"Uy – oila qo`rg`oni" deb donolar bekorga aytishmagan. Buni haqiqat ayni vaqtda butun dunyoni larzaga solgan koronavirus pandemiyasi davrida yana bir bor o`z isbotini topdi. Dunyo xabarlarini kuzatib borayotgan bo`lsangiz, koronavirusning Covid-19 deb nomlangan yangi turi Er yuzidagi barcha mamlakatlarga kirib borishga ulgurdi. Tarixchilar, sosiologlar, infeksionist va boshqa ekspertlar bunday keng qamrovli pandemiya yaqin 50-60 yilda kuzatilmaganligini, jahonda bu xavfli kasallik xurujining talofoti Ikkinchi jahon urushidagidan ham kattaroq ekanligini ta`kidlashmoqda.
Bu virus shu kungacha fanga noma`lum bo`lgani uchun uning tarqalishi va yuqishi, klinik kechishi, kimda og`ir, kimda engil o`tishi borasida hamon aniq faktlar mavjud emas. Fakt shuki butun bunyoda bu virus oqibatida insonlar halok bo`lmoqda. Tibbiyot uni to`liq davolashga va emlash yo`l bilan oldini olishga ojiz. Shifoxonalardagi bemorlar faqat alomatlarga qarshi terapiya bilan davolanmoqda.
Dastlab koronavirus asosan ulug` yoshli insonlar uchun xavfli kechishi ma`lum qilingandi. Ammo bugungi kunda bir necha oy mamlakatlarni aylanib yurgan infeksiya mutasiyaga uchrayotgani va u o`rta yoshlilar, yoshlar va hatto bolalar uchun ham jiddiy xavf tug`dirayotgani aytilmoqda. Mamlakatdagi epidemiologik vaziyat hamda mavjud karantin shartlariga amal qilinmaganda uning har bir oila, har bir fuqaro salomatligiga tahdidi ortib boradi.
Mana nima uchun bu virusga qarshi passiv kurashishimiz, ya`ni unga yuzma-yuz chiqmasdan epidemiya to`lqini o`tib ketguncha panada saqlanishmiz qanchalik muhim. Jang maydonlarida infonlarni bombadan okoplar himoya qilgan. Karantin sharoitida esa bizni, oilamizni o`z uyimiz – qadrdon qo`rg`onimiz ishonchli himoya qila oladi.
Shuning uchun hamyurtlarimizdan iloji bo`lsa umuman ko`chaga chiqmaslikni iltimos qilamiz. Negaki tashqaridan ko`rinmas “dushman”ni qo`limizga, kiyimimizga ilashtirib kelib, o`z yaqinlarimizga yuqtirishimiz, ularning hayotini xavf ostiga qo`yishimiz mumkin.
Hozir hukumatimiz bizning karantinda onlayn faoliyat olib borishimiz, ta`lim olishimiz uchun barcha shart-sharoitlarni yaratmoqda. Kerak bo`lsa oziq-ovqatni ham buyurtma tazida uyga keltirish mumkin.
Biz – “Darakchi” jamoasi ayni paytda uyda ishlayapmiz. Ishxonada qilgan ishimizni uyda bemalol bajaryapmiz. Karantin bizga o`z imkoniyatlarimizni sinab ko`rishga bir imkon berdi desak yanglishmaymiz. Moslashuvchanlik yashovchanlik demakdir.
Biz uydamiz, iltimos, siz ham uydan chiqmang! O`z imkoniyatlaringizni yuzaga chiqaring. Dunyo xabarlaridan ogoh bo`lay desangiz “Darakchi.uz” saytini kuzatib boring!
Manzura BEKJONOVA, "Darakchi.uz" muxbiri