AsosiyJamiyat

Farzandimni oromgohga yubormoqchiman. Tartibi qanday?

Nodavlat tashkilotda faoliyat yuritaman. Farzandim 10 yoshda, uni yozgi ta`til mavsumida bolalar oromgohiga yubormoqchi edim. Agar men faoliyat yuritayotgan tashkilotda Kasaba uyushmalari bo`limi bo`lmasa, yo`llanma olish uchun qaerga murojaat qilishim kerak? Yoki kasaba uyushmaga a`zo bo`lmagan tashkilotlar oromgohlarga yo`llanma olishda imtiyozga ega emasmi?

D.Jabborova, Toshkent sh.

O`quv yili tugab, jazirama yoz ham kirib kelmoqda. Issiq havo bolani maktabdanda ko`ra ko`proq toliqtiradi. Farzandlarimizning uch oy yozgi ta`til onlarini maroqli, mazmunli va shu bilan birga foydali o`tkazishi har birimiz uchun muhim. Ana shularni inobatga olgan holda barcha ota-onalarga birdek foydali mavzuga oid ma`lumotlarni berishga qaror qildik. Mavzuga oid savollarga esa O`zbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasi Kengashining madaniy-ma`rifiy va sport ishlari bo`limi mudiri Lola XOLMO`MINOVAdan javob oldik.

  • MA`LUMOT UChUN

Bu yili jami 1149 oromgoh faoliyati yo`lga qo`yiladi. Shundan 213 tasi stasionar, 795 tasi kunduzgi va 141 tasi «Mehnat va dam olish» oromgohidir. Mavsum davomida 287171  nafar bola sog`lomlashtirilishi rejalashtirilgan bo`lib, ularning 151000 ortig`i stasionar, 135000 ko`prog`i kunduzgi oromgohlarga jalb etiladi. Bu yurtimizdagi 7-14 yoshgacha bo`lgan bolalarning 8,1 foizi degani.

OROMGOHGA KIMLAR BORIShI MUMKIN?

Bolalar sog`lomlashtirish oromgohlariga 7 yoshdan 14 yoshgacha bo`lgan o`g`il-qizlar borishlari mumkin. Ularning yoshi va qiziqishini inobatga olgan holda, tarbiyaviy ishlarning mazmuni bo`yicha quyidagi ixtisoslashgan yo`nalishlarda oromgohlar tashkil etiladi: intellektual rivojlantirish (10-14 yoshdagi bolalar uchun), sport-sog`lomlashtirish (8-18 yosh), mehnat va dam oldirish (15-18 yosh), harbiy-sport (12-17 yosh), ekologik-biologik, o`lkashunoslik, texnik, badiiy ijodkorlik, ijtimoiy moslashuv (7-14 yosh) va boshqa yo`nalishlarda.

ShAROITLAR QANDAY?

Har bir bola o`z qiziqishi, dunyoqarashi va ta`biga ko`ra ma`lum bir oromgohlarda dam olishni xohlaydi. Bola qaysi oromgohga borish yo bormasligi — ota-onasi va o`zining (ushbu oromgohga avval borgan bo`lsa) shaxsiy tanlovi.

Bugungi kunda barcha bolalar oromgohlarida moddiy-texnik bazani mustahkamlash,  shart-sharoitlarni yanada yaxshilash va sog`lomlashtirish ishlari sifati hamda samarasini oshirish borasida tizimli ishlar olib borilmoqda.

Bolalarning dam olishini tashkil etish va sog`lomlashtirish chora-tadbirlarini ishlab chiqish, ularni amalga oshirish yuzasidan tizimli nazorat va monitoringni ta`minlash bo`yicha Respublika Muvofiqlashtiruvchi guruhi tomonidan har yili tasdiqlanayotgan Manzilli dasturga muvofiq har yili       50 dan ortiq oromgohda qurilish, ta`mirlash va rekonstruksiya ishlari amalga oshirilmoqda. Turli hududlarda yangi zamonaviy oromgohlar barpo etilib, foydalanishga topshirilmoqda. Natijada oromgohlarning barchasida bolalarga manzur bo`luvchi, bir biridan qolishmaydigan, jahon andozalari talablariga javob beruvchi sharoitlar yaratilmoqda.

OTA-ONA KASABA UYuShMAGA A`ZO BO`LMASA...

 

Aytaylik, siz ishlayotgan tashkilot Kasaba uyushma federasiyasiga a`zo emas. Siz esa farzandingizni “O`zavtosanoat” kompaniyasiga qarashli “Sokol” oromgohiga yubormoqchisiz. Bunday holda ota-ona tanlagan oromgoh tashkilotining boshlang`ich kasaba uyushma tashkilotiga murojaat qilib, yo`llanmani to`liq narxda xarid qilishi mumkin.

NEChA PULGA TUShADI?

Yo`llanmaning narxi — oromgohlarda bolalarni saqlash bilan bog`liq sarf-xarajatlar hamda xo`jalik organining oromgohni saqlash xarajatlari smeta qiymati asosida shakllantiriladi. Stasionar bolalar oromgohlariga beriladigan yo`llanmaning qiymati har bir oromgohning bolalarni qabul qilish quvvatidan kelib chiqqan holda belgilanadi. Oromgohlarga xarid qilinadigan yo`llanmalar kelishilgan holda kasaba uyushmalari, xo`jalik organi va ota-ona mablag`i hisobidan qoplanadi.

KIMLAR BEPUL DAM OLDIRILADI?

Har yilgidek joriy yilda ham ijtimoiy himoyatalab, kam ta`minlangan oilalar, Mehribonlik uylari va maktab-internatlari tarbiyalanuvchilarini imtiyozli sog`lomlashtirish masalasi doimiy diqqat markazida bo`ladi. 

BOLALARNI KIMLARGA IShONIB TOPShIRAMIZ?

Bu yil oromgohlarda 23,6 mingdan ziyod eng munosib pedagog kadrlar, etakchi va to`garak rahbarlari, chet tillari mutaxassislari va talabalar faoliyat olib boradi. Bu kadrlar uchun hududlardagi «O`qituvchilar malakasini oshirish» institutlarida o`quvlar tashkil etish bo`yicha 26 soatli reja-jadval ishlab chiqilgan.

Mavsum davomida oromgohlarda faoliyat yuritadigan pedagog-xodimlarning o`quvlari o`tkaziladi. Har bir etakchi avvalo, tashabbuskor, chaqqon, har tomonlama bilimdon, o`z ortidan bolalarni ergashtira olish qobiliyatiga ega bo`lishi kerak.

OVQATLANISh RASIONI XUSUSIDA

Bolalarning ovqatlanish rasioni sanitariya-gigiena qoidalarida belgilangan bo`lib, har bir oromgoh ularga muvofiq bolalarni ovqatlantiradi. Joriy yilda bu borada ham bir qator yangiliklar amalga joriy etilmoqda. Xususan, bolalar uchun tayyorlanuvchi taomlar turlari ko`paytirilishi, darmondorilarga boy fitochoylarning doimiy tayyorlab berilishi ham ko`zda tutilgan. Bundan tashqari, oromgohlarda bepul tibbiy xizmat yo`lga qo`yilib, ular etarli miqdordagi tez tibbiy yordam uchun zarur dori-darmon bilan ta`minlanadi.

Mavsum boshlanguncha hamma oromgohga ilon va qoraqurt zahriga qarshi zardoblar etkazilib, «Tez tibbiy yordam» mashinalarining belgilangan joylarda doimiy navbatchiligi o`rnatiladi. Oziq-ovqat mahsulotlari va ichimlik suvning sifati-me`yori, sanitariya-gigiena qoidalariga rioya etilishi qat`iy nazoratga olinib, mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan birgalikda oromgohlar sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan o`z vaqtida va to`liq ta`minlanadi.

Eslatma!

Nimalar olib ketish mumkin?

  • Birinchi navbatda, o`ziga zarur anjomlarni olishi tavsiya etiladi. Ya`ni, kiyim-kechak, sanitariya-gigiena vositalari (sovun, tish pastasi va cho`tkasi, sochiq, shampun va hokazo).
  • Oromgoh hududida mobil telefon, kompyuter va boshqa texnika vositalardan foydalanish maskanning ichki tartib-qoidalaridan kelib chiqib tashkillashtiriladi. 
  • Ota-onalar olib keladigan oziq-ovqat mahsulotlari oromgohga kiritilishi ta`qiqlangan!

E`tirozlar yuzaga kelsa!

O`zbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasi Kengashi hamda hududiy birlashmalar qoshida bolalarni yozgi sog`lomlashtirish mavsumining o`tkazilishi bilan bog`liq muammolarni zudlik bilan hal etish, oromgohlar faoliyatiga yordam ko`rsatish maqsadida maxsus shtablar tashkil etiladi. Ota-ona ularga bemalol murojaat qilsa bo`ladi.

Mavzuga oid

Har qanday turdagi oromgohlarning faoliyati «Ta`til davrida bolalarning kunduz kuni bo`lishi ko`zda tutilgan dam oldirish va sog`lomlashtirish oromgohlari joylashuvi, ta`minoti va kun tartibini tashkillashtirishning gigiena talablari»ga muvofiq yuritiladi. Bundan tashqari «Kunduzgi oromgohlarda bolalarni dam oldirish va sog`lomlashtirish tartibi to`g`risidagi Nizom» loyihasi ishlab chiqilgan bo`lib, joriy yilda  kunduzgi oromgoxlar faoliyati tajriba sifatida ushbu Nizomga muvofiq yo`lga qo`yiladi.

Mazkur Nizom loyihasiga muvofiq to`lovlar asosan  tashkilotchilar, homiylar mablag`lari, shuningdek, qonun hujjatlarida ta`qiqlanmagan boshqa mablag`lar yordamida amalga oshirilib, ota-onalar to`lovi ham  belgilanadi.  Ota-onalar tomonidan amalga oshiriladigan to`lov miqdori bolalarning bir kunlik oziq-ovqat me`yori va dam olish smenasi kunidan kelib chiqib, tashkilotchilar tomonidan jami ovqatlanish harajatlarining 25 foizi miqdorida belgilanadi. 

Laylo RUSTAMOVA tayyorladi

 

    Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

    Boshqa yangiliklar