O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 30 aprel kuni joriy o`quv yilini sifatli yakunlash, bitiruv va kirish imtihonlarini tashkil etish masalalari muhokamasiga bag`ishlangan yig`ilish o`tkazdi.

Pandemiya sababli tizimga masofaviy texnologiyalar joriy qilinib, 10 mingdan ziyod ta`lim muassasasidagi 7 million o`quvchi va 500 ming talabaga onlayn dars berish yo`lga qo`yildi. Bu yangi mexanizm karantin sharoitida fanlar o`z vaqtida o`zlashtirilishini ta`minlab bermoqda.
Endi joriy o`quv yilini sifatli yakunlash vazifasi turibdi. Xorijiy davlatlar tajribasi va bugungi vaziyatdan kelib chiqib, oliy o`quv yurtlarida bitiruv imtihonlarini onlayn shaklda o`tkazish rejalashtirilmoqda.
Yig`ilishda mazkur jarayonlarni sifatli tashkil etish bo`yicha topshiriqlar berildi.
Ta`lim muassasalariga hujjatlar qabulini takomillashtirib, masofadan, onlayn shaklda, internet orqali hujjat topshirish imkoniyatini yaratish zarurligi ta`kidlandi. Bu boradagi yangi tartib va afzalliklar haqida aholi batafsil xabardor qilinadi.
Ma`lumki, 2020 yildan kirish imtihonlari jami 5 ta – uchta majburiy va ikkita mutaxassislik fani bo`yicha o`tkazilishi belgilangan edi. Lekin karantin sharoiti yoshlarning imtihonga to`la tayyorgarlik ko`rish imkoniyatini ham chekladi.
Qolgan qisqa vaqtdan unumli foydalanish imkoniyatini yaratish maqsadida, joriy yilda imtihonlarni soddaroq shaklda o`tkazish bo`yicha mas`ullarga topshiriqlar berildi.
Respublikamizda Prezident maktablari soni 4 taga etdi, 9 ta ijod maktabi o`z faoliyatini olib bormoqda. Joriy yilda yana 5 ta Prezident maktabi va 2 ta ijod maktabini foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.
Ularni o`z muddatida qurish ishlarini tizimli tashkil etish bo`yicha tegishli topshiriqlar berildi.
Karantin tufayli ijtimoiy masofa tushunchasi hayotimizdan muhim o`rin egalladi. Shundan kelib chiqib, ta`lim muassasalarida, ayniqsa maktablarda, me`yorlarni qayta ko`rib chiqish zaruriyati ta`kidlandi.
Pandemiyani sabab qilib ta`lim tizimini takomillashtirish bo`yicha ishlarni kechiktirishga mutlaqo haqqimiz yo`q, dedi Prezidentimiz.
Vaziyatga qarab, o`quv yuklamalarni va dasturlarni qayta ko`rib chiqish, oliy o`quv yurtlarida amaliy ko`nikmalarni rivojlantirishga e`tiborni kuchaytirish lozimligi belgilandi.
Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi hamda Vazirlar Mahkamasi xuzuridagi Ta`lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasiga oliy ta`lim muassasalariga reja va dasturlarni ish beruvchilar talabidan kelib chiqib mustaqil tasdiqlash vakolatini berish bo`yicha vazifalar yuklatildi. Dasturlarning belgilangan talablarga mosligini nazorat qilish mexanizmi ham ishlab chiqiladi.
Zerikarli ma`ruzalar o`qish, konspektlar yozdirish kabi o`zini oqlamagan usullardan voz kechib, ta`lim metodikasini rivojlantirish va pedagoglar saviyasini oshirish g`oyat muhim masalaligi ta`kidlandi.
Shu munosabat bilan, Xalq ta`limi va Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirliklariga bosqichma-bosqich masofaviy shaklda pedagoglar malakasini oshirish, dars mashg`ulotlarini masofadan kuzatish, baholashda inson omilini kamaytirish bo`yicha ishlarni amalga oshirish topshirig`i yuklatildi.
Iqtidorli yoshlarni aniqlash va ularni kasbga yo`naltirish tizimini takomillashtirish zaruriyatiga alohida e`tibor qaratildi. Liseylarning faoliyatini qayta ko`rib chiqish, seleksiya ishlarini kuchaytirish maqsadida ta`lim jarayonlarini takomillashtirish yuzasidan vazifalar belgilandi.
Liseyning maktabdan katta farqi bo`lishi kerakligini inobatga olib, mutasaddilarga liseylar faoliyatini kuchaytirish bo`yicha ko`rsatmalar berildi.
Shuningdek, yangi tizim asosida tashkil etilishi belgilangan
kasb-hunar maktablari, kollej va texnikumlarni ishga tushirish vazifalari aniq belgilab berilgan. Bu borada eski kollej tizimi xatolari takrorlanmasligi zarur. Shu bois har bir viloyatda bittadan namunali kasb-hunar maktablari, kollej va texnikumni tayyorlash vazifasi belgilandi.
Mutasaddilar sohada amalga oshirilayotgan ishlar hamda galdagi topshiriqlarni bajarishga qaratilgan rejalar yuzasidan axborot berdi.







