Adliya vaziriligining xabar berishicha, Prezident tomonidan “Xorazm viloyati tarkibida Tuproqqal`a tumanini tashkil etish bilan bog`liq tashkiliy masalalarni hal etish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qaror qabul qilingan.
Qarorga muvofiq, Xorazm viloyati tarkibida Tuproqqal`a tumani hokimligi tashkil etildi.
Qaror bilan davlat boshqaruvi organlari va xo`jalik birlashmalarining Tuproqqal`a tumanidagi bo`linmalari ro`yxati hamda ushbu tumanni tashkil etish bilan bog`liq tashkiliy masalalarni hal etish bo`yicha respublika komissiyasi tarkibi tasdiqlandi.
Respublika komissiyasi tumanni tashkil etish bilan bog`liq zarur kompleks tashkiliy-texnik tadbirlar rejasini ishlab chiqadi, shuningdek yuzaga keladigan ijtimoiy masalalarning o`z vaqtida hal etilishini ta`minlaydi.
Tumanda qo`shimcha shtat birliklari ajratilgan holda adliya bo`limi va fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlari, shuningdek davlat xizmatlari markazi tashkil etiladi.
2020 yil 1 sentyabrga qadar tuman markazining 2035 yilgacha bo`lgan bosh rejasi ishlab chiqiladi.
Shuningdek, tumanning butun hududi uchun “Hazorasp” erkin iqtisodiy zonasida belgilangan imtiyoz va preferensiyalar amal qilishi belgilandi.