5 iyun kuni Xalq ta`limi vazirligi tomonidan Olmazor tumanidagi 15-sonli umumta`lim maktabida “2015-2016 o`quv yilida umumta`lim maktablari o`quvchilarini darsliklar bilan to`liq ta`minlash choralari” mavzusida o`quv-seminari tashkil etildi.
Unda xalq ta`limi tizimi mutasaddilari, o`qituvchilar, maktab kutubxonalari xodimlari ishtirok etdi. Bu haqda Xalq ta`limi vazirligi axborot xizmati xabar beradi.
2015-2016 o`quv yili uchun barcha umumta`lim maktablari ehtiyojidan kelib chiqqan holda, jami 454 nomda 25 million 708 ming nusxadan ortiq darslik va qo`llanmalar chop etilishi rejalashtirilgan. Bugungi kunda nashriyot va bosmaxonalar tomonidan nashr etilgan darsliklar va o`quv-metodik qo`llanmalar qabul qilinib, joylarga etkazilmoqda.
Davlatimiz rahbarining 2012 yil 10 dekabrdagi “Chet tillarni o`rganish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qarori asosida 1-2-sinf chet tili darsliklarining mantiqiy davomi sifatida yangi o`quv yiliga 3-sinf o`quvchilari uchun mualliflar guruhi tomonidan chet tillaridan davlat ta`lim standarti va o`quv dasturi asosida darslik, mashq daftari, o`qituvchi kitobi, multimedia ilovalari ishlab chiqilib, nashriyotlar va bosmaxonalar tomonidan chop etilmoqda.
Tadbirda maktab kutubxonasi jamg`armasidagi mavjud darsliklar, o`quv-metodik qo`llanmalarni xatlovdan o`tkazish, umumta`lim maktablari o`quvchilarini darslik bilan to`liq ta`minlash borasidagi vazifalar atroflicha muhokama etildi.
Ma`lumot uchun, joriy yildan 1-sinf o`quvchilari uchun “Mehnat ta`limi”, 4-sinflar uchun “Mehnat ta`limi”, “Tasviriy san`at”, 5-sinflarda “Mehnat ta`limi”, “Tasviriy san`at” va “Musiqa” fanlaridan darsliklar ijara tizimiga kiritildi. Bu esa ota-onalarga yanada qulaylik tug`diradi. Shuningdek, 5-sinflar uchun “Jismoniy tarbiya” darsligi maktab kutubxonasi fondi uchun 15% miqdorda bepul foydalanish uchun etkazib berildi.





