AsosiyJamiyat

Namanganda virus aniqlangan bemor bilan aloqada bo`lgan 54 kishi izolyasiya qilindi

'Namanganda virus aniqlangan bemor bilan aloqada bo`lgan 54 kishi izolyasiya qilindi'ning rasmi

Namangan shahrida 12 mart kuni Turkiyadan kelgan va 24 mart kuni koronavirus tashxisi qo`yilgan bemorning oila a`zolari bo`lgan 11 kishi va u bilan aloqada bo`lgan yana 43 kishi karantinga joylashtirildi.

Namangan viloyat Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi viloyatda koronavirusga chalinish holati bilan bog`liq xabar yuzasidan rasmiy ma`lumot berdi.

Ma`lum qilinishicha, Namangan viloyatida 2020 yilning 24 mart kuni koronavirus infeksiyasi tarqalgan hududlardan kelgan, ya`ni koronavirus infeksiyasiga gumon qilingan shaxslar bilan muloqotda bo`lgani aniqlangan 30 kishi viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasiga karantin kuzatuvi uchun yotqizilgan va ularning barchasidan virusologiya laboratoriyasiga tekshiruv uchun namunalar olingan.

Viloyat Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi virusologiya laboratoriyasi tahlil natijalariga ko`ra, Namangan shahrida yashovchi 1 nafar fuqarodan olingan namunalarda koronavirus infeksiyasi borligi aniqlangan. 

«Olib borilgan epidemiologik surishtiruvlar jarayonida 1995 yilda tug`ilgan ushbu fuqaro 2020 yil 12 mart kuni Istanbul-Toshkent TK-1368 reysi bilan O`zbekistonga kelgan hamda 24 martgacha uy sharoitida tibbiyot xodimlari tomonidan tibbiy kuzatuvga olingani ma`lum bo`ldi. Ushbu fuqaro tadbirkorlik uchun Turkiya davlatiga borib qaytgani aniqlandi», deyiladi Kun.uz’ga taqdim etilgan ma`lumotda. 

Hozirgi kunda ushbu fuqaro bilan oilaviy va yaqin muloqotda bo`lgan 11 nafar fuqaro viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasiga joylashtirilib karantin kuzatuviga olindi. Shuningdek, u bilan ikkilamchi muloqotda bo`lgan 43 nafar fuqaro maxsus jihozlangan izolyatorlarga joylashtirilgan.

Hozirda ularning sog`ligi malakali mutaxassislar tomonidan nazorat qilib borilmoqda. 

Yuqoridagi 54 kishidan virusologik tekshiruv uchun namunalar olingan, hozirda laboratoriya tahlillari davom ettirilmoqda. 

«Ushbu fuqaro bilan muloqotda bo`lganlarni aniqlash bo`yicha epidemiologik surishtiruv ishlari davom ettirilmoqda. Qo`shimcha ma`lumotlar taqdim etiladi. 

Hurmatli viloyatimiz fuqarolari! Sizlarga televidenie, radio, ijtimoiy tarmoqlar orqali koronovirus tarqalishining oldini olish bo`yicha doimiy tavsiyalar berib borilmoqda, biz sizlardan tibbiyot xodimlari tomonidan berilayotgan maslahatlarga, tavsiyalarga amal qilishingizni, zarurat bo`lmagan hollarda ko`chaga chiqmaslikni, o`zingiz va oila a`zolaringizda kasallikning biror alomati sezilganda xonadoningizga 103 telefon orqali tez tibbiy yordam shifokorlarini chaqirishingizni so`raymiz», deydi viloyat Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi bosh vrachi o`rinbosari Davlatali Qosimov.

Eslatib o`tamiz, 25 mart kuni Namangan shahriga kirish va shahardan chiqish to`xtatildi.

Boshqa yangiliklar