1

Prezident pandemiyaga qarshi kurashishda xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlikni kuchaytirishga ko`rsatma berdi

Siyosat 17.04.2020, 22:02
Prezident pandemiyaga qarshi kurashishda xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlikni kuchaytirishga ko`rsatma berdi

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoev 17 aprel kuni koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashishda xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlikni kuchaytirish masalalari muhokamasiga bag`ishlangan yig`ilish o`tkazdi, deya xabar beradi Prezident matbuot xizmati.

Joriy yilda xalqaro va xorijiy moliya institutlari tomonidan yo`naltirilgan 2,7 milliard dollarni o`zlashtirish rejalashtirilgan. Ularning asosiy qismi Osiyo taraqqiyot banki, Jahon banki va Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) hissasiga to`g`ri keladi.

Hozirgi vaziyatdan kelib chiqib, amaldagi loyihalarni optimallashtirgan holda, mablag`lar birinchi o`rinda tibbiyot sohasiga yo`naltirilmoqda. Xalqaro tashkilotlar bu borada mamlakatimizga ko`maklashish va mablag` ajratishga tayyor ekanini bildirmoqda.

Yig`ilishda xalqaro moliya institutlari pandemiya bilan kurash uchun sog`liqni saqlash sohasiga ajratayotgan 277 million dollar miqdoridagi mablag`larni tez fursatlarda va samarali o`zlashtirish lozimligi ta`kidlandi.

Islom taraqqiyot banki bilan kelishib, Toshkent viloyati Zangiota tumanida qurilayotgan shifoxona va Yuqori Chirchiq tumanidagi karantin hududini zamonaviy tibbiy texnikalar bilan jihozlash bo`yicha topshiriqlar berildi.

Sog`liqni saqlash vazirligiga birlamchi va tibbiy yordam loyihalari doirasida Osiyo taraqqiyot banki hamda Jahon bankining 30 million dollar mablag`i evaziga o`pkani sun`iy ventilyasiya qiluvchi 2 ming 300 ta apparat va boshqa uskunalar sotib olish vazifasi qo`yildi.

Osiyo infratuzilma investisiyalari banki va Jahon bankidan qo`shimcha mablag`lar jalb etib, tibbiy va ijtimoiy sohalarga yo`naltirish bo`yicha ko`rsatma berildi.

Pandemiya sharoitida tadbirkorlik, kichik va o`rta biznesni qo`llab-quvvatlash uchun 700 million dollar jalb qilish ko`zda tutilmoqda.

Davlatimiz rahbari bu mablag`larni, birinchi navbatda, meva-sabzavotchilik, oziq-ovqat sanoati va eksportni rag`batlantirishga yo`naltirish zarurligini ta`kidladi.

Ma`lumki, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 19 martdagi farmoniga ko`ra, Inqirozga qarshi kurashish jamg`armasi tashkil etilgan edi. Mazkur fonddan infratuzilma va kommunal xo`jaligi sohasidagi loyihalarni qo`llab-quvvatlash uchun qo`shimcha ravishda 3,6 trillion so`m ajratish ko`zda tutilgan.

Yig`ilishda shu masalaga ham alohida e`tibor qaratilib, mutasaddilarga tegishli ko`rsatmalar berildi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1