AsosiyJamiyat

“Diplom ishini kimga yozdiryapsiz?” yoxud bitiruv ish necha pulga tushadi?

Bugun jamoat transportida ikki nafar bitiruvchi talabaning suhbatiga guvoh bo`ldim. Ulardan biri diplomini yozdirishga ancha-muncha puli ketganligi haqida nolib qoldi. Ikkinchisi esa hozir ko`pchilik diplomni pulga yozdirayotganligini tasdiqlab, o`rtog`idan buning uchun qilgan sarf-xarajatlarini so`radi.

Ushbu muloqot meni taajjubga soldi: nahotki yurtimizning kelajagi bo`lgan yoshlar o`zlariga berilayotgan imkoniyatlarni suiiste`mol qilib, oliy ta`lim maskanida olgan bilimlarini yanada mustahkamlash uchun yoziladigan bitiruv malakaviy ishni birovga ishonayotgan bo`lsalar... Yoki bu dangasa talabalarning o`zini oqlash uchun o`ylab topgan bahonalarimi? Ushbu savolga javob olish maqsadida ijtimoiy tarmoqqa fikr tashladik...

G`ayrat Yo`ldoshev: — Dolzarb mavzu ko`tarilgan. Mamlakatimiz taraqqiyotini orqaga surayotgan illatning boshi mana shu talabalikdan boshlanayapti. Ya`ni pul berib o`qishga kir, pul berib baho ol, pul berib diplom ishi yozdir va diplom ol, keyin esa pul berib ishga joylash. Oxirida o`sha talabalar bergan pullarini ishga kirgandan keyin "ber-ber"- deya tama`agirlik orqali chiqarishadimi?

Nazokat Azim: — Menimcha, talabalarning ota-onalarida ham gap ko`p. O`zing o`qi, pul bermayman, deb qattiq tursa, ular o`qiydi. Bizlar o`qigan paytda ham pulga hamma ishini bitiradigan talabalar kam emasdi...

Farhodbek Yusupov: — O`zing yozsang o`tkazisharmikin?

Elyor Irgashev: — Bu jarayonda ayrim o`qituvchilarning ham aybi bor. Yalqov talaba domlasiga pul tiqadi. Mo`may pul ishlashni kasb qilgan ayrim domlalar talabaning o`zi izlanib, yozib kelgan diplom ishini esa, o`qimasdan qaytaraveradi. Ammo qo`ldagi barmoqlar barobar bo`lmaganidek, shunday professor o`qituvchilarimiz ham bor-ki, ularning qo`l ostida izlanib diplom ishlarini yozgan sobiq talabalar hozirgi kunda yurtimizning barcha sohalarida muvaffaqiyatli ish yuritib, yurtimiz salohiyatini oshirib kelmoqda.

A`lochi talaba: — Darhaqiqat bugungi kunda dangasa bitiruvchilarning diplom yozdirishi imkoniyati juda keng. Hatto ko`chalarda ham “Diplom yozib beraman” degan ko`plab e`lonlarga ko`zimiz tushadi. Bu ishning bahosi salmog`iga qarab, 150 dan 400 AQSh dollarigacha baholanmoqda.

Sobiq talaba: - O`zMUning jurnalistika fakultetini bitirganman. Esimda, o`shanda ham kimdir bilimga tayanib, "diplom" yozishga kirishgan, kimdir, "buyurtma" berib, o`zi yallo qilib yurardi. O`shanda hazrat Alisher Navoiyning ijodi bilan bog`liq bir mavzuni tanlagan edim. Ancha-muncha kitob titkiladim, etuk adabiyotshunos olimlardan maslahat so`radim, xullas, anchayin ter to`kdim. Ammo, g`alvir suvdan ko`tarilgan paytda mening xam, pul evaziga diplom yozdirgan kursdoshlarimning ham ishlari bir xil mezon asosida baholandi. O`shanda bundan anchagina ranjigan edim. Ammo, o`ylab qarasam, shuncha mehnatlarim behuda ketmagan ekan. Axir shu ish tufayli men ulug` bobomizni anglash sari bir necha qadam qo`ygan ekanman. O`sha kichkina ish tufali qancha kitob titkiladim, ma`lumot to`ppldadim, tasavvurimni boyitdim.

Rost, o`sha kursdoshlarim ham o`z yo`lini topib ketdi. Ammo,

bitta narsaga baribir achinasan, kishi. Diplom ishini pulga sotib olish bilan nima o`zgaradi? bu bilan bo`lg`usi mutaxassis faqat o`zini emas, jamiyatni ham aldamasmikin?

To`lqin Eshbek, dosent, filologiya fanlari nomzodi: — Pulga yozdirayotganlar avvalo o`zining pul bilan o`qishga kirganini isbotlamoqda. Unaqalar hech qachon etuk kadr bo`la olmaydi. Ular kelgusida ham biror ishni o`zlari eplolmaydi. Eng qizig`i, ana shunday dangasa talabalarning ishini bitirib berayotgan muttahamlar ham aslida yangi narsa yozayotgani yo`q va yozolmaydi ham. Ilgarigi ishlarni yumaloq-yostiq qilib qoralab berishmoqda. Bunday illatlarga barham berishning samarali yo`llaridan biri - hamma ilmiy ishlarni tegishli saytlarga joylab qo`yish kerak!

Balki, ta`lim sohasida qandaydir islohotlar, yangiliklar qilish maqsadga muvofiqdir. Malakaviy bitiruv ishi yoza olmaydiganlarga boshqa topshiriq, masalan, fanlardan qo`shimcha imtihonlar topshirish talab qilinsa, yaxshi bo`larmidi... Har qalay, ko`chirmakashlik yoki birovlarga poyintar-soyintar qilib yozdirgandan ko`ra, tuzukroq bo`larmidi, deyman-da. Bu borada rivojlangan mamlakatlar tajribasini o`rganish foydadan xoli bo`lmaydi.

O`zMUda talabalarga baho qo`yishning eng ilg`or usuli - Modul tizimi joriy etildi. Talabalarga baho qo`yishda qandaydir salbiy illatlarga ancha barham berildi. Talabalar uchun ham juda qulay. Qachondir diplom ishi yozishda ham shunday ilg`or usullar chiqib qolishiga umid qilaman.

Ramkada

Bitiruv malakaviy ishni bajarish – oliy ta`lim muassasalari bakalavriat ta`limining yakuniy bosqichidir.

Bitiruv malakaviy ishning vazifalari:

olingan mutaxassislik va biror ixtisos bo`yicha tayyorlash sohasida ilmiy-tadqiqot va amaliy ishlarda bilimlarni mustahkamlash;

mustaqil ma`lumotlarni izlash va muayyan muammolar yuzaga kelish maqsadlarida vaziyatlarni o`rganishga bo`lgan bilimlarni egallash;

tadqiqot, tajriba-sinov va loyihalash metodikalarini o`zlashtirganlik darajasini namoyish etish;

real sharoitlarda talabaning ishga tayyorgarlik darajasining namoyon bo`lishi;

tanlangan mavzu bo`yicha kasbiy, pedagogik va psixologik kategoriyalar, hodisalar va muammolar mohiyatini ochish;

mavjud materiallarni tizimlashtirish, tahlil qilish va qayta ishlash;

kasb-hunar ta`limini samaradorligini oshirishga yo`naltirilgan taklif va tavsiyalar ishlab chiqish va h.k.lardan iborat.

 

Bitiruv malakaviy ish qanday baholanadi?

Bitiruv malakaviy ishni asosiy baholash mezonlari quyidagilardan iborat:

  • mavzuning dolzarbligi va yangiligi, uni ishlab chiqishning murakkabligi;
  • ko`rilayotgan masala bo`yicha mahalliy va xorijiy manba va maxsus adabiyotlardan to`la foylanilganligi;
  • tadqiqot ob`ekti bo`yicha daliliy ma`lumotlarni to`liq va sifatli to`planganligi;
  • qo`yilgan masalani hal qilishda metod va vositalardan foydalanishning tasdiqlanganligi;
  • olingan natijalarni tahlil qilib, sharhlay olinganligi;
  • xulosa, taklif, tavsiyalarning ilmiy, uslubiy va amaliy ahamiyati hamda ularni isbotlanganlik darajasi va real tadbiq etish imkoniyatlari;
  • materialni aniq va to`g`ri, xatosiz bayon etilganligi, ishni sifatli rasmiylashtirilgani, mazkur «Metodik qo`llanma» talablari hisobga olinganligi;
  • bitiruv malakaviy ishning nazariy va amaliy masalalar bo`yicha munozara yurita olinganligi, DAK a`zolarining savollari va taqrizchilar kamchiliklariga berilgan javoblarning to`g`ri va chuqur ifodalanganligi.

 

 Tahririyatdan: Har yili mamlakatimizda minglab yigit-qiz oliy o`quv yurti talabasi degan faxrli nomga sazovor bo`ladi. Taxminan yana shunchasi o`qishni bitirib, mutaxassislik diplomini qo`lga kiritadi. Demak, to`rt-besh yillik saboqlar, mehnatu mashaqqat, oltinga qiyoslanadigan talabalik davrini ortda qoldiradi. Kimdir umrining ana shu hissasini ilmu ma`rifatga bag`ishlab, o`zi tanlagan sohasiga oid bilimlarni egallasa, boshqa birovlar faqat diplom atalmish bir parcha charm muqovali hujjatga "ilinib" qoladi, xolos

Albatta, oliy ta`lim dargohida o`qishdan maqsad ana shu bir parcha kogozni qo`lga kiritish bo`lmasligi kerak. Zero, yoshlarimizning bilm olishi, yuksak cho`qilarni zabt etishi uchun hukumatimiz tomonidan barcha shart sharoitlar yaratilayotgan bir paytda, har bir yigit-qiz ana shu yuksak umid va ishonchni oqlashga kat`iy harakat qilmog`i lozim.

Laylo Rustamova tayyorladi

 

 

 

    Boshqa yangiliklar