Shavkat Mirziyoev Ramazon oyida “Saxovat va ko`mak” umumxalq harakatini yo`lga qo`yish tashabbusini ilgari surdi

Siyosat 20.04.2020, 22:36
Shavkat Mirziyoev Ramazon oyida “Saxovat va ko`mak” umumxalq harakatini yo`lga qo`yish tashabbusini ilgari surdi

Bugun, 20 aprel, yakshanba kuni Prezident Shavkat Mirziyoev sanoat, qurilish va infratuzilma tarmoqlari korxonalarining to`liq ishlashini ta`minlash masalalari bo`yicha videoselektor yig`ilishini o`tkazdi.

Davlatimiz rahbari yig`ilish avvalida aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini qo`llab-quvvatlash masalasiga alohida to`xtalib o`tdi. Vaqtincha ishlamayotgan va yordamga muhtoj oilalarni aniqlab, ularni manzilli asosda oziq-ovqat va dori-darmon bilan ta`minlash ko`lamini yanada kengaytirish kerakligini ta`kidladi.

Shu bois Prezidentimiz xalqimizning tarixiy va ma`naviy qadriyatlarini, mehr-saxovat, oqibat va himmat kabi yuksak fazilatlarini inobatga olgan holda, “Saxovat va ko`mak” umumxalq harakatini yo`lga qo`yish tashabbusini ilgari surdi.

– Yaqin kunlarda barchamiz uchun muqaddas bo`lgan Ramazon oyi kirib keladi. Bu oyda ehtiyojmand va muhtoj oilalarga yordam ko`rsatish ham qarz, ham farzdir. Shuning uchun ushbu muqaddas oyda har bir tadbirkor o`zi faoliyat yuritayotgan hududda ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini, avvalo mahalladoshlari, qo`ni-qo`shnilarini faol qo`llab-quvvatlashi maqsadga muvofiq, – dedi davlatimiz rahbari.

Buning natijasida Ramazon oyida amalga oshiriladigan ehson va xayriyalar manzilli bo`ladi, iftorliklarga sarflanadigan mablag`lar va oziq-ovqat mahsulotlari aholining kam ta`minlangan qatlamlariga yo`naltiriladi.

Imkoniyatidan kelib chiqib, qaysidir tadbirkor bir oyda misol uchun, 10 ta, boshqa biri esa 20 ta oilaga ko`maklashishi, eng muhimi muhtoj oilalar a`zolarini ishga jalb qilishi mumkin. Davlat tomonidan o`z navbatida bunday tadbirkorlarga soliq, lizing, kredit to`lovlari,  zarur resurslar bilan ta`minlash bo`yicha turli imtiyoz va preferensiyalar beriladi. Ya`ni bu aholiga davlat tomonidan tadbirkorlik sub`ektlari orqali ko`rsatiladigan saxovat va ko`mak bo`ladi.

Bu jarayonda yirik korxonalar, ularning joylardagi tarkibiy bo`linmalari, fermerlar va klaster xo`jaliklari ham ixtiyoriy qatnashishi muhim ekanligi ta`kidlandi.

Ushbu tashabbus Savdo-sanoat palatasining joylardagi bo`limlari, banklar, ijtimoiy muhofaza idoralari hamkorligida amalga oshirilishi belgilandi.

“Saxovat va ko`mak” umumxalq harakati davlatimiz va xalqimiz qudratining amaliy namoyoniga aylanishiga ishonaman, - dedi Prezidentimiz.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1