Tanzila Narbaeva rossiyalik hamkasbi Valentina Matvienkoga minnatdorlik bildirdi

Siyosat 18.04.2020, 22:05
Tanzila Narbaeva rossiyalik hamkasbi Valentina Matvienkoga minnatdorlik bildirdi

Joriy yilning 8 aprel` kuni O`zbekiston Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbaeva Rossiyada bo`lib turgan fuqarolarimizning muammolarini tezkorlik bilan hal qilishda yordam so`rab Rossiya Federasiyasi Federal Majlisi Federasiya Kengashi Raisi Valentina Matvienkoga maktub yo`llagan edi.
Maktubda Rossiya Federasiyasida hozirgi murakkab sharoitda ishsiz, mablag`siz qolgan fuqarolarimizdan karantin tugaguncha va mehnat bozori to`liq tiklanguniga qadar patentni qayta rasmiylashtirish, bekor qilish, jismoniy shaxslar daromadidan olinadigan soliqning to`lash muddatini kechiktirish imkoniyatini ko`rib chiqish masalalarini tezkorlik bilan hal qilishda amaliy yordam ko`rsatish so`ralgandi.

Xabar berilishicha, kecha Rossiya Federasiyasi parlamentining yuqori palatasi tomonidan mazkur maktubga javoban tegishli qonun ma`qullandi. Unga ko`ra, fuqarolarimizning patent muddati tugagan bo`lsa, 90 kun mobaynida uni qayta rasmiylashtirmasdan faoliyat yuritishlariga ruxsat beriladi.
Bugun esa Rossiya Federasiyasi Prezidenti Vladimir Putinning imzolagan maxsus Farmoniga muvofiq, 2020 yil 15 martdan 15 iyungacha ishlash uchun patent, vaqtincha ro`yxatga turish talab qilinmaydi, ya`ni muddati tugasa, avtomatik ravishda uzaytiriladi.

Shu munosabat bilan Tanzila Narbaeva rossiyalik hamkasbiga minnatdorlik bildirdi.
"O`z navbatida Vatanimizning azaliy do`sti bo`lmish Rossiya davlatiga, qolaversa, hamkasbim Valentina Matvienkoga minnatdorlik bildirib, qardosh Rossiya xalqiga epidemiyani tez orada engib o`tishini chin dildan tilab qolaman", deb yozadi Senat Raisi ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1