Xorijda yashaydigan vatandoshlarimizning hayoti va faoliyati ko`pchilik uchun qiziq. Suhbatdoshimiz, o`z sohasida muvaffaqiyatlarga erishgan, asli farg`onalik bo`lgan Jon Toshmatov bugungi kunda AQShda yashaydi. Vatandoshimizning IT sohasidagi muvaffaqiyat sirlarini bilish uchun jurnalist Dilfuza Sobirova u bilan bog`lanib, intervyu oldi.
– Avvalo o`zingiz haqingizda ma`lumot bersangiz,ITsohasini o`rganish uchun qaysi dargohlarda ta`lim olgansiz?
– Maktabni bitirganimdan so`ng, Abu Rayhon Beruniy nomidagi Toshkent davlat texnika universitetiga hujjat topshirganman, lekin afsuski, ballarim etmadi va o`qishga kira olmadim. Keyingi yil Farg`ona Politexnika universitetiga o`qishga kirish nasib etdi.U erda 1998 yilgacha o`qib, so`ng AQShning o`qish va malaka oshirish dasturi bo`yicha “KaliforniyaPolitexnikaUniversiteti”ga kirdim. Dasturni muvaffaqiyatli yakunlaganimdan so`ng Ayova shtatidagi Klark universiteti KompyuterTexnologiyalariyo`nalishida bakalavr tizimini bitirganman va so`ngra Florida shtatining Seynt-Liyouniversitetida magistr tizimida ham o`qidim.
–Hozirda ko`pchilik havas qiladigan natijalarga erishdingiz, muvaffaqiyatingiz siri nimada deb o`ylaysiz?
– AQShga o`qish va tajriba orttirish niyatida kelganman. Bilmadim, hamma havas qiladigan darajaga etdimmi yoki yo`q, lekin AQShda men nufuzli universitet va o`quv markazlarida tahsil olishga muvaffaq bo`ldim. Katta-katta kompaniyalarda ishlab, tajriba orttirdim, hozirda esa Nyu-York shahrida o`z vatandoshlarimga informasion texnologiyalar bo`yicha ta`lim berib kelmoqdaman. Amerika imkoniyatlarga boy davlat bo`lishi bilan birga, o`ziga xos raqobat kuchiga ham ega. O`z tajribamdan kelib chiqqan holda hozirda ish yuritish bo`yicha o`ziga xos uslubga egaman.
Fe`limda taslim bo`lmaslik bor. Har bir qilayotgan ishingizda albatta, to`siqlar uchraydi, boshida o`xshamasligi mumkin, lekin odam taslim bo`lmasdan yo`lida davom etsa, menimcha hamma narsaga erishsa bo`ladi. Keyinchalik o`z tajribangizga ega bo`lganizdan so`ng, og`ir mehnat aqliy mehnatga o`tadi, o`shanda siz o`z ishingiz ustasiga aylanib borayotganingizni tushunasiz.
– Bugungi biznes faoliyatingiz haqida so`zlab bersangiz. U nimalardan iborat?
– Bugungi kunda AQShning Nyu-York shahrida vatandoshlarimiz soni ko`payib bormoqda. Barchamizga ma`lum, AQShda vatandoshlarimiz o`zlari tanlagan kasblarini davom ettirishlari juda qiyin. Buning uchun tilni mukammal bilish va 4-5 yillik bakalavr tizimida o`qish lozim. Shuning uchun men qisqa muddatli, ya`ni 6-9 oy oralig`ida o`qish mumkin bo`lgan IT-kurslarini ochganman. Vatandoshlarimga IT sohasida kerakli bo`ladigan bilimlarni o`rgataman. IT sohasi juda keng qamrovli, tibbiyot, jurnalistika, sport, haydovchilik, biznes yuritish va yana ko`plab kasblarni o`z ichiga oladi. Ko`plab vatandoshlarimiz tibbiyot sohasiga qiziqqan holda o`zlari tanlagan yo`nalish bo`yicha IT-texnologiyalarni o`rganib, ishlab kelishmoqda. O`zbekistonda ham IT-o`quv markazini ochmoqchiman. Unda malakali dasturchilarni tayyorlab, dunyoning barcha rivojlangan malakatlaridan mijozlar topib, O`zbekiston dasturchilarini ish bilan ta`minlash va O`zbekiston iqtisodiyotini rivojlantirishga o`z hissamni qo`shish niyatidaman.
– O`zbekistonlik yoshlar juda harakatchan, bu intervyu ularni ilhomlantirishi, shubhasiz. Siz kabi muvaffaqiyatga erishgan insonlar maslahati ularga juda asqatadi va motivasiya beradi. Ularga qanday tavsiyalar bergan bo`lardingiz?
– O`zim ham yoshligimdan juda intiluvchan va harakatchan bo`lganman, aynan shu xislatim erishgan muvaffaqiyatlarimga sabab bo`lgan deya olaman. Yoshlarimizga har doim ilm yo`lida harakat qiling va zamonaviy bilimlari o`rganing, degan bo`lardim. Hech qachon xato qilishdan qo`rqmang. Ko`plab yutuqlar xatolar evaziga keladi. O`zim doim rioya qiladigan bir shior bor: “Aqlli odam o`z xatolardan saboq oladi, aqlliroq odam esa boshqalarning xatosidan saboq oladi, ammo dono odam boshqalarning muvaffaqiyatidan o`rganadi”. Hech qachon erishgan darajangizda to`xtab qolmang, har doim yanada balandroqqa ko`tarilishga intiling. Kelajakka qandaydir meros qoldirishga intilib yashash kerak.
– “My IT Education” kompaniyasining kelajagini qanday ko`ryapsiz? Haqiqatdan ham to`rt yillik o`qish davomida olinadigan bilim va ko`nikmalarni olti oyda o`rganish mumkunmi? O`zbekistondan turib ham o`quv markazingizda onlayn ta`lim olsa bo`ladimi?
– “My IT Education”ning oldiga qo`ygan asosiy maqsadi, bu AQShdagi vatandoshlarga IT sohasining fundamental bilimini o`rgatish va ularga shu soha bo`yicha ish topish malakasini tushuntirish. Hozirgi “My IT Education” markazida ta`lim olganlardan beshtasi Zend Sertifikat Muhandisi unvoniga ega bo`ldi va bir nechtasi shu sohada ishlab kelmoqda. Faoliyatimizni yaqinda boshlaganimiz sababli, hali natijalarimiz u darajada katta emas. Agar to`rt yillik bakalavr tizimini o`qib bitirish uchun o`rtacha 120 ta kredit kerak bo`lsa, o`shaning yarmidan ko`pi ta`limning umumiy darslari hisoblanadi, ya`ni tarix, ingliz tili va shu kabi gumanitar fanlar kiritiladi. “My IT Education” da biz faqat kompyuter sohasiga kerakli bo`lgan fanlarga e`tiborimizni qaratamiz va ko`proq haqiqiy loyihalar ustida ishlash bo`yicha tajriba oshiramiz. Hozirda biz: HTML, CSS, JavaScript, JQuery, Angular, Bootstrap, PHP, SQL, AWS va yana ko`plab dasturlash darsliklari bilan vatandoshlarimizga ta`lim beryapmiz. Va dastur oxirida talabalarga rezyumelar yozish va ish suhbatlariga tayyorlanishda ko`maklashamiz. O`zbekistondagilar ham albatta, bizning kurslarda onlayn ravishda ta`lim olishi mumkin, bunging uchun faqat kompyuter va internet bo`lsa bas.
– Hozir butun dunyo karantinda, yoshlarga karantin paytida nimalar bilan mashg`ul bo`lishni tavsiya etgan bo`lardingiz?
– COVID-19 dunyoga kelgan bir balo bo`ldi deb o`ylayman. Karantin paytida uyda o`tirish juda ham muhim choralardan biri. Bu virusning tarqalishini oldini olish bilan birga to`xtatadi ham. Uyda o`tirgandan foydalanib, yoshlarimiz ilm olishlari mumkin. Oldin qurgan rejalarini amalga oshirish maqsadida o`zlari xohlagan loyihalari ustida ishlari, IT-sohalari bo`yicha onlayn tizimda saboq olishlari mumkin. Dasturlashni o`rganib olishsa, O`zbekistondan turib katta-katta kompaniyalar bilan ishlashlari mumkin. Agar siz IT-sohasida dastur tilini bilsangiz, xohlagan joyda ishlashiz mumkin. Qaerdan bo`lishingizdan qat`i nazar. Chunki bu soha chegara tanlamaydi. Siz texnologiya tillarini yaxshi bilsangiz bo`ldi.