Bola boshidan deb bejiz aytishmagan. Azaldan ajdodlarimiz farzand tarbiyasiga juda erta e`tibor qaratishgan. Bugun ham yurtimizda yosh avlod ta`lim-tarbiyasi davlatimiz siyosati darajasiga ko`tarilgan. O`g`il-qizlarning barkamol o`sib ulg`ayishi uchun barcha shart-sharoitlar yaratilmoqda. Ammo, shunga qaramay, yurtimizda voyaga etmaganlar orasida jinoyatchilik tamomilda barham topmayotgani dilni g`ash qiladi. Bugunga qahramonlarimiz ham ana shunday, “yo`l boshida adashgan” bolalar.
Ikki sherik
Faxriddin va O`ktam (ism-familiyalar o`zgartirilgan) bitta mahallada o`sib ulg`ayishgan. Bitta maktabda o`qishgan. Ammo, ularning har ikkisi ayni balog`at yoshida o`z kelajagi uchun mustahkam poydevor yaratish o`rniga har lahzasiga oltinga teng bo`lgan damlarni elga sovura boshlashdi. Hatto birgalashib jinoyat ko`chasiga qadam qo`yishganini ham sezmay qolishdi.
Kattalarning e`tiborsizligi sabab bo`ldimi, yoki oq-qorani taniydigan yoshga etgan ikki o`rtoqning mas`uliyatsizligi tufaylimi, xullas, ular giyohvand moddalar oldi-sotdisiga aralashib qolishdi. Ularning bu shubhali xatti-harakatlari haqidagi ma`lumotlar huquq-tartibot idoralariga etib borgach, tegishli soha mutasaddilari ishtirokida aybdorlarni jinoyat ustida qo`lga tushirish rejasi ishlab chiqildi.
“Menga “nasha” kerak”
...Faxriddin bekorchilikdan ko`cha kezib yurgan kunlarining birida bir yigit uning yoniga keldi va o`zini Sasha deb tanishtirdi. Yangi tanishuvdan so`ng Sasha darrov muddaoga o`tdi.
— O`rtoq, menga nasha kerak. Tanishlarim senga uchrashimni aytishgandi.
— Men... menda bunaqa narsalar yo`q, - dedi Faxriddin atrofga olazarak qarab,
— Menga ishonaver, - dedi “Sasha. – Aytgan pulingni beraman. Buning ustiga yangi telefon ham...
— Bo`pti, - Faxriddin rozilik berganini bilmay qoldi. – Topsam o`zim xabarlashaman.
Faxriddin aytilgan fursatda “buyurtma”ni egasiga etkazdi. “Sasha” uning qo`liga 25 ming so`m tutqazib elkasini qoqdi:
— Yasha uka, keyingi gal kamini to`ldiraman.
— Telefon degandingiz, qani u?
— Keyingi safar telefon ham, chiroyli ust-bosh ham olib beraman.
Ma`lum bo`lishicha, Sasha Faxriddinning sherigi O`ktam bilan ham bog`lanib, u bilan ham “oldi-berdi” qilgan ekan. Xullas, ikki o`rtoq xaridorlari Sasha bilan telefonlashib turadigan bo`lishdi.
Tuzoq
Kunlarning birida Sasha bolalarga qo`ng`iroq qilib, yana “o`sha narsa”dan kerak bo`lib qolganini aytdi. Faxriddin bilan O`tkir birgalashib, shubhali tanishlarining uyidan giyohvand modda topib chiqishdi. Keyin kelishilgan erda uchrashishdi. Sasha Faxriddinning qo`lidan ho`l holatdagi marixuana moddasini olib, unga 37 ming so`m tutqazdi. Faxriddin hali pulni sanab ham ulgurmagan ediki, qarshisida turgan ichki ishlar xodimlarini ko`rib, dong qotdi.
Shu tariqa “Nazoratli xarid” maxsus tadbiri natijasida barcha taxminlar tasdiqlandi, aybdorlar daliliy ashyo bilan qo`lga olindi. Ekspertiza tekshiruvlari natijasida ushbu tadbir davomida Faxriddin va O`ktamdan sotib olingan moddalar “marixuana” va “gashish” ekani aniqlandi.
Sud Faxriddin Mahmudov hamda O`ktam Hamidovni Jinoyat kodeksining 273-moddasi 5-qismiga binoan aybdor deb topdi. Ularning har biri ikki yilu to`rt muddatda ozodlik mahrum etildi.
Aybdorlar-ku, tegishli tartibda jazosini olar. Ammo, aynan ilm olish, hunar o`rganish o`rniga jinoyat ko`chasiga kirib qolgan bu yigitchalar ushbu jazodan tegishli xulosa chiqarisharmikin? Jazoni o`tab chiqqach, o`z oilasi va jamiyatga foyda keltiradigan ishlar bilan shug`ullanisharmikin? Har holda biz shunga umid qilamiz.
Shahlo Norqo`zieva,
Sirdaryo tuman IIB tergov bo`limi boshlig`i,
Sohib IXTIYoR,
jurnalist





