1

Prezident yil yakuniga qadar uglevodorodga istiqbolli 16 ta maydonni aniqlash va 23 ta yangi kon zaxiralarini tasdiqlash vazifasini qo`ydi

Siyosat 28.04.2020, 09:27
Prezident yil yakuniga qadar uglevodorodga istiqbolli 16 ta maydonni aniqlash va 23 ta yangi kon zaxiralarini tasdiqlash vazifasini qo`ydi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 27 aprel kuni geologiyada amalga oshirilayotgan ishlar tahlili va galdagi vazifalar muhokamasiga bag`ishlangan yig`ilish o`tkazdi.

Oxirgi uch yilda ushbu sohani tubdan isloh qilish bo`yicha muhim qarorlar qabul qilindi. Shu davrda tarmoqqa ajratilgan mablag`lar 3 barobarga oshdi. Uskunalarning uchdan bir qismi yangilandi. 850 tadan ziyod ilg`or va innovasion texnologiyalar joriy etildi.

Natijada qidirilayotgan qazilma boyliklari turlari 3 tadan  17 taga kengaydi. Ruda tarkibida aniqlanadigan elementlar soni 12 tadan 40 taga etkazildi. 2019 yilda Markaziy Osiyoda ilk bor zamonaviy aerogeofizik kompleks ishga tushirilib, er qa`rini innovasion usullarda o`rganish yo`lga qo`yildi.

Shuningdek, geologiya ishlarining boshlang`ich bosqichida zamonaviy GIS-texnologiyalari asosida dunyoda tan olingan Global-Mapper, Erdas, ENVI dasturlari va yuqori aniqlikdagi Landsat, Aster kosmosuratlaridan foydalanish joriy etildi. Bu usullar ancha chuqur qatlamlar haqida yuqori aniqlikda ma`lumot olish hamda katta hududlarni qisqa muddatda o`rganish imkonini bermoqda. Eng muhimi, vaqt va xarajat tejalmoqda.

Er osti suvlarini monitoring qilish va kadastrini yuritish ham takomillashtirildi. 250 ta kuzatuv qudug`ida er osti suvi parametrlarini masofadan avtomatik o`lchash qurilmalari o`rnatildi.

Sohadagi ishlarni izchil davom ettirish maqsadida joriy yilda geologiya-qidiruv ishlariga 1,6 trillion so`m ajratildi.

Bugungi yig`ilishda mazkur ishlar hajmini oshirish, xorijiy investisiyalar jalb etish masalalari ko`rib chiqildi.

Yil yakuniga qadar oltin va kumush resurslari, mis va 8 turdagi noruda boyliklari zaxiralarini ko`paytirish zarurligi ta`kidlandi. Buning uchun texnikalarni yangilashni davom ettirish kerak. Masalan, zamonaviy uskunalarni qo`llash hisobiga burg`ilash chuqurligini 800 metrdan 1200 metrga etkazish, ish samaradorligini esa 1,7 baravarga ko`paytirish mumkin.

Shu bois joriy yilda geofizika, burg`ilash, tog`-kon va laboratoriyada qo`llaniladigan 385 ta uskunani modernizasiya qilish bo`yicha topshiriq berildi. Yil yakuniga qadar uglevodorodga istiqbolli 16 ta maydonni aniqlash, 23 ta yangi kon zaxiralarini tasdiqlash vazifasi qo`yildi.

Sohaning investision jozibadorligini oshirish masalasi muhokama qilinar ekan, davlatimiz rahbari buning uchun xalqaro standartlarni joriy etish kerakligini ta`kidladi. Xorijiy mutaxassislarni jalb qilib, geologlarni JORC standartlari bo`yicha ma`lumot tayyorlashga o`qitish muhimligi qayd etildi.

O`zlashtirish uchun tayyor 20 ta konga tajribali investorlarni jalb qilish, boshqa istiqbolli maydonlar bo`yicha sarmoyaviy loyihalarni shakllantirish yuzasidan ko`rsatmalar berildi.

Geologiya sohasi qishloq xo`jaligi erlarini suv bilan ta`minlashda ham muhim o`rin tutadi. Xususan, quduqlar qazish uchun har bir tumanga maxsus texnikalar etkazilishi belgilangan.

Yig`ilishda 3 ming gektarga suv chiqarish uchun 70 ta quduq burg`ilash bo`yicha vazifa qo`yildi. Shuningdek, joriy yilda 200 ta yangi quduqda suv sarfini, 400 ta quduqda er osti suv sathini onlayn monitoring qiladigan tizim joriy etish hamda er osti suvlari interaktiv xaritasini yaratish zarurligi ta`kidlandi.

Geologiya rivojida fundamental, ilmiy, innovasion va amaliy tadqiqotlarning o`rni katta. Shu bois yil yakunigacha 2,5 ming kvadrat kilometr maydonni kosmik tasvirlar orqali, 5 ming kvadrat kilometr maydonni aerogeofizika usuli orqali geologik o`rganish yuzasidan topshiriqlar berildi.

Joriy yil 24 yanvarda Oliy Majlisga yo`llangan Murojaatnomada hamda 31 yanvar kuni ilm-fan vakillari bilan uchrashuvda davlatimiz rahbari geologiya sohasida ilmiy salohiyatni rivojlantirishga doir qator istiqbolli vazifalarni belgilab bergan edi.

Shu asosda Geologiya fanlari universitetini tashkil etish bo`yicha ish olib borilmoqda. Uning o`quv dasturlari Sankt-Peterburg konchilik universiteti va boshqa xorijiy ta`lim muassasalarining ilg`or tajribasi yordamida ishlab chiqilmoqda.

Bugungi yig`ilishda mazkur yangi universitet qoshida Geologiya muzeyini tashkil etish va uning faoliyatini o`quv jarayoniga bog`lash yuzasidan ko`rsatmalar berildi.

Mutasaddilar sohada amalga oshirilayotgan ishlar hamda galdagi topshiriqlarni bajarishga qaratilgan rejalar yuzasidan axborot berdi. 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1