1

O`zbekiston ilm-fanida og`ir judolik: Shavkat Mirziyoev boshchiligidagi davlat rahbariyati ta`ziya bildirdi

Jamiyat 24.03.2020, 21:39
O`zbekiston ilm-fanida og`ir judolik: Shavkat Mirziyoev boshchiligidagi davlat rahbariyati ta`ziya bildirdi

Fizik kimyo va yarimo`tkazgichlar fizikasi sohasidagi taniqli olim, O`zbekiston Fanlar akademiyasining akademigi Saidov Muxtor Safarbaevich shu yil 20 mart kuni 89 yoshida vafot etdi.

O`zbekiston ilm-fani og`ir judolikka uchradi

M.Saidov 1930 yil 21 noyabrda Qoraqalpog`iston Respublikasining Mang`it shahrida tug`ildi. 1951 yilda Xorazm davlat pedagogika institutini tugatib, 1951-1954 yillarda Moskva davlat universiteti aspiranturasida tahsil oldi. 1954 yilda nomzodlik, 1970 yilda doktorlik dissertasiyalarini himoya qildi. 1984 yilda O`zbekiston Fanlar akademiyasining haqiqiy a`zosi etib saylandi.

M.Saidov o`z mehnat faoliyatini 1954 yili Xorazm davlat pedagogika institutida katta o`qituvchi sifatida boshladi. Keyinchalik Samarqand davlat universitetida kafedra mudiri lavozimida ishladi. Mehnat faoliyati davomida Fanlar akademiyasi Fizika-texnika institutida katta ilmiy xodim, laboratoriya mudiri, direktor o`rinbosari, Elektronika institutining direktori, O`zbekiston Fanlar akademiyasi prezidiumi Fizika-matematika bo`limining akademik-kotibi, “O`zgeliotexnika” markazi rahbari kabi mas`ul vazifalarda samarali xizmat qildi.

Zahmatkash olimning yarimo`tkazgichlar texnologiyasi sohasining nazariy va amaliy masalalariga bag`ishlangan ko`plab maqolalari, kitob va monografiyalari yurtimiz va xorijiy mamlakatlar ilmiy jamoatchiligiga yaxshi ma`lum. Uning bir qator ilmiy ishlanmalari iqtisodiyotimiz tarmoqlarida muvaffaqiyatli qo`llanib kelmoqda.

Jonkuyar ustoz, mohir pedagogning bevosita rahbarligida o`nlab fan nomzodlari va fan doktorlari tayyorlangan.

Akademik M.Saidovning mamlakatimiz ilm-fanini rivojlantirish borasidagi xizmatlari davlatimiz tomonidan munosib baholandi. U “O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan fan arbobi” faxriy unvoni, O`zbekiston Respublikasi davlat mukofoti bilan taqdirlangan edi.

Atoqli olim, mehribon ustoz, kamtarin inson Muxtor Saidovning xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi.

Sh.Mirziyoev, T.Norboeva, N.Ismoilov,

A.Aripov, M.Erniyazov, B.Yo`ldoshev

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1