AsosiyJamiyat

MY5 telekanalining “8-SINOVI” nomini oqlolmayapti…

Tahririyatimizga “Mening yurtim” telekanali orqali har haftaning seshanbasida efirga beriladigan “8-sinov” ko`rsatuvi haqida e`tirozli qo`ng`iroqlar bo`lgani sabab, ushbu ko`rsatuv haqida batafsilroq yozishga ahd qildik...

“Mening yurtim” telekanalini maroq bilan tomosha qilaman. Unda turli yoshdagi tomoshabin uchun mo`ljallangan ko`rsatuvlar talaygina. Buning uchun telekanal ijodkorlariga o`z minnatdorchiligimni bildiraman. Tahririyatga qo`ng`iroq qilishimdan yana bir maqsad bor. Aniqrog`i, har hafta efirga beriladigan “8-sinov” ko`rsatuvini anchadan beri kuzatib boraman. Va hayratimni yashira olmayman. Boisi dasturga tashrif buyurgan mehmon savol-javob shartidan muvaffaqiyatli o`tganini ko`rib, sun`iylikni his qilaman. Masalan, kuni kecha “Xo`ja” guruhi yakkaxoni Izzat Ibragimov bilan bo`lgan ko`rsatuvni olaylik. Xonanda tez aytishni shu darajada tez takrorlayapti-ki, uni kuzatib turib beixtiyor “tayyorgarliksiz qanday qilib, bu darajada tez aytish mumkin?” degan savol tug`iladi. Ko`rsatuv nomiga mos tarzda haqiqiy sinov tarzida bo`lishi kerakmasmi?

Nigina Akbarova, Toshkent shahri   

Tahririyatga bo`lgan bir nechta qo`ng`iroqlardan so`ng teletomoshabinlar fikri bilan qiziqdim. So`rovim shuni tasdiqladiki, “8-sinov” ko`rsatuvi faqatgina “yashirin kuzatuv” sharti bilan tomoshabinga qiziq ekan. Qolgan shartlari borasida “Sun`iylik bor, ko`rsatuv mehmonlari bilan avvaldan kelishib olingandek”, degan fikrlarni eshitdim...

Ko`rsatuv teletomoshabin uchun tayyorlanar ekan, demak ular doim haq. Shunday ekan, muxlislar va efir vaqtini zoe ketkazishdan nima naf? Muxlislarning e`tirozlari yuzasidan ko`rsatuv muallif va boshlovchi Parviz Fattoevning fikrlari bilan qiziqdik.

— To`g`ri. Lekin ko`rsatuv intellektual emas, shou tarzida bo`lgani uchun ishtirokchi to`g`ri javob topguniga qadar yordam beraman. Maqsad ko`rsatuv mehmonini dunyoqarashi, qanchalik bilimga ega ekanini sinash. Shu bois to`g`ri javob topish uchun ma`lum vaqt berilmaydi. Balki shuning uchun ham bu jarayon avvaldan kelishib olingandek tuyular. 

— Tayyorlayotgan ko`rsatuvingizdan o`zingizning ko`nglingiz to`lyaptimi?

Ochig`i, ko`rsatuvdan ko`nglim to`lmayapti. Boisi ish boshlashimdan avval ijodiy va tashkiliy rejalar boshqacha edi. Bugungi kunga qadar ko`rsatuvning 18 soni efirga berildi. Bu muddat davomida ko`rsatuvni tayyorlashda anchagina to`siqlarga duch keldim. Aniqrog`i, ko`rsatuv muallifi va boshlovchisi bo`lishimdan tashqari ish yurituvchi, kompyuter grafikasi muhandisi, montaj ustasi va hatto haydovchilikkacha o`zim bajarishimga to`g`ri kelyapti. Bu yumushlarning bari vaqt olgani sabab, ko`rsatuv sifatiga o`z ta`sirini ko`rsatmay qolmayapti. Eng qizig`i, shu kunga qadar biror marta moliyaviy tarafdan ko`mak olmadim.

— Avval mana shu kamchiliklarni bartaraf etib, so`ng tomoshabinlarga taqdim etganingiz maqsadga muvofiq-ku. Efir va tomoshabin vaqtini o`g`irlashga vijdoningiz qanday yo`l qo`yadi?

— Fikringizga to`liq qo`shilmayman. Chunki telekanalning ijtimoiy tarmoqlaridagi sahifalari orqali tomoshabinlar ozmi-ko`pmi iliq fikrlar bildirishadi. Sinov efiridan boshlangan ko`rsatuvni yarim yo`lda to`xtatib qo`yish tomoshabinga nisbatan hurmatsizlik, deb o`ylaganman. Holbuki, sinov efiridan so`ng moliyaviy ko`mak bo`ladi, deb o`ylagandim...

— Qachongacha moliyaviy ko`mak kutib o`tirmoqchisiz, ko`rsatuvning keyingi taqdiri qanday bo`ladi?   

— Ko`rsatuv vaqtincha to`xtatib turiladi. Rahbariyat tomonidan ko`mak berilgach, siz ta`kidlayotgan sifat darajasiga javob beradigan ko`rsatuv bilan efirga qaytmoqchiman.

 

 

    Boshqa yangiliklar