O`zbekistonda mamlakat shaharlari bo`ylab dastlabki avtosayohat-«Rally Muynak» loyihasi boshlandi.
Mazkur loyihaning asosiy maqsadi - O`zbekistonda avtosayohatini ommalashtirish.
Qadimiy shaharlar Samarqand, Buxoro, Xiva, Nurotadagi Aleksandr Makedonskiyning “Nur” qal`asi harobalari, Chashma masjid majmuasi, Qizilqum sahrosi, Haydarko`l suv havzasi kabi ko`plab qiziqarli so`lim va xushmanzara joylar hafta davomida avtopoyga ishtirokchilarini qarshi oladi, deya xabar beradi "O`zavtosanoat" AK matbuot xizmati.
Bundan tashqari avtosayohatchilar yo`l-yo`lakay qoyalarga o`yib ishlangan tasvirlar, Ayoz-qal`a xarobalari bilan tanishgach, Amudaryo orqali o`tib, aksariyat sayyohlarning orzusiga aylangan-Mo`ynoq shahridagi Orol fojiasi haqida hikoya qiluvchi sahrodagi kemalar va o`lkashunoslik muzeyini ham ko`zdan kechirish imkoniga ega bo`ladilar.
Dastlabki loyihada to`qqiz nafar inson to`rtta avtomobilda ishtirok etmoqda. Esda qolarlisi shundaki, “O`zavtosanoat” AK vakillari ham avtopoygada ishtirok etishmoqda. «GM Uzbekistan» AJ ishchilari boshqa ishtirokchilar bilan bir qatorda, yurtimizning xushmanzara joylariga tashrif buyurish bilan birga, Chevrolet Orlando va yangi Chevrolet Tracker rusumidagi avtomobillarni sinovdan o`tkazishadi.
Yaqinda zavodimiz yangi Chevrolet Tracker rusumidagi avtomobiliga ega bo`ldi, deya xabar beradi kompaniya menejeri Sherzod Jumaev. Mazkur avtopoygada esa ushbu yangi avtomobilni sinovdan o`tkazishni rejalashtirganmiz. Bizning vazifamiz, barchaga tanish Chevrolet Orlando va yangi Chevrolet Tracker avtomobillari yurtimiz iqlimiga qanchalik mos kelishi va noqulay yo`l sharoitida qanday harakatlanishi haqida avtohavaskorlar va haydovchilar tomonidan beriladigan savollarga xolis javob berish.
Bizning vazifamiz - avtosayohat davomida yuqori haroratda, qum va chang yo`llarda avtomobilning uzoq masofaga qanday harakatlanishini kuzatish. Yonilg`i sarfiga e`tibor qaratamiz va sayohatni yakunlagach, yakuniy hisobot tayyorlaymiz. Shunday qilsak yangi avtomobilni o`zimizning bozorga ixtisoslashtirishimiz mumkin bo`ladi.
Avtosayohat g`oyasi yangilik emas, biroq yurtimizda avtosayohat xorijiy davlatlardagi kabi hali to`liq rivojlanmagan. Tashkilotchilar avtomobil sanoati tez sur`atlar bilan rivojlanayotgan O`zbekistonda «Rally Muynak» loyihasi sayyohlikning ushbu turini ommalashtirishga o`zining munosib hissasini qo`shadi, deya umid bildirishmoqda.





