Ijtimoiy tarmoqlarda poytaxtimizdagi umumta’lim maktablaridan birida sil kasalligi aniqlangani haqida xabarlar tarqaldi.
Mazkur holat yuzasidan Sog‘liqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati quyidagilar ma’lum qildi.
Aniqlanishicha, Shayxontohur tumanidagi 59-sonli umumta’lim maktabining 11-sinf o‘quvchisi M.S. 2024 yilning 26 dekabrida Toshkent shahar 3-son ftiziatriya dispanseriga murojaat qilgan.
Bemorning opasi M.D.ning so‘zlariga ko‘ra, singlisi M.S. so‘nggi oylarda tez-tez betob bo‘lgan. Davolanish uchun faqat xususiy klinikaga murojaat qilgan. Oxirgi marta LOR-shifokor ko‘rigidan keyin 3-son ftiziatriya dispanseriga yuborilgan.
Dispanserda o‘tkazilgan rentgenografiya tekshiruvi natijasida unga “O‘ng o‘pka yuqori bo‘lagi yallig‘langan sili, yemirilish davri, BK +” tashxisi qo‘yilgan va bemor darhol Toshkent shahar bolalar sil kasalliklari shifoxonasiga yotqizilgan.
M.S. bilan uyda muloqotda bo‘lgan 6 kishi (2 nafari 6 yoshgacha bolalar) 2024 yil 27 dekabrda 3-son ftiziatriya dispanserida rentgen tekshiruvidan o‘tkazilgan va ularda faol sil kasalligi aniqlanmagan.
Shuningdek, M.S. bilan muloqotda bo‘lgan va kasallik yuqtirish xavfi mavjud 59-sonli umumta’lim maktabi va bemor qo‘shimcha darsga qatnagan xususiy o‘quv maktabi o‘quvchilari va o‘qituvchilari Sanitariya epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi Toshkent shahar boshqarmasi nazorati ostida 3-son ftiziatriya dispanserida rentgenografiya va diaskin test tekshiruvlaridan o‘tkazilgan.
Tekshiruvlar davomida 1 nafar o‘quvchi (2008 yilda tug‘ilgan A.A., bemor M.S.ning yaqin dugonasi)da “O‘ng o‘pka yuqori bo‘lagi o‘choqli sili” BK abs aniqlanib, u shifoxonaga yotqizilgan.
Shuningdek, 3 nafar o‘quvchi — A.A., R.M. va E.D. va 1 nafar o‘qituvchi B.U.larda kasallikka moyillik aniqlangani sababli profilaktik davo muolajalari boshlangan.
Aniqlangan kamchiliklarlar yuzasidan Sanitariya epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi Toshkent shahar boshqarmasi tomonidan 59-sonli umumta’lim maktabi direktoriga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.
Bugungi kunda 59-sonli umumta’lim maktabida davlat dasturi asosida kapital rekonstruksiya ishlari olib borilayotgani sababli ushbu ta’lim muassasasining boshlang‘ich sinf o‘quvchilari 115-umumta’lim maktabida, yuqori sinf o‘quvchilari esa tumandagi 82-sonli umumta’lim maktabida o‘qishni davom ettirmoqda.
Joriy yil 21 yanvarda 82-sonli umumta’lim maktabida tegishli zararsizlantirish va dimlash tadbirlari takroriy olib borildi. 2025 yil 22 yanvar kuni esa yalpi tozalash va shamollatish tadbirlari o‘tkazildi.
Shuningdek, 115-sonli umumta’lim maktabida ham 23 yanvar kuni tegishli zararsizlantirish va dimlash tadbirlari takroriy tashkil etildi.