1

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Koreya Respublikasi Prezidenti bilan telefon orqali muloqoti qildi

Siyosat 13.04.2020, 14:24
O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Koreya Respublikasi Prezidenti bilan telefon orqali muloqoti qildi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 13 aprel kuni Koreya Respublikasi Prezidenti Mun Chje In bilan telefon orqali muloqot qildi.

Suhbatda davlat rahbarlari an`anaviy do`stona va samimiy ruhda ikki tomonlama alohida strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash va ko`p qirrali hamkorlikni, birinchi navbatda savdo-iqtisodiy sohada kengaytirishning dolzarb masalalarini muhokama qildilar hamda ayrim mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik mavzular yuzasidan fikr almashdilar.

Koronavirus infeksiyasining tarqalishiga qarshi kurashishda hamkorlikni davom ettirish va sa`y-harakatlarni birlashtirishga alohida e`tibor qaratildi.

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti pandemiyaga qarshi kurashda ko`rsatilayotgan amaliy ko`mak uchun Mun Chje Inga samimiy minnatdorlik bildirdi. Xususan, mart oyining oxiridan mamlakatimizda koreyalik professor – epidemiolog mutaxassis faol ishlamoqda, bilim va ko`nikmalari bilan o`rtoqlashmoqda. Shu oyda mazkur diyordan yurtimizga yana bir tajribali mutaxassis – anesteziolog-reanimatologning kelishi kutilmoqda. Fuqarolarimizni evakuasiya qilish va zarur tibbiyot vositalari etkazish uchun charter reyslar tashkil etildi.

Prezidentlar ikki mamlakat o`rtasida amaliy hamkorlikni kengaytirishga hamda O`zbekistonda Koreya tibbiyotining, shu jumladan karantin tadbirlarini tashkil etish, kasalliklarni aniqlash va davolash, reabilitasiya tadbirlarini o`tkazish, tibbiy kadrlar malakasini oshirish borasidagi ilg`or tajribasini samarali joriy etishga qat`iy intilishlarini qayd etdilar.

Ikki davlat sog`liqni saqlash vazirliklari va etakchi tibbiyot markazlari o`rtasida sa`y-harakatlarni yaqindan muvofiqlashtirish va tezkor hamkorlikni yo`lga qo`yishga kelishib olindi.

Muloqotda Prezidentlar mamlakatlarimiz o`rtasida savdo-iqtisodiy, investisiyaviy, moliyaviy va ilmiy-innovasion hamkorlikda erishilgan sur`atlarni saqlab qolish masalalariga batafsil to`xtaldilar.

Janubiy Koreyaning etakchi kompaniyalari ishtirokidagi ustuvor investisiya loyihalari hamda ushbu mamlakat Eksimbanki va «EDCF» jamg`armasi ishtirokidagi ijtimoiy ahamiyatga ega dasturlarning amalga oshirilishi tahlil qilindi.

Savdo hajmi va qo`shma korxonalar soni sezilarli darajada ortgani mamnuniyat bilan qayd etilib, bu ishbilarmon doiralarning o`zaro qiziqishi kuchayib borayotganiga dalolat ekani haqida yakdil fikr bildirildi.

O`tgan yil aprel oyida mamlakatimizga amalga oshirilgan oliy darajadagi tashrif chog`ida erishilgan kelishuvlarni to`liq amalga oshirish hamda Seulda bo`lajak uchrashuvga puxta tayyorgarlik ko`rish maqsadida O`zbekiston Respublikasi va Koreya Respublikasi hukumatlari darajasida faol muloqotlar va almashinuvlarni davom ettirish zarurligi ta`kidlandi.

Telefon muloqoti yakunida Prezident Mun Chje In Koreya Respublikasi birodar O`zbekistonga bugun dolzarb bo`lib turgan qiyinchiliklar va zamonaviy xatarlarni tez fursatlarda engib o`tishda barcha zarur yordam va ko`makni ko`rsatishga tayyor ekanini yana bir bor bildirdi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1