Savol: Ko`cha-ko`yda ba`zi yoshlarni uchratib qolaman, qo`llariga va boshqa tana a`zolariga har xil suratlarni maxsus kuydirib yozuvchi moslamalarda katta qilib chizdirishadi. Kimdir o`zi sevgan qo`shiqchining nomini yozdiradi, yana kimdir yaxshi ko`rgan qizining rasmini va shunga o`xshash narsalarni qo`liga, ko`kragiga chizdiradi. Ayanchlisi, ayrim chet el telekanallarida “tatuirovka” deb ataluvchi ushbu amal bugungi kunda ommaviy madaniyatning bir ko`rinishi sifatida keng targ`ib qilinmoqda. Savolim, bu kabi xatti-harakatlarga islom dini qanday munosabat bildiradi?”.
Alisher, Toshkent shahri, Uchtepa tumani
Barcha mavjudotlar orasida har jihatdan to`la va komil qilib yaratilgan insonni o`zi eng katta mo``jiza ekanligini har bir din va har bir millat egalari e`tirof etadilar. Alloh taolo otamiz Odam (a.s.) ni yaratib u kishiga Momo-Havvo onamizni hamroh va juft qildi. Bular ila to qiyomatgacha er yuzida davom etadigan butun insoniyat naslini taratdi. Shu bilan birga insonni o`zga mavjudot va maxluqotlardan o`zgacha tarzda va go`zal, a`zolarini mutanosib shaklda yaratdi.
Har ne`matni borida qadrlang!
Bu haqda Alloh taolo Kalomi sharifining ko`pgina oyatlarida aytib o`tgan. Jumladan Mulk surasning 3-oyatida shunday marhamat qiladi:
“(Ey, inson!) Rahmonning yaratishida biror tafovutni (nuqsonni) ko`rmaysan. Bas, ko`zingni yana (samoga) qaytargin-chi, (unda) biror yoriqni ko`rarmikansan?”.
Erkak kishiga ruhan va jismonan erlik xususiyatini ato etdi. Ayolga esa uning tabiatiga muvofiq nozik va latiflikni tuhfa etdi. Biroq, ushbu ne`matlarini omonat sifatida berib, ularni asrab-avaylashni buyurdi.
Har bir inson o`ziga berilgan barcha a`zo ne`matlari ustida tafakkur qilsa yoki o`sha a`zolarning biridan mahrum bo`lgan kishi haqida o`ylab ko`rsa, bularning barchasi inson uchun bebaho ne`mat ekanligini aniq tushunib etadi.
Kishiga butun hayotida Alloh taolo tomonidan in`om etilgan a`zolarini asrab-avaylashi zarur amallardandir. Chunki Haq taolo odam farzandini o`ta ko`rkam va sun`iy go`zallik unga sig`maydigan darajada go`zal va chiroyli qilib yaratdi. Qur`oni karimning “Tiyn” surasi 4-oyatida shunday marhamat qildi: “Haqiqatan, Biz insonni xushbichim va xushsurat (shaklda) yaratdik”.
Oy yuzidagi dog`lar
Hozirgi paytda erkak va ayollar tomonidan o`z chiroyiga futur etkazishni xohlaydiganlar ming afsuski topilib turadi. Badaniga har-xil naqshlar, suratlar, e`tiqodiy ramzlarni chizdirish holatlari uchraydi. Bu narsalar umumiy nom bilan “tatuirovka” deb ataladi.
Xo`sh, bu haqda muqaddas Islom dinimiz ta`limotida nimalar deyilgan? Albatta islomda “tatuirovka”, ya`ni kishi badaniga igna yoki boshqa vositalar bilan chizish, yozish qattiq qoralangan.
Bunda, avvalambor, inson o`ziga aziyat berishi va Alloh taolo tomonidan berilgan a`zolarga xiyonat qilishi bor. Shu sababli, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday amalni qilgan va unga ko`maklashgan kishilarga la`nat bo`lishini ta`kidlaganlar.
Abdulloh ibn Mas`ud roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan qilgan rivoyatlarida U zot: “Igna bilan badaniga surat chizuvchi ayol va chizdirtiruvchini, soch ulaydiganni va ulatadiganni, husn uchun tishlarining orasini ochuvchini va Alloh xalq qilgan narsani o`zgartiruvchini la`natlagan”, deb aytdilar. (Imom Buxoriy rivoyati)
Ibn Abbos roziyallohu anhudan qilingan rivoyatda soch ulovchi va soch ulatuvchi ayolni, igna bilan badaniga surat chizuvchi ayolni va chizdiruvchini, og`riqsiz badaniga surat chizuvchini la`natlangan (Abu Dovud rivoyati).
Alloh taolo kalomi sharifida: Bas, (ey, Muhammad!) Yuzingiz (o`zingiz)ni doimo to`g`ri bo`lgan dinda (Islomda) tuting! Insonlarni o`sha asosda yaratgan Allohning yaratuvchiligini (anglangiz!) Allohning yaratishiga o`zgartirish yo`q. Eng to`g`ri din shudir, lekin ko`p odamlar (buni) bilmaslar. (Rum surasi 30-oyat)
Ushbu oyatdan ma`lum bo`ladiki, Alloh taolo insonga bergan, umri, sog`lig`iga ziyoni etmagan a`zoni banda qanday yo`l bilan bo`lsin o`zgartirishi mumkin emas.
Demak, yuqoridagi oyat va hadisi shariflardan xulosa qilib shuni aytish mumkinki, tatuirovka qilish va qildirish Alloh yaratgan xilqatni o`zgartirish hisoblanib, la`natlangan va qattiq qaytarilgan hamda shaytonni rozi qilib, Allohning g`azabini keltiradigan ishdir. Bunday holatlarni “Alloh taolo yaratgan xilqatni o`zgartirish va u harom amal”, deb aytish mumkin.
Jaloliddin Hamroqulov,
Toshkent islom instituti “Tahfizul Qur`on” kafedrasi mudiri
Ziyo.uz saytidan olindi.