1

Tanzila Narbaeva Rossiyadagi O`zbekiston fuqarolarining muammolarini tezkorlik bilan hal qilishda yordam so`rab Valentina Matvienkoga maktub yo`lladi

Siyosat 10.04.2020, 18:37
Tanzila Narbaeva Rossiyadagi O`zbekiston fuqarolarining muammolarini tezkorlik bilan hal qilishda yordam so`rab Valentina Matvienkoga maktub yo`lladi

Ijtimoiy tarmoqlar orqali Oliy Majlis Senatiga Rossiya Federasiyasida hozirgi murakkab sharoitda ishsiz, mablag`siz qolgan fuqarolarimizdan karantin tugaguncha va mehnat bozori to`liq tiklanguniga qadar patentni qayta rasmiylashtirish, bekor qilish, jismoniy shaxslar daromadidan olinadigan soliqning to`lash muddatini kechiktirish imkoniyatini ko`rib chiqish masalasida yordam so`rab murojaatlar kelib tushmoqda.

Ushbu masala yuzasidan O`zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan joriy yil 5 aprel kuni Rossiya Federasiyasi Tashqi ishlar vazirligiga nota yuborilgan.

Shuningdek, 8 aprel kuni O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbaeva Rossiya Federasiyasi Federal Majlisi Federasiya Kengashi Raisi Valentina Matvienkoga maktub yo`lladi. Bu haqda Senat ma`lum qilmoqda.

Maktubda qardosh Rossiya xalqiga epidemiyani tez orada engib o`tishiga chin dildan tilak bildirib, global koronavirus pandemiyasi sharoitida ikki mamlakat o`rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash, shu jumladan, parlamentlararo muloqotni qo`llab-quvvatlash alohida ahamiyat kasb etishi qayd etilgan.

O`zbekiston Rossiya Federasiyasi hukumatining fuqarolarimizning Rossiyada bo`lib turishi uchun ruxsat etilgan muddatni uzaytirish hamda mamlakat tashqarisiga chiqish zaruratisiz mehnat faoliyatini davom ettirish uchun yangi patentlar olish shartlarini engillashtirish bo`yicha qarorini qo`llab-quvvatlagan.

Shu bilan birga, Rossiya Federasiyasida bo`lib turgan O`zbekiston fuqarolarining yuqorida qayd etilgan muammolariga ham e`tibor qaratilib, ularni tezkorlik bilan hal qilishda amaliy yordam ko`rsatish so`ralgan.

Umid qilamizki, hozirda insoniyat oldida turgan og`ir damlarda O`zbekiston parlamenti va hukumatining mamlakatimiz fuqarolari manfaatlari yo`lida qilgan ushbu murojaati vatanimizning azaliy do`sti bo`lmish Rossiya davlatida o`zining ijobiy javobini topadi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1