Munosib mehnat - farovon hayotga poydevor. Ayni shu maqsadga erishish fuqarolarning munosib mehnat sharoitlariga bo`lgan huquqlarini ta`minlashda namoyon bo`ladi. Bu borada esa kasaba uyushmalarining alohida o`rni bor. Mazkur uyushmalar ana shu majburiyat va mas`uliyatni bajarishda bugungi kunda jahon standartlari darajasida o`z faoliyatini yo`lga qo`ygan.
Bugun poytaxtimizda “Fuqarolarning munosib mehnat sharoitlariga bo`lgan huquqlari kafolatlarini ta`minlashda kasaba uyushmalarining roli: O`zbekiston tajribasi” mavzusida boshlangan xalqaro konferensiya ayni shu jihatlarni qamrab oldi.
22-23 aprel kunlari bo`lib o`tadigan ushbu mavzudagi xalqaro konferensiya O`zbekiston kasaba uyushmalari federasiyasi tomonidan mahalliy va xorijiy hamkorlar ishtirokida tashkil etildi.
Konferensiyada Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT)ning bosh mutaxassisi, mehnatkashlar faoliyati bo`yicha Byuro (ACTRAV) vakili Sergeyus Glovaskas, Xalqaro kasaba uyushmalari konfederasiyasi bosh kotibining o`rinbosari Yaap Vinen va bir qancha xorijiy hamkorlar so`zga chiqib, yurtimizda aholi turmush darajasini yuksaltirish, xodimlarning munosib ish haqi va xavfsiz mehnat sharoitlariga bo`lgan huquqlari kafolatlarini ta`minlash bo`yicha keng ko`lamli tadbirlar amalga oshirilganligini ta`kidladilar. Mehnat qonunchiligini takomillashtirish, mehnat bozorini tartibga solish, kasbga tayyorlash, pensiya tizimi, ijtimoiy muloqot kabi muhim sohalarda ko`plab tizimli ishlar amalga oshirilganligiga erishilgani e`tirof etildi.
Shuningdek, konferensiya ishtirokchilari tomonidan O`zbekiston Respublikasi va XMT o`rtasida 2014 yilda “O`zbekiston Respublikasida 2014-2016 yillar uchun munosib mehnat dasturi”ning imzolanishi mazkur yo`nalishdagi ishlarni yanada takomillashtirishda muhim qadam bo`lganiga alohida e`tibor qaratildi.
Ta`kidlash kerakki, O`zbekistonda mamlakat hukumati, Kasaba uyushmalari Federasiyasi Kengashi va savdo-sanoat palatasi o`rtasida 2014-2016 yillar uchun ijtimoiy-iqtisodiy masalalarga oid Bosh kelishuv amal qilmoqda. Mazkur hujjat orqali xodimlarning turli toifalari uchun munosib mehnat sharoitlari yaratilishini ta`minlovchi kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirilishi ko`zda tutilgan.





