AsosiyJamiyat

So`nggi qo`ng`iroqda nima mumkin-u, nima taqiqlangan?

Mana, yana sanoqli kunlardan so`ng yurtimizdagi umumiy o`rta ta`lim maktablarida 2014-2015 o`quv yili ham nihoyasiga etib, so`nggi qo`ng`iroq chalinadi. Ayni paytda o`quvchilar fanlardan bosqichli nazorat imtihonlariga, bitiruvchi sinflar esa yakuniy davlat attestasiyasi sinovlariga puxta hozirlik ko`ra boshlashdi.    O`zbekiston Respublikasi “Ta`lim to`g`risida”gi va Kadrlar tayyorlash Milliy Dasturi” to`g`risida”gi Qonunlariga muvofiq  12 (9+3) yillik majburiy bepul ta`limga to`liq o`tilishi munosabati bilan, 2012-yildan boshlab umumta`lim maktablarida o`quv yilining oxirgi kunida «Xayr maktab - salom kollej» tadbirlarini o`tkazish yaxshi an`anaga aylandi...

Bu tadbirlar 3 yildan buyon vazirlikning tegishli buyrug`i asosida tartib bilan o`tkazilishi belgilab qo`yilgan bo`lsa-da, hali hanuz ota-onalar va o`quvchilar o`rtasida davlat imtihonlariga yoki sovg`a-salomlar uchun pul yig`ish holatlari uchrab turadi. Xo`sh, aslida “Xayr maktab - salom kollej” tadbirlari qay tarzda o`tkazilishi kerak? O`quvchilar bu kunni maktabdan boshqa joylarda, ya`ni restoran yoki xonadonlarda nishonlashlari mumkinmi? Farzandlari maktabni bitirish arafasida turgan aksariyat ota-onalarni qiziqtirgan shu kabi savollarga Xalq ta`limi vaziri o`rinbosari U.Abruev javob beradi.

TADBIRLAR TARTIB ASOSIDA O`TSIN!

U.Abruev, Xalq ta`limi vaziri o`rinbosari:

— “Keksalarni e`zozlash yili”da  va Mustaqilligimizning 24 yilligi arafasida ushbu tadbirlarni yanada esda qolarli qilib tashkil etish maqsadida 2015 yil 27 aprel kuni vazirlikning tegishli buyrug`i qabul qilindi. Unga ko`ra, 25 may kuni bo`lib o`tadigan «Xayr maktab - salom kollej» tadbirlarini “Zamonaviy bilimlar bilan zamonaviy kasb-hunarga ega bo`lamiz” shiori ostida o`tkazish belgilandi. Tadbirlar shu yilning 25 may kuni ertalabki salqinda, darsning birinchi soatida o`tkaziladi. Eng avvalo, tadbir o`tkaziladigan joylarni talab darajasida jihozlash, gigiena va tozalik talablariga muvofiq holda texnik va yong`in xavfsizligi qoidalariga to`liq javob beradigan bo`lishi talab etiladi.  Shuningdek, yil davomida  kasb-hunar to`garaklarida o`quvchilar yaratgan buyumlar, devoriy gazeta, tuman(shahar) viloyat hamda Respublika miqyosidagi  ko`rik tanlov, fan va sport musobaqalarida maktab jamoasi, o`quvchilar egallagan sovrinlar, 9-sinf bitiruvchilarini kasbga yo`naltirish uchun “Zamonaviy mutaxasislik-sening kelajaging!” ko`rgazmalarini tashkil etish va “Faxriylar xonadonimiz farishtalari”, “Yagonasan, muqaddas Vatanim, sevgi va sadoqatim senga baxshida, go`zal O`zbekistonim!”, “Ilm bilan umrin o`tkazadi kim,eshiklarin ochar jamiki tilsim!” kabi shiorlar bilan bezatish tavsiya etiladi. Bu tadbir ishtirokchilariga yanada ko`tarinki kayfiyat baxsh etib, kelajakka ishonch, ustozlarga hurmat-ehtirom, Vatanga muhabbat, milliy g`oyalarga sadoqat va vatanparvarlik kabi tuyg`ularni shakllantiradi va albatta shu kuni barcha o`quvchilar maktab formasida bo`lishi maqsadga muvofiq.

FAOL O`QUVChILAR RAG`BATLANTIRILADI

  • Shuningdek, yil davomida  a`lo baholarga o`qigan iqtidorli o`quvchilarni rag`batlantirish ham tadbirning muhim qismi hisoblanadi.  Xususan, “Eng a`lochi o`quvchi”, “Ingliz tili bilimdoni” “Sport ustasi” kabi nominasiyalarni ta`sis etib, g`oliblarni byudjetdan tashqari ishlab topilgan va homiylik mablag`lari hisobidan yanada puxta bilim egallashga, kasb-hunar egallashga undaydigan sovg`a bilan taqdirlash mumkin. Bunda kam ta`minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj, jismoniy imkoniyatlari cheklangan bolalarga alohida e`tibor ko`rsatish tavsiya etiladi.  

 «Xayr, maktab - salom, kollej» tantanalarini ko`tarinki kayfiyatda o`tkazish va xavfsizlikni ta`minlash maqsadida tadbirni tuman(shahar) hokimliklari, xalq ta`limi bo`limi, mahalla faollari, posbonlar, “Kamolot” YoIH mahalla jam­g`armasi, xotin-qizlar qo`mitasi, ota-onalar, maktab otaliq tashkilotlari, homiylar, shu maktabni bitirgan sobiq o`quvchilar, davlat mukofotlari bilan taqdirlangan yurtdoshlarimiz, olimlar va ichki ishlar xodimlari hamkoriligida amalga oshirilishiga alohida e`tibor qaratilmoqda.

QAT`IYaN MAN ETILADI!

Qizim bu yil 9-sinfni bitiradi. Uning aytishicha, maktabdagi tadbirdan so`ng sinfdoshlar yig`ilib, shahar aylanib suratlarga tushisharmish. Shuning uchun qizim “yangi kiyim olib bering”, “Sochimni go`zallik salonida turmaklatishga pul bering” kabi talablar qo`yyapti. Bunday holatlarga ruxsat beriladimi?

N.Safarova, Samarqand viloyati  

  • Vazirlikning tegishli buyrug`iga asosan, ta`lim muassasalarida “Xayr maktab - salom kollej!” tadbirini, bosqichli nazorat imtihonlari va yakuniy Davlat attestasiyalarini o`tkazishda o`quvchi va bitiruvchilar hamda ularning ota-onalaridan pul mablag`larini yig`ish, maktab rahbarlari hamda o`qituvchilarga turli qimmatbaho sovg`alar taqdim qilish, turli tantanalarni, “bitiruv kechalari”ni (xonadonlar, restoran yoki qahvaxonalar va h.k.da) o`tkazish qat`iyan taqiqlanadi.

OTA-ONALAR DIQQATIGA!

Agar farzandingiz ta`lim olgan ta`lim muassasasida yuqorida qayd etilgan tartiblarga zid holatlar kuzatilsa, taqiqlangan tadbirlarning o`tishiga yo`l qo`yilsa, Xalq ta`limi boshqaruv idoralarining qisqa raqamli 1006 ishonch telefoniga murojaat qilishingiz mumkin.

MA`LUMOT UChUN:

Joriy 2014-2015-o`quv yilida maktablarning 9-sinfini 483 mingdan ortiq o`quvchi tamomlaydi, bu o`tgan yilga nisbatan 18234 taga kam.

IMTIHONLARNING O`TISh KUNLARI HAQIDA QISQAChA

9-sinf bitiruvchilari uchun 4-8 may kunlari jismoniy tarbiya fanidan imtihonlar bo`lib o`tdi. 26 may kuni ona tili va adabiyoti, 29 may kuni esa matematika fanidan yakuniy davlat attestasiyasi imtihonlari o`tkaziladi. Shuningdek, tarix, kimyo, chet tili va fizika fanlaridan ham davlat imtihonlari o`tkaziladi. Mazkur fanlar yuzasidan imtihonlar sanasini maktab ma`muriyati belgilaydi.

XULOSA O`RNIDA

Kechagina jajji qadamlari bilan otasi yoki onasi hamrohligida maktab ostonasiga kirib kelgan, bugun esa shaxdam qadamlar, yuksak orzular bilan katta hayotga uchirma bo`layotgan jamiki qaldirg`ochlarga “Oq yo`l, sizga aziz bitiruvchilar”, deb qolamiz.

Sevara NIShONOVA tayyorladi

    Boshqa yangiliklar