Toshkent viloyati hokimligi koronavirus infeksiyasi kirib kelishining oldini olish bo`yicha amalga oshirilayotgan ishlar to`g`risida so`nggi ma`lumotlarni taqdim etdi.
Ma`lum qilinishicha, bemorlarga qarayotgan hamshiralardan biri koronavirus yuqtirgan.
«23 mart holatiga Viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasida 101 nafar bemor bo`lib, ular muntazam ravishda tibbiy nazoratga olingan.
23 mart holatiga Toshkent viloyati hududida koronavirus infeksiyasi aniqlangan fuqarolar 9 nafarni tashkil etdi.
Koronavirus aniqlangan ilk bemor Fransiyadan kelgan. Unda 15 mart kuni infeksiya aniqlangan. Ikkinchi bemorda 16 mart kuni aniqlangan bo`lib, birinchi bemordan yuqtirib olgan.
Uchinchi bemor 14 mart kuni Londondan uchib kelgan. 17 mart kuni infeksiya aniqlangan.
18 mart kuniinfeksiya to`rtinchi fuqaroda tasdiqlandi. Beshinchi bemor 20 mart kuni aniqlandi.
Koronavirus aniqlangan oltinchi bemor 18 mart kuni Rossiya davlatidan kelgach, «Sokol» bolalar oromgohida karantinda turgan. Unda 20 mart kuni infeksiya aniqlangan.
Ettinchi bemor 18 mart kuni Moskva orqali Shvesiyadan kelgan. «Sokol» oromgohida karantinda bo`lgan, 21 mart kuni kasallik aniqlangan.
Sakkizinchi bemor 14 mart kuni Dubaydan kelgan. 22 mart kuni virus aniqlangan.
To`qqizinchi bemor hamshira bo`lib, ayni paytda davolash ishlari olib borilyapti», deyiladi viloyat hokimligi matbuot xizmati xabarida.