“Korean and Migrations xususiy bandlik agentligi” MChJ tomonidan bir guruh fuqarolarning pullari o`zlashtirilishi bilan bog`liq jinoyat haqida saytimizda avval xabar bergan edik.
Ayni paytda mazkur MChJning mansabdor shaxslariga nisbatan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi «a» bandi (juda ko`p miqdorda sodir etilgan firibgarlik) bilan qo`zg`atilgan jinoyat ishi bo`yicha olib borilgan dastlabki tergov harakatlari yakunlandi. Bu haqda O`zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti xabar berdi.
Ma`lumki 10.10.2019 yilda jamiyat rahbari va boshqa mansabdor shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi «a» bandi bilan ayblov e`lon qilinib, «qamoqqa olish» tarzidagi ehtiyot chorasi qo`llanilgan edi.
Tergov jarayonida 2372 nafar fuqaro jabrlanuvchi va fuqaroviy da`vogar deb e`tirof etilib, jamiyat tomonidan 24,2 mlrd. so`mdan ziyod moddiy zarar etkazilganligi aniqlandi.
Dastlabki tergov davomida jami 10 nafar shaxsga nisbatan JKning tegishli moddalari bilan ayb e`lon qilinib, “qamoqqa olish”, “uy qamog`i” va “garov” tarzidagi ehtiyot choralari qo`llanildi.
Shuni ta`kidlash joizki, dastlabki tergovdan yashiringan shaxslarga nisbatan jinoyat ishining bir qismi alohida ish yurituviga ajratilib, ulardan ushbu pul mablag`larini qaytarishga qaratilgan barcha kuch – vositalar ishga solinadi va fuqarolarimizga etkazilgan moddiy zararning qolgan qismini qoplash choralari ko`riladi.
09.03.2020 yilda jamiyatning mansabdor shaxslariga nisbatan e`lon qilingan ayblov Jinoyat kodeksining firibgarlik, hujjatlarni qalbakilashtirish va jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish jinoyatlari uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi moddalari bilan to`ldirilgan.
Hozirda jinoyat ishi yuzasidan tergov harakatlari tamomlanib, ayblov xulosasi tuzilgan va ayblov xulosasini tasdiqlash hamda tegishli sudda ko`rib chiqish uchun Bosh prokuraturaga yuborildi.






