1

O`zbekiston va Evroosiyo iqtisodiy ittifoqi: mamlakat va xalq manfaatlari yo`lidagi integrasiya to`g`risidagi fikrlar

Siyosat 28.04.2020, 18:06
O`zbekiston va Evroosiyo iqtisodiy ittifoqi: mamlakat va xalq manfaatlari yo`lidagi integrasiya to`g`risidagi fikrlar

EOIIga kuzatuvchi maqomini olish, kelajakda ittifoqqa a`zo bo`lish majburiyatini yuklamaydi va u belgilangan muddat bilan cheklanmagan.

So`nggi uch oy davomida O`zbekistonning Evroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan hamkorlik masalalariga oid muhokamalar ham hukumat, vazirlik va idoralar darajasida, ijtimoiy tarmoqlarda va ham keng jamoatchilik orasida qizg`in davom etmoqda.

Ushbu dolzarb mavzu bo`yicha O`zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev ham bir necha marotaba to`xtalib o`tdi. Xususan, Prezident Oliy Majlis Senatining birinchi majlisidagi nutqida O`zbekiston EOIIga kuzatuvchi davlat maqomi olishini taklif etdi.

Joriy yilning 20 yanvar kuni O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Oliy Majlis Qonunchilik palatasi birinchi yig`ilishidagi nutqida “Integrasiyalashuv haqida ikki og`iz aytsam. Mustaqilligimizni berib qo`yamiz, degan gaplar shunchaki hoyu-havas gaplar. Kim berib qo`yadi mustaqillikni? Bunaqa bo`lmaydi. Bundan tashqari kuzatuvchi degani, a`zo degani ham emas. Biz kuzatuvchi maqomida nima yaxshi, nima yomonligini kuzatamiz. Asosiy o`rinda xalq manfaatlari turadi” deyildi.

Prezidentning Oliy Majlisga murojaatnomasida xalq vakillari bo`lgan deputat va senatorlar parlament palatalarida mazkur masalani atroflicha muhokama qilib, o`z zimmalariga mas`uliyatni olgan holda, asoslangan takliflarni berishlari kerakligi aytildi.

Hukumatga esa tarmoqlar kesimida olib borilgan tahlillar natijalari asosidagi kompleks baholashlarni yakunlab uning natijalarini Oliy Majlis palatalari muhokamasiga taqdim etish topshirig`i berildi.

Kuni kecha O`zbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasining raisi Qudratulla Rafiqov EOIIga a`zo bo`lishning ustunliklari va kamchiliklarini tahlil qilgan holda, xozirgi sharoitda O`zbekiston EOIIda kuzatuvchi maqomiga ega bo`lishi bu mantiqiy va maqbul qadam ekanligini ta`kidladi. “Kuzatuvchi maqomi ittifoqning “ichidan qarash” imkoniyatini beradi. Faqat shu yo`l bilan biz yuqorida aytib o`tilgan integrasiya birlashmasida ishtirok etishdan mamlakatimiz qanday afzalliklar va salbiy oqibatlarga olib kelishini sinchkovlik bilan o`rganishimiz mumkin” dedi kasaba uyushmalari Federasiyasining raisi.

Ta`kidlash joizki, Evroosiyo iqtisodiy ittifoqi dastlab Bojxona ittifoqi ko`rinishida tashkil topgan, unga a`zo davlatlar o`zaro savdo olib borishda hamkorlikni kuchaytirish, to`siqlarni kamaytirish, milliy iqtisodiyotni modernizasiyalash va raqobatbardoshligini oshirish orqali aholining turmush darajasini yaxshilash va barqaror rivojlanish uchun shart-sharoitlar yaratish maqsadida tashkil etilgan.

Bugungi kunda mazkur tashkilotga Armaniston, Belarusiya, Qirg`iziston, Qozog`iston va Rossiya Federasiyasi a`zo. Shuningdek, Moldova Respublikasi kuzatuvchi maqomiga ega. 2019 yil 29 may kuni Moldova Prezidenti Igor Dodon ushbu maqom olinganiga bir yil munosabati bilan qilgan nutqida: “Albatta biz integrasion jarayonlar, imkoniyatlar, Evroosiyo iqtisodiy ittifoqini rivojlantirish muammolari va istiqbollari xaqida qimmatli ma`lumotlarga ega bo`ldik” dedi. Bir yil ichida Moldova va EOII orasidagi tovar aylanmasi
10 foizga ortdi.

Davlatlarning kuzatuvchilik maqomi “Evroosiyo iqtisodiy ittifoqida kuzatuvchi davlat maqomi to`g`risida”gi nizomi bilan tartibga solinadi. Bunda a`zo mamlakatlar tomonidan imzolangan mazkur nizomga asosan, Ittifoq bilan hamkorlik qilish maqsadida bo`lgan davlat Ittifoqning Oliy Kengashi raisi nomiga kuzatuvchi maqomini berish to`g`risidagi so`rovnoma yuboradi va bu bilan EOII ta`sis shartnomasining 109 moddasi doirasida faoliyat yuritishini kafolatlaydi.

Xususan, kuzatuvchi davlatning vakolatli vakillari EOII taklifiga binoan, Ittifoq organlari yig`ilishlarida ishtirok etish, qabul qilingan qarorlar bilan tanishish (maxfiy hujjatlar bundan mustasno) huquqiga ega. Kuzatuvchi maqomi ittifoq organlarida qaror qabul qilishda ishtirok etish imkoniyatini bermaydi.

Kuzatuvchi maqomini berish to`g`risidagi qaror tashkilotning Oliy Kengashi tomonidan qabul qilinadi. Kuzatuvchi maqomini olgan davlat EOII ta`sis shartnomasida ko`rsatilgan maqsad va yo`nalishlarga zid, ittifoq va uning a`zo davlatlari manfaatiga zarar etkazadigan hatti-harakatlar yo`l qo`yilmasligi shart.

EOIIda kuzatuvchi maqomini olgan davlat hukumati, Evroosiyo iqtisodiy komissiyasi vakolatxonasiga o`zining doimiy vakilini yuboradi. Ushbu shaxs kuzatuvchi davlat nomidan Komissiya va uning organlari bilan doimiy aloqa o`rnatish vakolatiga ega bo`ladi.

Ushbu doimiy vakil o`zining davlatidagi Hukumat bilan Ittifoq doirasida savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish, texnik, bojxona, sanitariya va fitosanitariya reglamentlarini tartibga solish, Komissiya vakolatiga kiradigan boshqa masalalar bo`yicha doimiy aloqalarni o`rnatish va qo`llab-quvvatlashga mas`ul bo`ladi. Shuningdek kuzatuvchi davlat va a`zo davlatlar uchun o`zaro manfaatli sohalarda ikki tomonlama va ko`p tomonlama muloqot o`rnatish
va hamkorlik qilish masalalarida faoliyat ko`rsatadi.

EOIIda kuzatuvchi davlat maqomi nima va u nimalarni beradi?

Birinchidan, EOII tashkiloti hali yosh tashkilot bo`lib hozirda tashkilotning shakllanish jarayonida qatnashish bizga asosiy savdo sheriklarimiz to`g`risida muhim ma`lumotlarga ega bo`lish imkoniyatini beradi. Gravitasiya modellariga asoslangan holda shuni aytishimiz joizki, yuqori ehtimollik bilan ushbu mamlakatlar kelajakda ham bizning asosiy savdo sheriklarimiz bo`lib qoladi.

Ikkinchidan, O`zbekistonning EOIIga a`zo bo`lishi ta`siri bir qancha aqliy markazlar tomonidan har tomonlama o`rganib chiqildi. Hozirda integrasiya jarayonlarini u yoki bu iqtisodiy sohalarga ta`siri bo`yicha aniq hisob-kitoblar mavjud. Shu bilan birga, aytish joizki, bu hisob-kitoblar qandaydir farazlar asosida amalga oshirilgan. Kuzatuvchi maqomida ushbu farazlarning haqiqatga qanchalik yaqinligi qayta ko`rib chiqiladi. EOIIda qarorlar qabul qilish jarayoni mukammal o`rganiladi. Oddiy til bilan aytilganda, qaror qilishdan oldin etti marta o`lchab bir marta kesiladi.

Uchinchidan, EOIIga a`zo davlatlar O`zbekistonning yaqin qo`shnilari hisoblanadi. Qo`shnilarimizning u yoki bu qarorlari albatta bizning iqtisodiy rivojlanishimizga ta`sir qilmay qolmaydi. Bunday sharoitda, kuzatuvchi maqomi EOII Oliy Kengashida turli mavzularda olib borilayotgan muhokamalarda ishtirok etish, qabul qilingan qarorlardan o`z vaqtida xabardor bo`lish va unga asosan o`z iqtisodiyot tarmoqlarimizda tizimli o`zgartirishlar kiritish va kamchiliklarni bartaraf etib borish imkoniyatini beradi.

To`rtinchidan, Har bir integrasiya jarayoni iqtisodiyotning turli tarmoqlari uchun raqobat muhitini keskin kuchaytiradi. Kuzatuvchi maqomida biz sanoatimizning lokomotiv korxonalarini keskin raqobat muhitida faoliyat yuritishga tayyorlash uchun muhim ma`lumotlarni olish imkoniyatiga ega bo`lamiz.

EOIIga kuzatuvchi maqomini olish, kelajakda ittifoqqa a`zo bo`lish majburiyatini yuklamaydi va u belgilangan muddat bilan cheklanmagan.

Xamidulla Normuradov, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Administrasiyasi huzuridagi

iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1