AsosiyJamiyat

9 may kuni O`zbekistondagi barcha maktablarda tinchlik darsi bo`lib o`tadi

O`zbekiston Respublikasi Xalq ta`limi, Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirliklari, O`rta maxsus, kasb-hunar ta`limi markazi tomonidan ushbu darslarni yuqori saviyada tashkil etish uchun tegishli reja ishlab chiqildi, deb xabar beradi uz24.uz nashri O`zA ma`lumotlari asosida.

Shakllantirilgan ishchi guruhi tomonidan “Jasorat, burch, matonat” nomli uslubiy tavsiya hamda Tinchlik darsi ishlanmasi, mashg`ulot uchun maxsus o`quv reja va tavsiyalar yaratilmoqda. Darslar Respublika Ma`naviyat targ`ibot markazi, Milliy g`oya va mafkura ilmiy-amaliy markazi, O`zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati, Xotin-qizlar qo`mitasi va boshqa qator tashkilotlar bilan birgalikda tashkil etiladi. Ularga urush va mehnat fronti faxriylari, elda obro` topgan, katta hayot tajribasiga ega tabarruk otaxon va onaxonlar, olimlar, adabiyot, ma`naviyat, san`at, ta`lim fidoyilari jalb etiladi.

Dars jarayonida bu yilgi bayramning fashizm ustidan qozonilgan g`alabaning 70 yilligiga hamohang nishonlanayotgani, O`zbekistonning g`alabaga qo`shgan hissasi, yurtimizdan frontga jo`nab ketgan o`g`lonlarning jasorati, yurtdoshlarimizning front ortidagi matonatli va fidokorona mehnati, diyorimizga evakuasiya qilingan go`daklar, onalar, qariyalar, bemorlarga ko`rsatilgan mehr-muruvvat, saxovat, bag`rikenglik haqida so`zlab beriladi.

Prezidentimizning “Tarixiy xotirasiz – kelajak yo`q”, «Yuksak ma`naviyat – engilmas kuch”, “O`zbekiston mustaqillikka erishish ostonasida” kabi asarlarida mamlakatimizda, butun mintaqada tinchlikni asrashga doir dolzarb fikrlar Tinchlik darsi davomida o`quvchilarga hayotiy misollar bilan tushuntiriladi.

O`quv dargohlarida urush va mehnat fronti faxriylari bilan davra suhbatlari, muloqotlar tashkil etiladi. Qurolli Kuchlar davlat muzeyi, O`zbekiston tarixi davlat muzeyi, Qatag`on qurbonlari xotirasi muzeyi, joylardagi muzeylarga ekskursiyalar uyushtirilib, ularda o`quvchilar uchun ochiq darslar o`tkaziladi.

Eslatib o`tamiz, bu yil 9 may – Xotira va qadrlash kuni “Jasorat, burch, matonat” shiori ostida nishonlanadi.

 

    Boshqa yangiliklar