AsosiyShou-biznes

“Shum bola”ni tasvirga olish paytida rosmana kaltaklashgan

Milliy adabiyotimizning mashhur namoyondalaridan biri G`afur G`ulomning “Shum bola” komedik asari asosida suratga olingan filmni hamon zo`r qiziqish bilan tomosha qilamiz.

Milliy kinomiz  durdonalari qatoridan munosib o`rin olgan mazkur kinoasar suratga olinganiga salkam qirq yil bo`ldi. Shu munosabat bilan film ijodkorlarini topib,  ular bilan suhbatlashishga va tarixga aylangan suratga olish jarayonlarini yodga olishga qaror qildik...   

“ShUM BOLA” filmi G`afur G`ulomning shu nomli asari asosida 1977 yilda suratga olingan.  

Rejissyor: Damir Salimov

Operator: Timur Qayumov

Bastakor: Rumil Vildanov  

Rassom: Baxtiyor Nazarov

Premera: 1978 yilning may oyida taqdim etilgan.  

Rollarda:  Abduraim Abduvahobov (Qoravoy), Saidkarim Saidoripov (Omon), Xamza Umarov (1925 -1987, Sulton o`g`ri, kissavurlar boshlig`i), Vohid Qodirov (1925-1992. Boy ota), Abdulxayr Qosimov (1907 - 2001. Madrasa imomi), Baxtiyor Ixtiyorov (devona), Sagdi Tabibullaev (1906-2000. Safar ota), Ergash Karimov (1935-2009. domla), Rixsi Ibragimova (Qoravoyning onasi) va boshqalar.

Filmning qisqacha mazmuni: 

Film bosh qahramoni Qoravoy ismli shum bola. U navbatdagi sho`xligi uchun  onasining kaltagidan qochib, o`z uyini tark etadi. Shundan keyin turli sarguzashtlarni boshidan kechirib, tinmasligi sabab  har xil qaltis vaziyatlarga duch keladi va o`z uyiga qaytadi.  

                “QORAVOYNI O`YNAShIMGA QARShI BO`LIShGAN”

Abduraim Abduvahobov, O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist:

Film suratga olinishidan avval bolalar gazetasida kasting e`lon qilingandi. G`afur G`ulomning “Shum bola” asarini men beshinchi sinfligimda o`qigan edim. Birinchi marta 1968 yilda shum bola roli O`zbekiston Xalq artisti Xayrulla Sa`diev tetartda maromiga etkazib o`ynagan edi. Xullas, “Shum bola” filmiga  kastingdan o`tganimdan so`ng asarni qayta o`qib chiqqanman. Uchinchi sinfda o`qib yurganimda “Otalar so`zi — aqlning ko`zi” teleko`rsatuvi boshlovchisi, rejissyor Mirabbos Mirzaahmedov boshchiligidagi drama to`garagiga qatnashardim,  “Shum bola” filmi uchun kasting e`lon qilinganda Qoravoy roliga meni Mirabbos aka tavsiya qilganlar. Avvaliga shum bola roli Saidkarim Saidoripov tasdiqlangan. Filmning s`yomka jarayolari boshlanganidan so`ng maslahatlashib, bosh rolga meni suratga oladigan bo`lishdi. Film badiiy kengashida bosh rol uchun juda katta tortishuvlar bo`lgan “Bu bola do`mboqqina bo`lsa, qanday  qilib nochor oilaning bolasiga o`xshasin” deb shum bolani ijro etishimga unashmagan...

Drama to`garagiga qatnashib yurgan paytlarimning o`zidayoq men aktyor bo`lishga oshiqqanman. Shum bola rolini o`ynab, tomoshabinlar yaxshi kutib olganidan so`ng qarorim yanada qat`iylashib, demak, to`g`ri yo`ni tanlagan ekanman, deb o`yladim.

Filmda men uchun ijrosi qiyin kechgan kadrlar bo`lmagan. Sababi, men o`z zamonining darg`alari — Hamza Umarov, Ergash Karimov, Vohid Qodirov, Rixsi Ibrohimova singari buyuk artistlar bilan birga rol ijro etganman, ularning sabog`ini olganman. Bola bo`lganim uchunmi, menga filmdagi voqealar xuddi hayotda bo`layotgandek tuyulardi.  Rejissyor  va aktyorlar menga rolimning mazmunini shunday tushuntirib qo`yishgan ediki, ijro jarayonida tabiiy kulib, tabiiy yig`laganman. Ayniqsa, Hamza Umarovning jiddiy qarashlari, salobat bilan gapirishlari meni ijro jarayonida sergak tutib turardi.  Aktyorlarning mahorati va partnyorlarning  ijobiy ma`nodagi turtkisi sabab, ko`plab kadrlar repetisiyaning o`zidayoq “pishib”, suratga olinardi.

Filmning muvaffaqiyati asarni hamma o`qiganligida. “Shum bola”asari G`afur G`ulom tomonidan juda mukammal yozilgan. Asarning ellik foizinigina suratga olganmiz. Agar asardagi har bir voqeaga to`xtaladigan bo`lsak, butun boshli serial suratga olinardi. Film suratga olinganiga salkam 40 yil bo`ptiki, tomoshabin hamon klassik kinoasar sifatida tomosha qilib kelyapti. Hisoblab ko`rsak, filmni kamida o`smir yoshidagi uch avlod ko`rishga ulguribdi.  O`sha qiyofam hali ham saqlanib qolganligi uchun ko`chada ko`rib qolgan muxlislar,  aniqsa, bolalar “Ana, shum bola kelyapti”, deb qiyqirishadi. 

ROSMANA KALTAKLAShGAN...

— S`yomka jarayonida meni xipchin bilan rostmana kaltaklashgani bois, orqalarim zirqirab, tuni bilan og`rib chiqardi. Shunday qilmasa ham bo`lmasdi. Sababi, men voqealarning rostdan bo`layotganga ishonmasligim, o`sha davr og`irligini his qilmasligim mumkin edi. Shu bois rejissyor aktyorlardan  meni rostdan kaltaklashlarini iltimos qilgan. Kaltak zo`ridan o`sha davr og`irligini yaxshigina his qilganman...

 Filmda tuxumni o`g`irlab do`ppimning ichiga yashirib qo`yganimda onam (Rixsi Ibrohimova) boshimga mushtlaydigan kadr bor... Aynan shu kadr qayta-qayta suratga olingan, hammasi bo`lib boshimda bir quti tuxum chaqilgan. Tuxum yumaloqligi bois do`ppining ostidan tushib ketaverardi. Tuxum shilimshiq bo`lganligi uchun, sochlarimda qotib qolar, har bir dubldan oldin sochimni yuvishimga to`g`ri kelgan. Tuxumning hidiga zo`rg`a chidaganimni gapirmasam ham bo`lar (kuladi)...  

“Devonaning dardi bor edi”

Baxtiyor Ixtiyorov, O`zbekiston xalq artisti:

— O`sha paytlarda mahalladagi devonalarni sog`aysin degan maqsadda masjid  oldiga bog`lab qo`yishgan. Masjidga namoz o`qigani kelganlarning har bari “Dard o`tsa, sog`ayadi”, degan maqsadda devonani birma-bir kaltaklab ketaverishi kerak edi. Bu sahna suratga olinmaganligi bois obrazimning shu qismi unchalik aniq chiqmagan. E`tibor bergan bo`lsangiz, filmda ham ko`cha-ko`yda odamlar bergan non va ovqatlar bilan qornimni to`ydirib, yana kelib joyimga o`zim o`tiraman. Zanjirni ham qo`limga o`zim bog`layman... Kinoning shu kadri noaniq chiqib qolgan... Lekin rolim juda ishonarli chiqqanini, ko`zida dardi borligini muxlislar ko`p bora ta`kidlashgan.

“MENI YIG`LATGAN KADRLAR”

Rixsi Ibrohimova, O`zbekiston Xalq artisti:

Rejissyor Damir Salimov meni to`satdan  shum bolaning onasi roliga taklif etdi.  Juda xursand bo`ldim, sababi shunga o`xshash milliy filmlarda suratga tushishni juda yaxshi ko`raman.  Eski shahar hududi ilgari “go`sht bozor” deya yuritilib, shaharning tor ko`chalarida berkinib go`sht sotishardi. Bozor, savdo-sotiq ham erkin emasdi. Kimdir “qoch, melisa keldi”, desa, sotuvchilar qo`lidagi narsasini duch kelgan odamning qo`liga tutib, qochib qolishardi. Film ana shunday og`ir davrda suratga olingan.  Film oxirida Qoravoynning onasi o`lib, qayoqqa borishini bilmay qolgan kadrini ko`rsam, o`zimni yig`idan to`xtatolmayman.  Filmda ilk sahnalar bizning  xonadonimiz suratga olingan. Avvaliga Qoravoyni Saidkarim  Saidumarov o`ynayotgan edi.  Saidkomil tortinchoqligi sababmi, bir-ikkita dublda ham Qoravoyni o`ynolmadi.   Men “Boshimga bitgan balo bo`lding”, deya uning boshiga mushtlaganimda ham  holatga kira olmayapti.  Abduraim Abduvahobov esa buyoqdan “Men o`ynay, men o`ynab beray”, deya toychoqdek kishnab turipti (kuladi).  Ko`pchilik bosh rolga tasdiqlaganidan so`ng, Abdurayim Qoravoyni o`ynaydigan bo`ldi. Filmdagi  “kichkina qizim”ing taqdiri haqida hech narsa bilmaymiz. Yaqinda filmdagi “katta qizim” Nazira Akbarovani ko`rib qoldim. Hozir oilali, bola-chaqali bo`lib ketgan,  chet elda yashayotgan ekan.

      BESh OY EKRANGA ChIQARIShMAGAN  

Damir Salimov, rejissyor, O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan san`at arbobi:

Filmning boshidagi sahnalar Eski shaharning tor ko`chalari, Chaqar, Sag`bon mahallalarida, bozor sahnalari, Andijonda, eski ko`chalar va uylardagi kadrlar esa,  Isfarada suratga olingan. Isfara o`sha paytda elektor simlari o`tmagan, chekka, loy tomli uylar, o`rikzor bog`lar, tog`lar, suvlari sharqirab turgan hudud   bo`lib, bizning filmimiz uchun ayni muddao edi.

Film ko`plab muxlislar yuragini zabt etdi. Ammo rejissyor sifatida kamchiliklarim ko`pligini bilaman. O`sha kamchiliklar kerakli kadr va epizodik rollarning kesib tashlanganligi sabab yuzaga kelgan. Shu bois  filmning ayrim qismlari mavhum bo`lib qolgan. Film bolalar komediyasi bo`lsa-da, unda o`z davrining og`ir muammolari aks ettirilgan edi... Bu esa ayrim  idoralarning  e`tiroziga sabab bo`ldi. Hatto film tayyor bo`lganida keyin ham besh oy davomida efirga uzatilmadi.   

AKTYoRLAR MAOShSIZ TER TO`KIShGAN 

Film jamoasi tekinga suratga tushgan, desam ehtimol hech kim ishonmas, lekin bu bor gap...   Film byudjeti uchun oz mablag` ajratilgan  bo`lib, aktyorlarni tekin suratga tushishga ko`ndirganmiz. Aslida esa bu superpostanovkali film byudjeti o`sha paytda kamida bir necha million rublni tashkil etishi kerak edi. “Mosfilm” hech qachon bunchalik kam mablag` bilan film suratga olmagani uchun bizga hayron qolgan. Sababi, biz fidoyi edik...  

Film suratga olinib, uni rus tilida ovozlashtirish ishlari boshlanganida O`zbekiston Xalq artisti Hamza Umarovga ovoz berish uchun  Moskvadan taniqli artistlardan biri  Armen Jigarxanyanni taklif etdim. U Toshkentga kelib, filmdagi obrazga ikki soatda ovoz beraman, deb o`ylagan ekan. Ammo Hamza Umarovning obrazini ko`rib, uning monologini tinglaganidan so`ng o`ylanib qoldi va “Qanday buyuk aktyor, ishonish qiyin!” deb lol bo`ldi. Ertasiga yana studiyaga keldi. Bilasizmi, Hamza Umarovning aktyorlik mahoratidan juda kam foydalanganimizdan afsuslanaman. U istalgan rolni qoyilmaqom qilib o`ynashi mumkin edi.  Shu o`rinda O`zbekiston Xalq artisti Baxtiyor Ixtirov ham o`z rolini mahorat bilan  o`ynaganini  ta`kidlash joiz. Aslida u devona emas, shunchaki o`z davrining og`riqlarini bilmayotganga, ko`rmayotganga olardi xalos...  Agar e`tibor bergan bo`lsangiz filmda ham ko`cha-ko`ydan odamlar bergan non-ovqatlarni eb, hech kimga aralashmaydigan devona qo`lini ham o`zi borib zanjirga bog`laydi. Ammo uning ko`zlari bo`layotgan voqealarni his qila olmayotgan devonaniki emas... 

Film ssenariy muallifi ham  menman. Filmning ilk  ssenariysini qo`limga tutqazishganda varaqlab ko`rib, haqiqiy teatr uchun yozilgan kassabop pesani o`qigandek bo`ldim. Agar o`sha  ssenariy asosida  film suratga olganimda muvaffaqiyat qozonmagan bo`lardi, deb o`ylayman. Men “Shum bola” filmi ekranlashtirilidan bir nechya yil avval s`yomka jarayonlari uchun tuzgan rejalarim, fikrlarimni qog`ozga tushirib, asar muallifi G`afur G`ulomga o`qib bergandim. G`afur G`ulom esa shahd bilan o`rnidan turib menga shunday deganlar “Sen o`qib bergan rejalar  juda qiziqarli...  Filmni qanday tasavvur qilgan bo`lsang shunday suratga ol... Senga ishonaman!”. U shunday deb qo`limni siqib qo`ydi. Bu bizning buyuk yozuvchi bilan bo`lgan oxirgi uchrashuvimiz edi....

Shundan so`ng oradan yillar o`tib, “Shum bola” asari uchun qayta ssenariy yozib, o`zim yozgan ssenariy asosida filmni suratga olishni boshladim...   

Qiziqarli ma`lumotlar:

  • S`yomka guruhi jamoasi 50 ga yaqin kishini tashkil etgan. Filmda ommaviy sahnalarni ham hisobga olganda salkam 6.000 ming kishi ishtirok etgan. 
  • Filmda Boy otaning “Innaykeyinchi?” degan so`zi milliy filmlarimizdagi  eng uchar so`zlar qatoriga kiradi.
  • Filmda Qoravoyning singlisi — Shafoat rolini ijro etgan qiz Nargiza Akbarova ayni damda chet elda istiqomat qilyapti.

    Mohichehra EShMIRZAEVA

    Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

    Boshqa yangiliklar