1

Prezident: "Ta`kidlab aytaman: davlatimiz, jamiyatimiz saxovatpesha tadbirkorlarni har tomonlama qo`llab-quvvatlaydi"

Siyosat 22.04.2020, 20:14
Prezident: "Ta`kidlab aytaman: davlatimiz, jamiyatimiz saxovatpesha tadbirkorlarni har tomonlama qo`llab-quvvatlaydi"

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 22 aprel kuni global inqiroz va pandemiya sharoitida mamlakatimiz aholisi bandligi masalalariga bag`ishlangan videoselektor yig`ilishini o`tkazdi.

 Yig`ilish avvalida davlat rahbari koronavirus infeksiyasiga qarshi kurash doirasida yurtimizda amalga oshirilayotgan ishlarga yana bir bor alohida to`xtalib o`tdi. Davlat rahbari, jumladan, shunday dedi:

– Bugungi kunga qadar 424 nafar yurtdoshimiz bu kasallikdan xalos bo`lib, reabilitasiya rejimiga o`tkazilgani barchamizga, butun el-yurtimizga katta kuch beradi.

Yuzaga kelgan vaziyatni to`g`ri tushunib, karantin qoidalariga og`ishmay amal qilayotgan, ko`rilayotgan chora-tadbirlarni keng qo`llab-quvvatlayotgan barcha yurtdoshlarimizga yana bir marta rahmat aytaman.

Fursatdan foydalanib, kechani kecha, kunduzni kunduz demasdan, haqiqiy qahramonlik ko`rsatib, ushbu kasallikka qarshi kurashayotgan jonkuyar shifokorlarimizga, ular bilan bir safda turib xizmat qilayotgan xorijiy vrachlarga, shuningdek, Ichki ishlar, Favqulodda vaziyatlar va Mudofaa vazirliklari hamda Milliy gvardiya xodimlariga o`z nomimdan, xalqimiz nomidan yana bir bor minnatdorchilik bildiraman.

Muhtaram do`stlar!

20 aprel kuni bo`lib o`tgan videoselektor yig`ilishida biz xalqaro va milliy talablarga to`liq amal qilgan holda, mamlakatimizda karantin rejimini bosqichma-bosqich yumshatish, shu asosda tezroq normal hayotga qaytish bo`yicha dastlabki chora-tadbirlarni belgilab olgan edik.

Bugungi kunda virusdan xoli hududlardagi bir qator sanoat korxonalarida, qurilish maydonlarida, fermer va klaster xo`jaliklarida, sanitar-epidemiologik normalarga qat`iy amal qilgan holda, ishlar asta-sekin boshlandi.

Ayniqsa, “Ko`klamning har bir dami – g`animat!” degan da`vatni o`zlari uchun hayotiy shiorga aylantirib, dalalarimizda, tomorqalarda ter to`kib, halol mehnat qilayotgan fidoyi dehqon va fermerlarimizga, klaster xo`jaliklari rahbarlari va ishchi-xizmatchilariga o`z rahmatimni aytaman.

Albatta, biz koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashni bir lahza ham to`xtatmaymiz. Bu odamlarimiz, aholimizning sog`lig`i, hayoti bilan bog`liq o`ta muhim masala.

Ayni paytda, biz 34 millionli xalqimizni oziq-ovqat va boshqa zarur mahsulotlar bilan kafolatlangan holda ta`minlash, fuqarolar daromadlarining pasayib ketishiga yo`l qo`ymaslik, yordam va ko`makka muhtoj yurtdoshlarimizni qo`llab-quvvatlashdek g`oyat dolzarb vazifani ham kechiktirmasdan hal qilishimiz kerak.

Buning uchun iqtisodiyotimizning etakchi tarmoqlari barqaror ishlashi shart. Ko`rinib turganidek, biz bir vaqtning o`zida qator murakkab vazifalarni echishimiz zarur.

Hozirgi og`ir paytda aholimizning yordam va ko`makka muhtoj qatlamlarini aniq, manzilli asosda qo`llab-quvvatlash maqsadida “SAXOVAT VA KO`MAK” umumxalq harakatini yo`lga qo`yish haqidagi tashabbusni xalqimiz, jamoatchiligimiz ko`tarinki ruhda, qizg`in kutib olgani barchamizni, albatta, xursand qiladi.

Bu masala bo`yicha muhtaram faxriylarimiz, olimlar, madaniyat va san`at arboblari, hurmatli ulamolarimiz, biznes hamjamiyat vakillari, yoshlarimiz tomonidan televidenie va ro`znomalarda, ijtimoiy tarmoqlarda bildirilayotgan fikrlar, samimiy munosabat bunday ezgu intilish xalqimizning yuragida, qalbida mujassam ekanini yaqqol tasdiqlaydi.

Bu samimiy fikr-mulohazalar el boshiga ish tushgan qiyin damlarda bir-biriga elkadosh bo`lish, bir-biriga e`tibor va g`amxo`rlik ko`rsatish kabi eng olijanob fazilatlar xalqimizning yuragida, qalbida azaldan mujassam bo`lganini, bugun ushbu intilishlar yanada kuchliroq jo`sh urayotganini namoyon etadi.

Shu ma`noda, ulug` shoir va mutafakkir Alisher Navoiy bobomizning “Saxovatli insonning boshiga jannat daraxtlari soya soladi” degan so`zlarida chuqur hikmat bor, albatta.

Men, mana shu tashabbusni chin dildan qo`llab-quvvatlab, bu savobli ishga munosib hissa qo`shayotgan barcha vatandoshlarimizga, saxovatli tadbirkorlarimizga muqaddas kitoblarimizda aytilgan: “Yaxshilikning mukofoti – faqat yaxshilikdir”, degan gapni yana bir bor eslatmoqchiman.

Albatta, ehtiyojmand, kam ta`minlangan insonlar va oilalarga mehr va hurmat bilan yordam qo`lini cho`zadigan barcha tadbirkorlar va fermerlarga, xo`jalik birlashmalari vakillariga, vazirlik, idora va tashkilotlarning ishchi-xodimlariga bu qilgan yaxshiliklari bir necha bor ziyoda bo`lib qaytadi.

Ta`kidlab aytaman: o`z navbatida, davlatimiz, jamiyatimiz saxovatpesha tadbirkorlarni har tomonlama qo`llab-quvvatlaydi.

Ularga hech qanday og`irlik tushmaydi.

Shu ma`noda, “Saxovat va ko`mak” umumxalq harakati davlatimiz va xalqimiz birligini, uning beqiyos qudratini yorqin namoyon etib, yangi tariximiz sahifalaridan mustahkam o`rin oladi, deb ishonaman.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1