Avval xabar qilinganidek, bugun, 24 mart kuni Oliy Majlis Senatining 3-yalpi majlisi bo`lib o`tdi. Unda senatorlar bir qator masalalarni muhokama qilishdi.
Xususan, Senat a`zolari kun tartibidagi uchinchi masala, ya`ni “O`zbek tili bayrami kunini belgilash to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasi Qonunini muhokama qilishdi.
Qonun ijtimoiy hayot va xalqaro maydonda o`zbek tilining nufuzini yanada oshirishga, yoshlarni vatanparvarlik, milliy an`analar va qadriyatlarga sodiqlik ruhida tarbiyalashga qaratilgan.
Qonun bilan 21 oktyabr – O`zbek tili bayrami kuni etib belgilanmoqda.
Shundan keyin Senat a`zolari “III va IV darajali “Sog`lom avlod uchun” ordenini ta`sis etish to`g`risida”gi hamda “Sog`lom avlod uchun” medalini ta`sis etish to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasi qonunlarini ham muhokama qilishdi.
Ushbu qonunlarda aholi o`rtasida sog`lom turmush tarzini targ`ib qilish va ommalashtirish, jismonan sog`lom hamda barkamol avlodni tarbiyalashdagi alohida xizmat ko`rsatgan fuqarolarni mukofotlash nazarda tutilmoqda.