicha hamkorlik uchrashuvi o`tkazildi

O`zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisi Alisher Sa`dullaev Birlashgan Arab Amirliklarining O`zbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi Said Matar Sultan as-Siri al-Kamzi bilan uchrashuv o`tkazdi. Unda O`zbekiston va Birlashgan Arab Amirliklarining yoshlari masalalarida hamkorlik qilish bo`yicha o`zaro fikr-mulohazalar almashildi.

O`zbekiston yoshlar ittifoqi vakillari tomonidan O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoevning yoshlar siyosatini qo`llab-quvvatlashga qaratilgan beshta tashabbuslari doirasida amalga oshirilayotgan islohotlar hamda O`zbekiston yoshlar ittifoqi faoliyati yuzasidan ma`lumot berildi. Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahrida o`tkazilishi rejalashtirilgan "Ekspo-2020" xalqaro ko`rgazmasi uchun tayyorgarlik ishlari e`tirof etildi.

Birlashgan Arab Amirliklarining O`zbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi ham BAAda yoshlarga oid amalga oshirilayotgan islohotlar to`g`risida so`z yuritdi. O`zbekistondagi olib borilayotgan yoshlar siyosatiga iliq munosabat bildirdi. 

Said Matar Sultan as-Siri al-Kamzi Dubay shahrida o`tkaziladigan

"Ekspo-2020" xalqaro ko`rgazmasi doirasida O`zbekiston delegasiyasi tarkibida yoshlarning ishtirokiga alohida urg`u berdi. Xalqaro hamkorlik uchrashuvlariga ham yosh kadrlarni jalb qilish kerakligini qayd etdi.

Bundan tashqari, hamkorlik muloqotida ikki davlat ta`lim tizimini yanada rivojlantirish maqsadida yoshlar uchun maxsus talabalar almashinuv dasturlarini tashkil etish va o`zbek yoshlarining Birlashgan Arab Amirliklaridagi Diplomatiya Akademiyasida malakalarini oshirish taklifi ham ilgari surildi. 

O`zbekiston yoshlar ittifoqi vakillarining xalqaro texnologiyalar, yoshlar tadbirkorligi, ta`lim va ekologiya sohalarida ikki davlat yoshlari uchun maxsus inkubatorlar tashkil etish va tajriba almashinuviga qaratilgan ikki mamlakat yoshlari uchrashuvlarini amalga oshirish bilan bog`liq takliflari BAAning O`zbekistondagi vakillari tomonidan ma`qullandi.

Uchrashuv yakunida BAAning O`zbekistondagi elchixonasi va O`zbekiston yoshlar ittifoqi tomonidan BAA va O`zbekiston yoshlari hamkorligini rivojlantirish masalasida kelgusidagi rejalar tuzib olindi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1