BMTning rasmiy saytida e`lon qilingan bayonotda aytilishicha, BMT Bosh kotibi Antonio Guterrish mamlakatimiz tomonidan 50 mingga yaqin shaxslarga O`zbekiston fuqaroligi berilishiga oid qonunning imzolanganini qo`llab-quvvatlagan va bu bilan O`zbekistonni tabriklagan!
«Ilgari fuqaroligi bo`lmagan shaxslarga fuqarolikni berish orqali O`zbekiston har doim ham e`tirof etilmaydigan va zaif qatlam sifatida qaraladigan aholining sharoitini yaxshilash yo`lida katta qadam tashladi», - deyiladi bayonotda.
BMT Bosh kotibi mazkur qonunni butun dunyoda 2024 yilga borib fuqarosizlikka to`liq barham berish bo`yicha qilinayotgan sa`y-harakatlarga O`zbekiston tomonidan qo`shilgan katta hissa sifatida baholadi.
«Shuningdek, Barqaror rivojlanish maqsadlari bo`yicha o`n yillik harakatlarga o`tish arafasida turgan bir paytimizda, ushbu voqea O`zbekiston hech kimdan ortda qolmasligining qat`iy isboti bo`ldi, deyishimiz mumkin», - deya yakunlangan BMT saytida e`lon qilingan bayonot.