Toshkent shahrining Yunusobod tumanida sinov loyihasi davomida joriy qilingan elektr energiyasi iste`molining bazaviy me`yori bekor qilindi. Bu haqda Energetika vazirligi ma`lum qildi.
Vazirlik matbuot xizmati xabariga ko`ra, shu yilning mart oyida Energetika vazirligi karantin bilan bog`liq bo`lgan va bunda aholi asosan vaqtini uyida o`tkazishini hisobga olgan holda barcha abonentlarga hozirgi paytda elektr energiyasi uchun haq to`lashda teng sharoit yaratish maqsadida Moliya vazirligiga ushbu tajribani bekor qilish haqidagi murojaat yo`llagan.
Moliya vazirligidan 2020 yil 25 martda olingan javobga muvofiq, Toshkent shahar Yunusobod tumanida elektr energiyasi iste`molining bazaviy me`yorini yuritish bekor qilingan.
Eslatib o`tamiz, 2019 yil 1 yanvardan poytaxtning Yunusobod tumanida elektr energiyasi iste`molining bazaviy me`yori haq to`lashga doir yangi sinov tizimi joriy etilgandi. Bunda yoqilg`i-energetika resurslaridan oqilona foydalanish nazarda tutilgandi. Ya`ni har bir abonent uchun bir oyga 300 kV/soat miqdorida limit joriy etilgandi. Elektr energiyasi iste`moli ushbu me`yordan oshgan taqdirda, har bir kV/soat elektr energiyasi uchun 1,2 baravar miqdorda qimmat tarif qo`llanilgan.






