AsosiyJamiyat

Evroosiyo Iqtisodiy Ittifoqining kelajagi bormi?

'Evroosiyo Iqtisodiy Ittifoqining kelajagi bormi?'ning rasmi

shu kunlarda O`zbekiston Respublikasining Evroosiyo Iqtisodiy Ittifoqi (EOII) bilan hamkorligiga oid masalalar har tomonlama ko`rib chiqish va xulosa qilish maqsadida Oliy majlis Qonunchilik palatasi tomonidan atroflicha o`rganilmoqda. Olib borilgan o`rganish va tahlillar, muhokama jarayonlari, EII bilan hamkorlikning mamlakatimiz iqtisodiyotiga ijobiy va salbiy ta`sirlari yuzasidan ko`plab hamkasblarimning fikr va munosabatlari OAVda keng yoritilib kelmoqda. Ertaga esa yakuniy qaror qabul qilish uchun Palataning yalpi yig`ilishi o`tkazilishi kutilmoqda. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Doniyor G`aniev bu borada o`z fikrlarini e`lon qildi. 

"Ittifoq bilan hamkorlikning shakli bo`yicha o`z pozisiyamni ma`lum qilishdan oldin, EOIIning istiqboli va kelajakdagi roli yuzasidan o`z tahliliy fikrlarimni bo`lishmoqchiman. O`ylashimcha, Ittifoqni 3 turdagi kelajak kutayotganini taxmin qilish mumkin.

1-variant: O`rta va uzoq istiqbolda o`z ahamiyatini yo`qotish. 

Garchi Ittifoq paydo bo`lganiga 10 yildan oshgan bo`lsa ham (Bojxona Ittifoqi sifatida hamkorlik 2010 yilda boshlangan), haligacha a`zo davlatlar o`rtasida savdo aloqalarini oshirish va iqtisodiy o`sishga erishish borasida sezilarli yutuqlarga erishilmadi. Aksincha, a`zo davlatlar o`rtasidagi siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy kelishmovchiliklar ko`paymoqda (Rossiya va Belorussiya orasidagi kelishmovchililar misolida ko`rish mumkin), Ittifoq ichidagi vaziyat ham taranglashgandek tuyulmoqda. Qolaversa, koronavirus pandemiyasi fonida davlatlar o`rtasida chegaralar yopilishi, zarur oziq-ovqat mahsulotlari import-eksportiga cheklovlar qo`yilishi, iqtisodiyotda proteksionist qarorlar qabul qilinishi ortidan mintaqaviy va global integrasiya jarayonlari nafaqat sekinlashi, balki orqaga qaytishi mumkinligini ham ko`pchilik bashorat qilmoqda. Boshlangan iqtisodiy inqirozda neft narxini keskin tushib ketishi va rublni qadrsizlanishi esa Ittifoq doirasida bu jarayonni yanada tezlatishi mumkin. Umuman olganda, yuqoridagi va boshqa omillardan kelib chiqib xulosa qilish mumkinki, EOII cheklangan hamkorlik aloqalarini saqlab qolgan holda xuddi MDH kabi mintaqadagi yana bir ahamiyatsiz tashkilotga aylanishi mumkin. 

2-variant: Yangi a`zo davlatlar hisobiga kengayib, xalqaro maydonda kuchli tashkilotlardan biriga aylanish. 

Rossiyaning G`arb dunyosi bilan siyosiy aloqalari normallashib, unga nisbatan qo`yilgan sanksiyalar bekor qilinishi ortidan xalqaro maydonda EOIIga nisbatan ijobiy qarashlar shaklanishi, dunyoning etakchi davlatlari, tashkilotlari va Ittifoq o`rtasida iqtisodiy, savdo va investision hamkorlik kengayishi hamda tashkilotga yangi a`zolar, jumladan O`zbekiston va Tojikiston qo`shilish ehtimoli ham yo`q emas. Albatta buning uchun birinchi navbatda Rossiya hukumatidan xalqaro maydonda va Ittifoq doirasida “o`yin qoidalari”ga qat`iy amal qilish, EOII a`zo davlatlar o`rtasida o`zaro teng manfaatli hamkorlikni rivojlantirishga mo`ljallangan tashkilot sifatida ko`rish hamda undan o`z siyosiy maqsadlariga erishishda instrument sifatida foydalanmaslik talab etiladi.

Lekin Rossiya hukumatining oxirgi yillardagi siyosati va harakatlari, ba`zan qo`shni davlatlarning “suverenitet” kabi qadriyatlarini inkor qilishidan (Ukraina va Gruziya) kelib chiqib xulosa qilinadigan bo`lsa, bu variantni amalga oshish ehtimoli juda-juda past. 

3-variant: Xitoy ishtiroki va ta`siri doirasidagi boshqa bir integrasiya/tashkilotga qo`shilib yoki birlashib ketish. 

Oxirgi yillarda Xitoyning mintaqadagi roli faollashgani hech kimga sir emas. Natijada, bugun Xitoy Markaziy Osiyo davlarlarining asosiy savdo hamkori va mintaqa davlatlari ishlab chiqaradigan neft-gaz mahsulotlarining eng katta xaridori, shuningdek, “Bir kamar, bir yo`l” tashabbusi orqali mintaqaning eng katta sarmoyadoriga aylandi. Bu esa mintaqada ertami-kechmi Rossiya va Xitoyning manfaatlari to`qnashishini anglatadi. Tabiiyki, voqealar bu holatga etib borishini ikkala davlat ham istamaydi. Chunki global maydonda G`arb davlatlarining etakchiligiga qarshi turish maqsadida oxirgi yillarda ikkala davlat o`rtasida yaqin strategik hamkorlik aloqalari o`rnatilganligini, neft-gaz sohasida bir necha yuz millardlik gigant loyihalar imzolanganligini unutmaslik kerak.

Qolaversa, Ittifoqning barcha davlatlari Xitoy bilan birga Shanxay Hamkorlik Tashkilotining (ShHT) faol ishtirokchisi ekanligi va ShHT doirasida ham a`zo davlatlar o`rtasida iqtisodiy hamkorlik va integrasiyaga urg`u berila boshlangani inobatga olinsa, uzoq istiqbolda Ittifoqning ShHTga qo`shilib yoki birlashib ketish ehtimoli ham yo`q emas. 

Shaxsiy xulosam va pozisiam: Yuqoridagi 3ta variantdan fikrimcha 1-variantning hayotda o`z isbotini topish ehtimoli katta. Qolaversa, EOIIda kuchlar tengligi ta`minlanmaganligi (Evropa Ittifoqidan asosiy farqi ham shunda menimcha), ya`ni Rosssiyaning siyosiy, iqtisodiy va harbiy jixatdan tashkilotda mutlaq dominant pozisiyaga egaligi, Ittifoqning kelajakda muvaffaqiyatga erishishi qiyinligining asosiy sabablaridan biri deb hisoblayman. Garchi, iqtisodiy nazariyadan kelib chiqib, integrasiya va mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik tarafdori bo`lsamda, lekin yuqoridagi sabablarga ko`ra men hozirgi holatda EOII bilan yaqin hamkorlik aloqalarini yo`lga qo`yilishiga va O`zbekistonning Ittifoqqa a`zo bo`lishiga qarshiman. 

Lekin shu bilan birga bir narsani unutmaslik kerak, Rossiya biz uchun muhim strategik hamkor, tabiiy va abadiy omil. Istaymizmi-yo`qmi, Rossiya bilan ham geo-sisyosiy ham iqtisodiy jihatdan bog`langanmiz. O`zbekistondan Rossiya bilan yahshi munosbatalarda bo`lish, o`zaro aloqalarni rivojlantirib borish talab etiladi. Boshqacha aytganda Rossiyadek katta, qudratli va boy davlat bilan imkon qadar diplomatik yo`l tutib, kelishib yashash bizning iqtisodiy-siyosiy manfaatlarimiz uchun muhim. Shu bois, Evroosiyo Iqtisodiy Ittifoqi bilan kuzatuvchi maqomida hamkorlikni yo`lga qo`yilishi pragmatik va diplomatik qaror, deb hisoblayman. 

Kuzatuvchi maqomi bizga tashkilotni kelajakda qaysi tomonga qarab yo`nalish olganini kuzatib borish, Ittifoq doirasida qarorlar qabul qilinish jarayoni bilan yaqindan tanishish, tashkilot bilan hamkorlikning mamlakatga ehtimoliy oqibatlarini asoslangan hisob-kitoblar asosida aniqlash hamda shu asosda a`zolikni milliy manfaatlarimizga mos yoki zidligi borasida xulosa qilish imkoniniyatini beradi. 

Shuningdek, Ittifoq bilan kuzatuvchi maqomida hamkorlikni yo`lga qo`yish bilan chegaralanmay, ayni paytda boshqa xalqaro iqtisodiy va siyosiy tashkilotlar, jumladan Jahon Savdo Tashkiloti, Evropa Ittifoqi, hamda dunyoning kuchli gegemon davlatlari (Xitoy, AQSh, Rossiya) bilan to`g`ridan-to`g`ri ikki-tomonlama hamkorlik aloqalarni izchil rivojlantirib borishimiz muhim" deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.

    Boshqa yangiliklar