Moliya vazirligida alohida texnik xodimlarning koronavirus test natijalari shubha tug`dirdi va ular keyingi tekshiruvlar uchun klinik karantinga olindi. Bu haqda Vazirlik rasmiy bayonot berdi.
Ma`lui qilinishicha, koronavirus pandemiyasi bilan bog`liq karantin tadbirlari davrida xodimlar, barcha tashrif buyuruvchilar va ularning oila azolari xavfsizligini taminlash maqsadida, O`zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi birinchilardan bo`lib, masofaviy ishlash tartibini joriy qildi. Dastlabki kunlardanoq xodimlarning 40% dan ortig`i, shu jumladan maktabgacha va boshlang`ich sinflar yoshidagi farzandli xodimlar mehnat ta`tiliga chiqarildi.
Vazirlik ustuvor davlat dasturlarini moliyalashtirish va budjet tizimi xodimlariga ish haqlarini o`z vaqtida to`lash, shuningdek, koronavirus infeksiyasining tarqalishiga qarshi kurash choralarini ta`minlash bo`yicha uzluksiz faoliyatini davom ettirmoqda.
Ushbu muhim vazifalar ijrosini taminlash maqsadida, jamoa ishni onlayn shaklda tashkil qilish, shuningdek, xodimlarni o`z-o`zini izolyasiya qilishi yuzasidan qaror qildi.
Moliya vazirligi jamoasi shifokorlar nazorati ostida quyidagi tartibda faoliyat olib boradi:
1. Vazir va vazir o`rinbosarlari boshchiligidagi rahbariyat, asosiy bo`limlarning boshliqlari va alohida xodimlari avvalgidek, vazirlik binosida ish olib boradi.
2. G`aznachilik ham hisobvaraqlar bo`yicha barcha xizmatlarni taqdim etgan holda o`z faoliyatini davom ettiradi. Buning uchun tegishli xodimlar jalb qilinadi va ular alohida binoda mustaqil ishlaydi.
3. Qolgan xodimlar masofadan ishlashni davom ettiradi.
Ish haqi va nafaqalar ajratilishi to`xtamaydi, shuningdek vazirlikka yuklatilgan barcha vazifalar va funksiyalar belgilangan tartibda bajariladi. Viloyat, tuman, shahar moliya va g`aznachilik bo`limlari o`z faoliyatini odatdagidek davom ettiradi.
Vazirlik rahbariyati barcha xodimlarga va ularning oila a`zolariga tushunganlari va qo`llab-quvvatlaganlari uchun minnatdorchilik bildiradi.
Hurmatli fuqarolar, hamkasblar! Moliya vazirligining butun jamoasi nomidan sizlarni uyda qolishga va karantin davrida o`zingizga va yaqinlaringizga g`amxo`rlik qilishga chorlab qolamiz, deya ogohlantirmoqda Moliya vazirligi.