AsosiyJamiyat

“O`zekspomarkaz”da yirik sanoat yarmarkasi ish boshladi

“O`zekspomarkaz”da geologiya, yoqilg`i-energetika, kimyo, neft-kimyo va metallurgiya sanoati hamda axborot tizimlari va telekommunikasiyalar masalalari komplekslarining tarmoq sanoat yarmarkasi ochildi. 

Har yili o`tkazilayotgan tarmoq sanoat yarmarkalari korxonalarga ishlab chiqarish va qayta ishlangan xomashyo, material va butlovchi buyumlar, tayyor mahsulotlarni etkazib berishda uzoq muddatli xo`jalik aloqalarini kengaytirish hamda tarmoq va tarmoqlararo kooperasiya asosida yangi turdagi mahsulotlarni o`zlashtirishga ko`maklashish maqsadida tashkil etilmoqda, deya xabar beradi O`zA. 
Ushbu tadbirlarga bo`lgan qiziqish yil sayin ortib borayotgani e`tiborga loyiq. Masalan, o`tgan yilgi forumda 250 dan ortiq korxona ishtirok etib, qariyb ikki ming turdagi yangi mahsulotlarni taqdim etgan edi. Ularning 90 turi Mahalliylashtirish dasturi bo`yicha o`zlashtirilgan yangi mahsulotlardir. Joriy yilda ikkita yirik kompleksni birlashtirgan ko`rgazmalar maydonida 300 dan ortiq sanoat korxonasi 2,5 ming turdan ortiq mahsulotlarni namoyish qilmoqda. Ularning 100 turi yangi mahsulotlardir. 
Ishtirokchilar orasida “O`zbekneftgaz” milliy xolding kompaniyasi tarkibidagi korxonalar alohida ajralib turibdi. Ayni paytda sohada ishlab chiqarishni keng ko`lamli modernizasiya qilish, texnik va texnologik qayta jihozlash ishlari amalga oshirilib, tayyor mahsulotlarni mahalliylashtirish darajasini oshirish bo`yicha loyihalar hayotga tatbiq etilayotir. 
Tarmoq sanoat yarmarkasida “O`zbekneftgazqazibchiqarish”, “O`zgeoburg`uneftgaz”, “O`ztransgaz”, “O`zneftmahsulot”, “O`zneftgazmash”, “O`zneftgazqurilishinvest” aksiyadorlik kompaniyalari va boshqa korxonalar faol ishtirok etmoqda.
“O`zbekko`mir” aksiyadorlik jamiyati tarmoq va uning bo`linmalarini boshqarish tuzilmasi, ko`mir qazib olish va texnologik transportni takomillashtirish, yoqilg`i-energetika resurslaridan oqilona foydalanish borasida qator chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish bilan birga import o`rnini bosadigan mahsulotlar ishlab chiqarishga ham alohida e`tibor qaratmoqda. 
Joriy yilning o`tgan 5 oyida qiymati 1,4 milliard so`mdan ortiq bo`lgan mahalliylashtirilgan mahsulot tayyorlandi va sotildi. Yil oxirigacha mamlakatimizning kon-shaxta va kon-transport asbob-uskunalariga ehtiyot qismlar va buyumlar ishlab chiqaradigan zavodlar bilan kooperasiyani amalga oshirish va yangi turdagi mahsulotlarni o`zlashtirish bo`yicha ishlar davom ettiriladi. 
Tarmoq sanoat yarmarkasida “O`zkimyosanoat” davlat aksiyadorlik kompaniyasi tarkibidagi 11 korxona ishtirok etmoqda.

Tarmoq sanoat yarmarkasida Axborot tizimlari va telekommunikasiyalar masalalari kompleksining 30 ga yaqin korxonasi qatnashmoqda. Ular raqamli televidenie priyomniklari, turli xil modemlar, IPTV-pristavkalar va multipleksorlar, stasionar va mobil telefonlar hamda boshqa turdagi yuqori texnologiyali mahsulotlarni namoyish etmoqda. 
 

    Boshqa yangiliklar