AsosiyJamiyat

Er-xotin o`zi ijarada turgan uy egasini vahshiylarcha o`ldirdi

Yoshi 30 dan oshgan, turmushidan ajrashgan Sabina Tilavova (ism-familiyalar o`zgartirilgan) oilali, uch farzandning otasi Xurshid Suyarov bilan tanishib, norasmiy tarzda er-xotin bo`lib yashab yurdi.

Tayinli turar joyi, biror kasb-kori bo`lmagan bu ayol Samarqand shahrida yashovchi Xosiyat Jabborovaning uyidan boshpana topdi, deb yozadi Uz24 nashri “Huquq” manbasi asosida. Xurshid ham Sabinaning oldiga kelib-ketib Xosiyat opaning ancha ishonchini qozondi.

Kunlarning birida ikkovlon yashab turgan xonadonidan tillalarni o`g`irlashni reja qilishdi. Ertasi kuni mash`um rejani amalga oshirish uchun dorixonadan ikki ampula "dimedrol" sotib olishdi. Ampulani sutga aralashtirib Xosiyat opaga ichirishdi. Ular ayolning uxlashini sabrsizlik bilan kuta boshladi. Ayol uyquga ketsa-da, dori ta`siridanmi yoki boshqa sabab tufaylimi, dam ag`darilib, dam qimirlab yotardi. Bu esa Sabinaning asabini buza boshladi.

U oshxonadagi temir krujkani olib ayolning yuziga zarb bilan tushirdi. Dabdurustdan tushgan zarba ayolning hushini uchirdi va chinqirib yubordi. Sabina chaqqonlik bilan ayolning bo`ynidan bo`g`di. Ikkovlashib ayolni hushidan ketkazishdi. Xurshid oldindan tayyorlab qo`ygan changyutgichning simi bilan Xosiyat opaning qo`l-oyoqlarini qayirib bog`ladi. Keyin esa shafqatsizlik bilan uning bo`ynidan bo`g`di. Azobdan tipirchilayotgan ayolning og`zi-burnini sochiq bilan bog`lab tashlashdi. Shu taxlit inson zotiga xos bo`lmagan bir vahshiylik bilan arzimagan boylik uchun bir insonning umriga zomin bo`lishdi.

Shundan so`ng, uydagi bor tilla taqinchoqlarni, qimmatbaho narsalarni, umumiy hisobda 17 mln. 340 ming so`mlik buyumlarni olib chiqib ketishdi. Tillalarning bir qismini tilla buyumlar savdosi do`koniga sotib, Toshkent shahriga qarab yo`l olishdi. U erga borib bozordan istagan kiyimlarini xarid qilishdi. Keyin esa bu erlardan uzoqqa qochib, Rossiyaga ketishning yo`lini axtara boshlashdi. Ammo ular vaqtida qo`lga olindi.

Sud hukmi bilan Sabina Tilavova 15 yil, Xurshid Suyarov esa 18 yilu 6 oy ozodlikdan mahrum etildi.

 

    Boshqa yangiliklar