Bu nafaqat bizda, balki butun dunyoda kuzatilayotgan holat. Lekin shunga qaramay rahbariyat ishdan bo`shatish, majburiy ta`tillarga chiqarishni rejalashtirmagan, aksincha bunday qilmaslik uchun barcha choralarni ko`rmoqda.
“Hozircha hech kim rasman kasallikka chalingani yo`q, lekin aviasiyamiz iqtisodiyoti bu kasallikni his qilmoqda, – deb boshlanadi ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabar. - Aviakompaniya o`z xodimlarini haq to`lanmaydigan mehnat ta`tiliga jo`natishni rejalashtirmoqda. Majburiy ta`tilga deyarli barcha xizmat vakillari jo`natiladi. Bunday vaziyat qancha davom etishi hozircha ma`lum emas” .
Xabarning qanchalik asosli ekanligi bilan qiziqib, "kun.uz" Uzbekistan Airways aviakompaniyasi matbuot xizmati bilan bog`landi:
– Bu xabar texniklarimizning ichki guruhida tarqalgan, ammo haqiqatga zid. Qizig`i, boshqa yo`nalishlardan farqli ravishda aynan shu bo`lim katta ish hajmiga ega. Sababi, texnik xizmatlarimiz eng kamida aprel oyiga qadar buyurtmalarga ega va tinimsiz ishlashyapti.
Endi bevosita Uzbekistan Airways’ning faoliyatiga kelsak, chindan ham ko`plab reyslar bekor qilinayotganidan xabaringiz bor. Bu nafaqat bizda, balki butun dunyoda kuzatilayotgan holat. Lekin shunga qaramay rahbariyat ishdan bo`shatish, majburiy ta`tillarga chiqarishni rejalashtirmagan, aksincha bunday qilmaslik uchun barcha choralarni ko`rmoqda.
“Navro`z” bayrami arafasida ichki reyslarga 50 foizgacha chegirmalar e`lon qildik. Xalqaro reyslar bo`yicha ham bunday rejalarimiz bor edi, ammo koronavirus tarqalishi bilan bog`liq vaziyat tufayli keyinga surildi.
Eng muhimi, butun dunyo aviakompaniyalari bugungi kunda murakkab vaziyatda. Uzbekistan Airways vaziyatdan kamroq talafot bilan chiqish yo`llarini izlamoqda. Xususan xaridlar qayta ko`rib chiqilyapti, optimizasiya usullari qo`llanyapti.
Albatta, vaziyat kun sayin o`zgarib bormoqda va buni hisobga olmaslikning iloji yo`q. Agar sharoit taqozosi bilan qo`shimcha-chora-tadbirlar ko`rishga majbur bo`lsak, bu haqda rasman xabar beramiz, dedi milliy aviakompaniya matbuot kotibi Habibullo Nabiev.






