AsosiyJamiyat

Qabul kvotalari tasdiqlandi, deyilgan xabarlar asoslimi?

Kecha ijtimoiy tarmoqlarda «Xushxabar! Qabul kvotalari tasdiqlandi!» degan xabarlar tarqal...

'Qabul kvotalari tasdiqlandi, deyilgan xabarlar asoslimi?'ning rasmi

Kecha ijtimoiy tarmoqlarda «Xushxabar! Qabul kvotalari tasdiqlandi!» degan xabarlar tarqaldi va unga Pdf faylni ilova qilishmoqda. Xo`sh, bu xabarlar qanchalik rost? Bu kabi savollarga huquqshunos bloger Xushnudbek o`z kanalida javob berdi. Jumladan u shunday deydi:

Abiturientlar, o`zi umuman yoshlarimiz juda sodda. Nimani ko`rsa, o`qisa, shunga ishonib ketaveradi. Ozgina o`ylab, tahlil qilib, sinchiklab qarab o`tirmaydi, hovliqqanicha bir-biriga tarqatadi, yolg`on xabarlarga o`zi ishongani etmaganday, birovlarni ham ishontirishga harakat qiladi.

Kechagi tarqatilgan Pdf faylning tepasiga katta qilib «LOYIHA» deb yozib qo`yilgan. Boz ustiga u normativ hujjatlar loyihasi muhokama qilinadigan portaldan olingani ko`rinib turibdi (ko`pchilik bunaqa portal borligini bilmasa ham kerak). Ozgina e`tiborli bo`lgan odam, bu rasmiy qaror emasligini tushunib olishi qiyin emas.

Gap shundaki, bu 18 mart kuni muhokama qilish uchun e`lon qilingan Prezident qarori loyihasi edi. 1 oy oldin chiqqan loyihani "rasmiy" deb tarqatish kimga kerak bo`lib qoldi ekan, hayronman.

Hozircha qabul kvotalari tasdiqlangani yo`q, bu haqda hech qanday rasmiy xabarlar berilmadi. Olgan ma`lumotlarimizga ko`ra, u hali loyiha ko`rinishida va tegishli tashkilotlar tomonidan muhokama qilinmoqda. Agar rasmiy va ishonchli manbalarni kuzatib borsangiz, Prezident qarorga imzo qo`ygach, albatta e`lon qilinadi.

Ayrim kanallar tushunmasdan tarqatayotgan kvotalarga ishonib qolmang, rasmiy qarorda butunlay boshqacha bo`lishi ham mumkin.

Hurmatli, yoshlar, biror ishonchsizroq joyda qandaydir xabarni o`qib qolsangiz, darrov vahimaga tushmang, hovliqmang, ishonib qolmang, o`zgalarga tarqatishga shoshilmang. Detallariga sinchiklab nazar tashlang. Rasmiy va ishonchli manbalar orqali tekshirib ko`ring.

Har biringizda ichki antivirus bo`lsin, har bir o`qigan ma`lumotingizni o`sha antivirus orqali avval yaxshilab tekshirib, keyin hazm qiling", deyiladi ushbu munosabatda.

    Boshqa yangiliklar