1

Koronavirus jiddiy. Qochib qutulish imkonsiz, unga tayyor turish kerak — Kanadadan vatandoshimiz o`zbekistonliklarni xushyorlikka chaqirmoqda

Jamiyat 12.03.2020, 09:36
Koronavirus jiddiy. Qochib qutulish imkonsiz, unga tayyor turish kerak — Kanadadan vatandoshimiz o`zbekistonliklarni xushyorlikka chaqirmoqda

Xitoyda o`tgan yilning dekabr oyida paydo bo`lgan koronavirus so`nggi ma`lumotlarga ko`ra, dunyoning 114 davlatini zabt etib bo`ldi va tarqalishda davom etyapti. Shunga ko`ra, barcha mamlakatlarda ushbu virusdan himoyalanish bo`yicha keng tashviqotlar olib borilmoqda. Sababi, mutaxassislar bu virus barcha mamlakatlarga etib borishini taxmin qilishmoqda. Bu borada ayni paytda Kanadada faoliyat yuritayotgan vatandoshimiz shaxsiy kanalida dunyodagi vaziyat haqida o`z mulohazalari va maslahatlarini ma`lum qildi. 

“Angela Merkel aytdi, nemislarning 70 foizigacha bu virusni yuqtirishi mumkin. Germaniyada! Dunyodagi eng rivojlangan davlatlarning birida. Kanada Bosh vaziri o`rinbosari ham Merkel bergan raqam haqiqatga yaqin ekani, Kanada hukumati va xalqi tayyor turishini ta`kidladi.

Nyu-York gubernatori virusga qarshi ikki yo`l bilan kurashish mumkinligini aytdi: (a) ommaviy analiz olish va virus chiqqanlarni karantin qilish yoki (b) ommaviy ijtimoiy izolyasiya. Virus aniqlanmasidan maktab, bog`cha, ishxona, bozorlar yopiladi va hamma uyida o`tiradi.

Barcha olimlar, siyosatchilar, rahbarlar, Xitoy, Janubiy Koreya, Italiya tajribasi shuni ko`rsatyaptiki, virusdan qochib qutilish qiyin. Shunday ekan, unga tayyor turish kerak.

70 foiz aholiga koronavirus yuqqan taqdirda ham maksimum 5 foiz aholi qurbon bo`lishi mumkin. O`lish xavfi yuqori bo`lgan kishilarga qariyalar va avvaldan kasali bor (diabet, rak, VICh, gepatit) insonlar kiradi.

Hozir rivojlangan davlatlar hukumatlari qo`llayotgan taktika kasalxonaga murojaatlarni maksimal kamaytirishdan iborat. Maksimal ma`lumot berib, kasallikning engil formalarini uyda davolash. Kasallarni uyda izolyasiya qilish. Aks holda kasalxonalarda joy qolmay, koronavirus yuqtirmagan o`nlab, hatto yuzlab boshqa kasallar vafot etmoqda (Italiya va Janubiy Koreyada).

Kanada sog`liqni saqlash agentligi ming marta qaytardi: simptom bo`lsa ko`chaga chiqma, doktorga borma, kasalxonaga borma! 8-1-1 — shoshilinch bo`lmagan tibbiy yordam raqamiga telefon qil, u erda hamshiralar simptomlarni o`rganadi va keyin nima qilish kerakligini o`rgatadi. Chunki kasal odam avtobusga chiqib, kasalxonaga borsa, yo`l-yo`lakay o`nlab odamlarga yuqtirishi mumkin.

Menimcha (adashayotgan bo`lsam xursand bo`laman) O`zbekistondayam bu virus allaqachon bor. Yoki doktorlar bilmaydi (analiz qilish imkoniyati yo`q, kasallar uyida qo`y yog`i surtib yotibdi, va h.k.), yoki berkitishyapti.

Panika qilish kerak emas, tayyor turish kerak. Defisitga, bog`cha va maktablar yopilishiga, hayot tarzi keskin o`zgarishiga. Uyga bir oyga etadigan aynimaydigan ovqat va masallixlar, salfetkalar, dezinfeksiya vositalarini jamg`arib qo`yish kerak. 

Kasal va uning uyidagilar bozorga bormasligi kerak. Kanada hukumati maslahatiga ko`ra, bozorni tanish-bilishlar qilib, eshikning tagiga qo`yib ketishi kerak, zinhor kasal bor uyga kirmasligi kerak.

Ba`zilar koronavirus desa hingir-hingir qilib, hazilga olib, AQSh va Xitoy urushi deb, o`zini ovutib o`tiribdi. Bunaqalardan saqlaning. Jiddiy qarang, lekin vahimaga tushmang.

O`zingiz va oilangizni virusdan asrang. Asosiy qilinishi kerak bo`lgan ishlar:

1. Qo`lni yuving, sovunlab, 20 soniya davomida. Sovunlab yuvilgan qo`lga antiseptik ishlatish shart emas;

2. Yuzingizga tegmang. Iflos qo`llar bilan yuz va ko`zlarga teshish orqali virusni yuqtirish mumkin ekan;

3. Mazangiz bo`lmasa ko`chaga chiqmang.

Mana shu uch qadamni bajarishni barcha rivojlangan davlatlar hukumatlari va olimlar ta`kidlashmoqda”, — deya olisdagi o`zbekistonliklarni ogohlantirmoqda Farhod Fayzullaev.

Eslatib o`tamiz, avvalroq, Jahon sog`liqni saqlash tashkilotining O`zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Lianne Kuppens O`zbekistonga koronavirusning kirib kelish ehtimoli yuqori ekanini ta`kidladi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1