Mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan sug`urta kompaniyalari o`zi ishini xalqqa xizmat ko`rsatish emas balki majburiy to`lovlarni yig`ish, deb o`ylaydi chog`i.
Darakchi muxbiri Qamariddin Shayxov, o`zi duch kelgan holat bilan o`rtoqlashar ekan, o`zi qoldirgan xabarni yuqoridagi mulohazalar bilan boshladi.
Bundan bir oy avval "Alfa invest" sug`urta kompaniyasining rasmiy dillerida mashinamni sug`urta qildirgan edim. Kecha IIV Yo`l patrul xizmati xodimlari to`xtatib sug`urta polisimni tekshirdi va unda xato aniqladi, sug`urta esa meni nomimgamas balki mashina egasining nomiga yozilganini aytishdi. Aslida sug`urta meni nomimga qilinishi kerak edi. Ma`lumotlar meniki, imzo ham meniki lekin u erda mashina haydovchisi sifatida men emas balki mashina egasining nomi yozilgan. Bu holat yuzasidan "Alfa invest" kompaniyasiga murojaat qildim, menga biriktirilgan diller esa sug`urta polisiga meni nomimni ruchkada yozib, qo`shib qo`ya qolishdi. Kimningdir savodsizligi, o`z ishini faqat iste`molchining cho`ntagini qoqish deb biladiganlarning kasriga hozir mashinam jarima maydonchasida turibdi. "Alfa invest" kompaniyasi dillerlari esa bu ayblovni bo`ynilaridan soqit qilish ilinjida. Kamiga aybni o`zimni ag`darishyapti. Fuqarolar manfaati yo`lida xizmat qilishi kerak bo`lgan idora vakillari menga bu borada odamgarchilikdan gap ochib, jarimani to`lab bera olishmasligini aytishyapti. Bor umidim esa kompaniya bosh ofisidan. Hech kim pulni ko`chadan supurib topmaydi.
Qonunlarni ishlash yoki ishlamasligi esa o`z qo`limizda. Ko`ramiz voqea nima bilan yakun toparkin. Sug`urta kompaniyalari qachon xalq manfaatlari uchun ishlab, odamlar ishonchini oqlaydi?!