AsosiyJamiyat

Bolalar uyda qolganda: sizning farzandingiz yong`in xavfsizligi qoidalarini biladimi?

'Bolalar uyda qolganda: sizning farzandingiz yong`in xavfsizligi qoidalarini biladimi?'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 10 apreldagi “O`zbekiston Respublikasida favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bartaraf etish hamda yong`in xavfsizligini ta`minlashning sifat jihatidan yangi tizimini joriy etish to`g`risida”gi PF-5706-son Farmoniga asosan, Yong`in xavfsizligi instituti Ichki ishlar vazirligi tasarrufidan Favqulodda vaziyatlar vazirligi tizimiga o`tkazilgani, mazkur Farmon asosida Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasi tashkil etilganligini, shu bilan birga hozirgi kunda Respublikamizda favqulodda vaziyatlarni oldini olish va yong`in xavfsizligini ta`minlashga alohida ahamiyat qaratilgan. 

Barchamizga ma`lumki, tilsiz yovdan ehtiyotkorlik bilan foydalanilmasa, oqibatida ko`ngilsizliklar, ba`zan falokatlar, ko`plab moddiy yo`qotishlar kelib chiqishi mumkin. 

Respublikamizning har bir fuqarosi jamoat va davlat mulkini ko`z qorachig`iday saqlashi va asrab-avaylashi, uni boyitishi haqida qayg`urishi lozimdir. Shuni alohida ta`kidlash joizki, profilaktik tadbirlar orqali keng tushunchalar berib borish, sodda qilib tayyorlangan yong`in xavfsizligi qoidalari mujassamlashgan turli targ`ibot materiallarini yosh bolalarga maktabgacha ta`lim muassasalaridan boshlab o`rgatib borish samarali targ`ibotlardan hisoblanadi. Shu bilan birga kattalarning beparvoligi sabab, ming afsuski, yosh bolalarni uyda qarovsiz qoldirish natijasida, o`yinqaroqlik bilan gugurt o`ynab, yong`in kelib chiqishiga sabab bo`ladigan holatlar ham mavjud.

Statistika ma`lumotlari shuni ko`rsatmoqdaki, insonlarning, ayniqsa yosh bolalarning yong`inlarda halok bo`lish hodisalari yilning kuz-qish fasllariga to`g`ri keladi. Bunday hodisalar kattalarning aybi bilan hamda bolalarning olov bilan o`ynashlari oqibatida sodir bo`ladi. Ayrim holatlarda uyda yolg`iz qoldirib ketilgan yosh bolalar kattalarga taqlid qilib gugurt yoqishadi, ko`rinarli joyda qoldirilgan elektr dazmollari va elektr plitalarini yoqishadi. Bu esa bolalarning hatto halok bo`lishlariga va boshqa og`ir oqibatlarga olib keladi. Ko`pchilik holatlarda aksariyat halok bo`lgan bolalarning yoshlari 4-8 yoshni tashkil etadi.

Butun dunyo statistika markazi ("CTIF")ning ma`lumotiga ko`ra jahonda soatiga o`rtacha 1000 ta, bir daqiqada esa 17 ta yong`in sodir bo`ladi. Yong`inlar oqibatida bir soatda o`rtacha 10 nafar, har 100 ta yong`inda 1 nafar inson halok bo`lishi holati kuzatilmoqda.

Ayrim fuqarolarning beparvoligi natijasida va uyda yolg`iz qolgan yosh bolalarning o`yinqaroqligi sababli yong`inlar sodir bo`lmoqda. Jumladan, quyida yong`inlar kelib chiqishi mumkin bo`ladigan holatlarni keltirib o`tish joizdir.

1. O`yinlarga ishtiyoqli bola o`yinchoqni mikroto`lqinli pechga qo`yishi mumkin. Uni yoqsa, mikroto`lqinli pech darhol yonadi.

2. Oshxonada yolg`iz qolgan bola gaz plitani yoqishi mumkin.

3. Bolalar ta`til vaqtida uyda yolg`iz qoldirilishi natijasida gugurt o`ynashi mumkin.

4. Bolalar simlar bilan o`ynashni yaxshi ko`radilar. Agarda bola ochiq turgan simni tortib olsa, tarmoqdagi kuchlanish orqali qisqa tutashuv vujudga kelib, favqulodda holatlar sodir bo`lishiga olib keladi.

Shu o`rinda savol tug`iladi, bolalar olovning dastlabki belgilariga qanday munosabatda bo`lishadi? Olov dahshatli! Bola o`rnida nima qilardingiz? Ha, ular hech kim topa olmaydigan tanho joyda yashirinishadi. Bola xavf haqida xabar bermoqchi bo`lib, qichqirishi mumkin, ammo bunday hollarda ovoz odatda chiqmay qolish mumkin. Shuning uchun ham aytishimiz mumkinki, yosh bolalar 3-6 yoshda ma`lumotni yaxshiroq qabul qiladilar. Bu yoshda siz bolangizga xavfsizlik qoidalarini o`rgatishingiz va yong`in qanday xavfli bo`lishi kerakligini tushuntirishingiz lozim.

Vaqt keladi va bola olovga alohida qiziqishni boshlaydi. Masalan, bola bilan yonayotgan shamga boring, bola issiqlik olovdan kelib chiqishini tushunadi, bu juda issiq bo`lishi mumkin deb o`ylaydi. Yorqin olov bola uchun juda qiziq mavzu bo`lib, shunga o`xshash holatlar bolalarning xotirasida saqlanib qoladi va o`sib ulg`aygan sari bola uning qanchalik xavfli ekanligini bilib boradi.

Esingizda bo`lsin: taqiqlar qiziquvchanlikni qo`zg`atadi, mustaqillik istagini kuchaytiradi va qaytarilmas oqibatlarga olib keladi. Siz esa yong`in sodir bo`ladigan holatlarda, unga qanday munosabatda bo`lishni tushuntiringiz muhim ahamiyatga ega.

1. Bola o`z manzilini, familiyasini, ismini va telefon raqamini bilishi kerak! U bilan ushbu ma`lumotlarni bilib oling.

2. Yonuvchan qurilmalarni bolalar qo`li etmaydigan joyda saqlang.

3. Avvalo o`zingiz namuna bo`lgan holda, elektr jihozlarini, ayniqsa kichik jihozlar (dazmol, fen, qahva qaynatgich, elektr choynak va boshqalar)ni qanday o`chirib qo`yishni ko`rsating.

4. “Gugurt bolalar uchun o`yinchoq” emasligini eslatishni unutmang.

Muxtasar qilib aytganda, yong`in nazorat qilib bo`lmaydigan yonish jarayoni bo`lib, agar har birimiz belgilangan tartib qoidalarga qat`iy amal qilib, ehtiyot choralarini ko`radigan bo`lsak, yosh bolalarga qarovsiz qoldirmasdan, ularga yoshligidan yong`in xavfsizligi qoidalarini uqtirib borsak, joylarda yuz berishi mumkin bo`lgan yong`inlarni oldini olib, nafaqat farzandlarimizni balki o`z hayotimizni saqlab qolgan bo`lamiz.

 

Farhodjon Xojaev,

FVV Akademiyasi 

o`qituvchisi, kapitan.

Sardor Qurbanbaev, 

5-bosqich kursanti.

    Boshqa yangiliklar