AsosiyJamiyat

Adliya vaziri: "Pandemiyadan so`ng dunyo avvalgidek bo`lmaydi. Yuristlar yangi munosabatlarning huquqiy ko`magini ta`minlaydi"

Avval xabar berilganidek, O`zbekiston adliya vaziri Ruslanbek Davletov onlayn rejimida pan...

'Adliya vaziri: "Pandemiyadan so`ng dunyo avvalgidek bo`lmaydi. Yuristlar yangi munosabatlarning huquqiy ko`magini ta`minlaydi"'ning rasmi

Avval xabar berilganidek, O`zbekiston adliya vaziri Ruslanbek Davletov onlayn rejimida pandemiya sharoitida jamiyat hayotining dolzarb huquqiy jihatlariga bag`ishlangan 9 ½: «Koronavirus qonunlari» maxsus xalqaro forumida ishtirok etmoqda. 

Adliya vazirlarining ochiq yig`ilishida ishtirok etar ekan, R. Davletov yig`ilganlarga O`zbekiston o`z salohiyatiga tayangan holda, shuningdek boshqa davlatlar tajribasi va JST tavsiyalaridan kelib chiqib COVID-19 tarqalishi bilan qanday kurashayotgani haqida ma`lumot berdi.

Xususan, vazir respublikada rejimlarning eng egiluvchani hisoblangan cheklovchi tadbirlar, ya`ni karantin joriy etilganini ma`lum qildi. U yuqumli kasalliklar tarqalishining oldini olishga qaratilgan, xo`jalik faoliyati va boshqa faoliyatning alohida tartibini, aholi, transport vositalari, yuklar va (yoki) tovarlar harakatlanishining cheklanishini nazarda tutadigan ma`muriy, tibbiy-sanitariya chora-tadbirlari va boshqa chora-tadbirlarni ko`zda tutadi.

“Hech bir davlat bunday inqirozli vaziyatlarda qanday harakat qilish to`g`risida instruksiyaga ega emas. Chora-tadbirlar zarur hollarda shoshilinch ravishda belgilanadi va qabul qilinadi. Bunda shubhasiz jamiyat, davlat va inson huquqlari uyg`unligi eng muhim omillardan bo`lishi kerak», — deya ta`kidladi R. Davletov.

O`zbekistonda koronavirus infeksiyasi tarqalishi munosabati bilan kompleks va tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilayotgani qayd etildi. Xususan, barcha ta`lim va diniy muassalar vaqtincha yopildi, internet va televidenie orqali masofaviy ta`lim amaliyoti yo`lga qo`yildi, xalqaro va ichki transport qatnovlari to`xtatildi, yirik shaharlar, hududlararo avtomototransport harakatlanishi cheklandi, yolg`on xabarlar tarqatish va karantin qoidalarini buzganlik uchun jinoiy javobgarlik kuchaytirildi. 

Qator oliy o`quv yurtlari, jumladan Toshkent davlat yuridik universiteti tomonidan masofaviy ta`lim tizimi yo`lga qo`yildi. Maktab o`quvchilari va bog`cha tarbiyalanuvchilari uchun bir nechta telekanal orqali mashg`ulotlar efirga uzatilmoqda. Bunday ish formati ayniqsa aholining Internetga ulanish imkoni bo`lmagan qishloq joylari va olis tumanlarda o`zini oqladi. 

Vazir ta`kidlaganidek, karantin davrida davlat boshqaruvi “qo`lda ishlash” rejimiga o`tkazildi. Maxsus Respublika komissiyasi faoliyatining mutlaqo ochiqligi ta`minlandi. Aholini xabardor qilish bo`yicha shtab tashkil etildi.Xususan, aholini tezkor va haqqoniy ravishda xabardor qiluvchi 1,3 million nafardan ziyod obunachiga ega maxsus Telegram-kanal faoliyat yuritmoqda. 

Bundan tashqari, COVID-19ning ommaviy tarqalishi xatarini kamaytirish maqsadida O`zbekistonda korxona va tashkilotlar, jumladan davlat organlari, xodimlariga mulkchilik shaklidan qat`iy nazar mehnat ta`tili berildi, ularning bir qismi masofadan turib ishlashga o`tkazildi. Xususan, Adliya vazirligida ham xodimlarning 90 foizi masofadan turib ishlashga o`tkazildi. 

Karantin sharoitida qonun ijodkorligi sohasi axbrot texnologiyalari tufayli bunday o`zgarishlarga eng tayyor soha ekanligi ma`lum bo`ldi. O`tgan yildan boshlab me`yoriy-huquqiy hujjatlar loyihalarini elektron tarzda ishlab chiqish va kelishish tartibi amal qilmoqda. 

«Mazkur tizimga 200 ta tashkilot, jumladan yurtimizning yirik kompaniyalari, banklari, assosiasiya va konsernlari ulangan. Natijada respublikamizda qonun ijodkorligi jarayoni samarali davom etmoqda va tezkor ravishda virus bilan kurashish bo`yicha yangi qonunchilik hujjatlari qabul qilinmoqda. Masalan, haqiqatdan mutlaqo yiroq bo`lgan ma`lumotlar (feyklar) tarqatish, shuningdek karantin qoidalarini buzganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish bo`yicha qonunlar qabul qilindi», — dedi R. Davletov.

Elektron onlayn-mexanizmlardan foydalanish davlat xizmatlari ko`rsatish sohasida ustuvor ahamiyat kasb etadi. Shu tariqa, notariuslar faqatgina zarur hollarda e-notarius.uz sayti orqali elektron navbatdan o`tilgandan so`ng qabul qilmoqda. Davlat xizmatlari ham onlayn tarzda my.gov.uz portali orqali, o`ta zarur hollarda esa davlat xizmatlari binolarida ko`rsatilmoqda.

R. Davletov inqiroz davrida dunyo kooperasiyasini rivojlantirish, ijtimoiy munosabatlarni raqamlashtirishning huquqiy asoslarini faollashtirish, karantin sharoitida huquq va erkinliklarni ta`minlash bo`yicha qator takliflarni ilgari surdi. Xususan, u davlatlar o`rtasida huquqiy yordam ko`rsatish tizimini elektron platformaga o`tkazish, pandemiya sharoitida huquqiy axborot almashish uchun xalqaro onlayn platforma yaratish muhimligini qayd etdi. 

«Bizning bugungi kundagi asosiy burchimiz barchaga pandemiya sabab yuzaga kelgan yuridik va huquqni qo`llashga oid masalalarga echim topishga ko`maklashishdan iborat. Uzoq istiqbolga mo`ljallangan vazifamiz esa — koronavirus pandemiyasiga o`xshash omillar yuzaga kelganda davlat, jamiyat va shaxsning barqaror faoliyatini ta`minlovchi huquqiy bazani shakllantirishdan iborat. Bundan buyon dunyo biz barcha munosabatlarda ko`nikib qolgandek bo`lmasligi ayon. Qoidalari biz, yuristlar tomonidan huquqiy jihatdan rasmiylashtiriladigan yangi munosabatlar, jumladan xalqaro miqyosdagi munosabatlarni shakllantirish bosqichiga qadam qo`ymoqdamiz», — o`z so`zini yakunladi R. Davletov.

Adliya vazirligi

Jamoatchilik bilan aloqalar bo`limi

    Boshqa yangiliklar