“Nodavlat notarial faoliyatni tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to`g`risida” Hukumat qarori qabul qilindi.
Qaror bilan Xususiy amaliyot bilan shug`ullanuvchi notariuslar faoliyatini tashkil etish tartibi to`g`risidagi nizom tasdiqlandi.
Unga ko`ra, xususiy notarius faoliyatini lisenziyalash, ularni hisobga qo`yish va hisobdan chiqarish Qoraqalpog`iston Adliya vazirligi, hududiy adliya boshqarmalari tomonidan amalga oshiriladi.
Xususiy notarius yuridik shaxs tashkil etmasdan faoliyat yuritadi, bankda hisobvaraq ochadi, xodimlar bilan mehnat shartnomasi tuzadi, ish faoliyatini tashkil etish uchun mutaxassislar va yuridik shaxslar bilan fuqarolik-huquqiy shartnomalar tuzish huquqiga ega.
Xususiy notarius o`z faoliyatini boshlashdan oldin fuqarolik javobgarligini majburiy sug`urta qildirishi shart.
Notariusning nomida “xususiy amaliyot bilan shug`ullanuvchi notarius” so`zlari bo`lishi, tegishli tuman, shahar ko`rsatilishi lozim.
Xususiy notariusning muhri Adliya vazirligi tomonidan tasdiqlangan yagona namunaga muvofiq tayyorlanadi.
Xususiy notarius stajyor, yordamchi, kotib, notarial faoliyatni tashkil etish bilan bog`liq boshqa xodimlarga (tarjimon, kurer va b.) ega bo`lishi mumkin.
Xususiy notarius o`zining ish va dam olish vaqtini mustaqil belgilaydi.
Notarial harakatlar “Notarius” avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali amalga oshiriladi.
Xususiy notarius tomonidan undiriladigan tushumlar davlat byudjetiga soliqlar va boshqa to`lovlar to`langandan so`ng notariusning tasarrufiga o`tadi.
Qaror bilan Xususiy notarial faoliyatni lisenziyalash bo`yicha davlat xizmatlari ko`rsatishning ma`muriy reglamenti tasdiqlandi.
Unga ko`ra, lisenziya olish uchun talabgor:
* 25 yoshdan kichik va 65 yoshdan katta bo`lmasligi;
* oliy yuridik ma`lumotga ega bo`lishi;
* yuridik mutaxassislik bo`yicha 3 yillik stajga ega bo`lishi (shu jumladan notarial idorada kamida 1 yil stajirovka o`tagan bo`lishi);
* malaka imtihonini topshirishi shart.
Sudyalik lavozimida kamida 5 yil ishlagan yoki notarius yordamchisi yoxud adliya organlarining notarial faoliyatiga rahbarlik qilish, ushbu faoliyatni nazorat qilish bilan bog`liq lavozimlarda kamida 3 yil ishlagan shaxslar stajirovkadan o`tmasdan imtihonda ishtirok etishga haqli.
Talabgorlar lisenziya olish uchun davlat xizmatlari markazlariga (DXM) o`zi kelib murojaat etadi yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida (YaIDXP) ro`yxatdan o`tadi.
DXMlarda markaz xodimi tomonidan, YaIDXPda mustaqil ravishda so`rovnoma to`ldiriladi. So`rovnomaga tegishli hujjatlar elektron tarzda ilova qilinadi.
Davlat xizmatini ko`rsatish uchun BHMning yarim baravari (111 ming 500 so`m) miqdorida yig`im undiriladi. YaIDXP orqali murojaat etilganda yig`imning 90 foizi (100 ming 350 so`m) undiriladi.
Adliya vazirligi huzuridagi Oliy malaka komissiyasi 15 ish kunigacha bo`lgan muddatda so`rovnomada ko`rsatilgan ma`lumotlarni o`rganib chiqadi.
O`rganish natijasiga ko`ra talabgorning malaka imtihonida ishtirok etish yoki ishtirok etishini rad etish to`g`risida xulosa tuziladi va tasdiqlanadi.
Malaka imtihoni talabgorning malaka imtihonida ishtirok etishi maqsadga muvofiq deb topilgan xulosa tasdiqlangan kundan boshlab 5 kundan so`ng, lekin 15 kundan kechiktirmay o`tkaziladi.
Olinishi mumkin bo`lgan eng yuqori ballning 55 foizidan yuqori ball to`plagan talabgor imtihonni muvaffaqiyatli topshirgan hisoblanadi.
Malaka imtihonini muvaffaqiyatli topshirgan talabgor bo`yicha qarordan ko`chirma tegishli adliya organiga lisenziya rasmiylashtirish uchun yuboriladi.
Talabgor tomonidan lisenziyani olish uchun qonunchilikda belgilangan miqdorda davlat boji to`langandan so`ng:
* lisenziyalovchi organ QR-kod qo`yilgan lisenziyani rasmiylashtiradi va DXMga yoki talabgorga YaIDXP orqali yuboradi;
* DXM lisenziya kelib tushgan kuni uni talabgorning elektron manziliga yuboradi yoki uning so`roviga asosan lisenziyani qog`oz shaklda beradi.
Faoliyat yuritayotgan davlat notariuslariga xususiy faoliyat uchun lisenziya faqat ularning arizasiga asosan Qoraqalpog`iston Adliya vazirligi, hududiy adliya boshqarmalari tomonidan to`g`ridan-to`g`ri rasmiylashtirib beriladi.