AsosiyJamiyat

"Uning 3 farzandi bor": Toshkentda "dom"larning hovlisida yotib yurgan ayol shaxsiga aniqlik kiritildi

Avvalroq 2020 yil 27 aprel kuni ijtimoiy tarmoqlar orqali keng tarqalgan Toshkent shahar,...

'"Uning 3 farzandi bor": Toshkentda "dom"larning hovlisida yotib yurgan ayol shaxsiga aniqlik kiritildi'ning rasmi

Avvalroq 2020 yil 27 aprel kuni ijtimoiy tarmoqlar orqali keng tarqalgan Toshkent shahar, Chilonzor tumani, 2-Katta Chilonzor mavzesi, 80-uy yon tomonidagi bog` ichida yotgan homilador ayol to`g`risida xabar bergan edik. Tarqalgan xabarlar asosida tuman hokimligi va tuman IIO FMB mas`ullari birgalikda borib ushbu holatni o`rgandi.

Olib borilgan surishtiruv ishlari jarayonida ma`lum bo`lishicha, bu ayol Nalimova Anna Rustamovna bo`lib, 04.03.1989 yilda Toshkent shahrida tug`ilgan. Toshkent shahar, Chilonzor tumani, 9-mavze, 44-uy, 60–xonadonda doimiy ro`yxatda turadi. Hozirgi paytda bu manzilda uning 3 nafar farzandi o`z buvilari bilan yashaydi. Ma`lum bo`lishicha, bu manzilda yashash sharoiti og`ir bo`lganligi sababli Chilonzor tumani hokimligi tomonidan unga 2019 yil noyabr oyida Chilonzor tumani, Nurxon ko`chasi 20 “b”-uy yotoqxonasidan turar-joy ajratilgan. Biroq shunga qaramasdan,  A.R.Nalimova unga ajratilgan turar-joyda ham yashamasdan, doimiy ravishda spirtli ichimlikka ruju qo`ygan va ko`chalarda yotib qolavergan. Shu sababli uning sog`lig`i yomonlashgan. A.R.Nalimovaga 4-sonli IIB Profilaktika va XKMB inspektorlari tomonidan bir necha marotaba “Tez tibbiy yordam” xizmati chaqirtirilib, Toshkent shahar Tez yordam klinik shifoxonasiga yotqizilgan.

O`rganish jarayonida aniqlanishicha, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlarda ko`rsatilgandek, A.R.Nalimova homilador emas, uning jigari kasalligi tufayli tanasida, oyoqlarida shishlar paydo bo`lib, asosan qorin qismida katta shish paydo bo`lgan.

Hozirda A.R.Nalimovaga birinchi tibbiy yordam ko`rsatilgan va u Toshkent shahar 2-sonli yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqizilgan. 

Ha, chetdan qaraganda bu ayolning taqdiri achinarli. Lekin nega shunday bo`ldi? 31 yoshdagi 3 nafar farzandi bor ayol nega bunday ahvolga tushdi?

Xalqimizda bir hikmatli naql bor, har ne kelsa boshingga, avvalo aybni o`zingdan izla. Biz ko`p ko`rganmiz farzandlarini, oilasini o`ylaydigan irodali ayollar uncha-muncha dardlarni engib o`tib ketadi. Lekin, biz A.Nalimova haqida bunday fikrni ayta olmaymiz. 

Uning bunday og`ir holatga tushishiga o`zi aybdor, negaki, o`z oilasi, farzandlari bilan yashashni istamay, ro`yxatda turgan qonuniy yashash joyidan chiqib ketgan. Ko`chada qolmasligi uchun unga tuman hokimligi tomonidan alohida turarjoy berilsa ham, o`z maishatini o`ylagan bu ayol ichkilikni va ko`chani afzal bilgan. 

Nima bo`lganda ham A.Nalimovaga Ollohdan shifo va to`g`ri yo`lga qaytishini so`rab qolamiz.

    Boshqa yangiliklar