1

Tanzila Narbaeva: "E`tiboringizni bir aholi qatlamiga qaratmoqchiman, ya`ni..."

Siyosat 25.03.2020, 09:30
Tanzila Narbaeva: "E`tiboringizni bir aholi qatlamiga qaratmoqchiman, ya`ni..."

Avval xabar berganimizdek, kecha, 24 mart kuni Oliy Majlis Senatining 3-yalpi majlisi bo`lib o`tdi. Unda senatorlar bir qator masalalarni muhokama qilishdi.

Parlament yuqori palatasining uchinchi yalpi majlisida Oliy Majlis Senati Raisi T.Narbaeva senatorlar oldida turgan muhim vazifalarga ham to`xtaldi.

– Avvalo, senatorlar, mahalliy Kengash deputatlari tomonidan Sog`liqni saqlash vazirligi hamda koronavirus pandemiyasini O`zbekistonda tarqalishining oldini olish Respublika komissiyasi tomonidan berilayotgan tavsiyalarning so`zsiz ijrosini ta`minlashga mas`ul sifatida munosabatda bo`lishimiz kerak, – dedi Senat Raisi. – Xususan, karantin choralari, gigiena qoidalari – hammasi uchun mas`ulmiz. Zero, profilaktika, ogohlik – bugungi kun talabi ekanligiga guvoh bo`lib turibmiz.

Ikkinchi masala, Prezidentimiz tomonidan qabul qilingan koronavirus bilan bog`liq Farmonda tezkor choralar, bajarilishi shart bo`lgan vazifalar belgilangan. Shu munosabat bilan masofaviy ishlash rejimida ham har bir senator o`z vazifalarini aniq belgilab, Farmonda keltirilgan chora-tadbirlarning bajarilishida Hukumat a`zolari va mahalliy hokimliklarga amaliy yordam ko`rsatishlari zarur.

Uchinchi masala – yurtimizda davlatimiz rahbari tomonidan kambag`allikni kamaytirish choralarini ko`rish ishlarini olib borish topshirilgan edi. Bu jarayon ham bevosita mana shunday – epidemiyaga bog`liq qaltis vaziyatlarda o`zining ahamiyati bilan muhim. Shu sababli odamlarimizni kambag`allikdan chiqarish ishlarini susaytirmasdan olib borishimiz kerak.

Hozirgi kunda ta`lim muassasalari tomonidan televidenie orqali o`quvchi va talabalar uchun masofaviy o`qishlar, kitob mutolalari tashkil qilindi. Xuddi shunday tartibni kasb-hunar o`rgatish bo`yicha ham tashkil etish mumkin. Bundan tashqari, tomorqadagi ishlar, banklardan kredit olish tartiblari, biznes-reja tuzish va boshqa shu kabi oilaviy tadbirkorlik, xizmat ko`rsatish sohasidagi mehnat turlari bo`yicha onlayn o`quvlar tashkil etilsa maqsadga muvofiq bo`ladi. Bu masalalarda hududiy OAV, ijtimoiy tarmoqlar imkoniyatidan foydalanish zarur.

To`rtinchi masala – hozirgi kunda karantin qoidalariga binoan barcha aholi o`z uyida. E`tiboringizni bir aholi qatlamiga qaratmoqchiman, ya`ni yakka-yolg`iz, boquvchisiz insonlar, ayniqsa, qariyalarni yoddan chiqarmaslik kerak. Ularning orasida turli xizmat ko`rsatish sohalarida ishlab, kundalik ehtiyojlari uchun  ishlab yurganlar bor. Hozir esa bu imkoniyatlari ham vaqtincha to`xtatilgan. Shu munosabat bilan mana shu toifadagi aholi qatlamlari, keksalarimiz qarovsiz qolmasligiga, ehtiyojmand insonlar yanada muhtoj bo`lib qolmasligiga ahamiyat qaratmog`imiz zarur. Ularga oziq-ovqat, dori-darmon masalalarida yordam tashkil etilsa, to`g`ri bo`lar edi.

Beshinchi masala – senatorlar tashabbusi bilan koronavirusga qarshi olib borilayotgan ishlarga amaliy ko`mak berish, kichkina bo`lsa-da, hissa qo`shish maqsadida “Mehr – shavqat va salomatlik” jamoat fondiga murojaat qilindi. Ushbu fondda ikkilamchi bank hisob raqami ochildi va senatorlar ham o`z hissasalarini qo`shishdi. Bu tashabbus boshqa idoralar tomonidan ham qo`llab-quvvatlandi. 

Oltinichi masala – to`y-marosimlarning o`tkazilishiga yo`l qo`ymaslik. Diniy marosimlarni esa diniy idoralar tavsiyasiga asosan o`tkazish maqsadga muvofiq.

Shu o`rinda, biz, senatorlar bu ishlarga xalqimizga xos bo`lgan mehr-oqibat, hamjihatlikni ta`minlagan holda bor kuch-g`ayratimizni ayamasligimiz kerak.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1