“Buxoro viloyatida yuz bergan tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etish bo`yicha kechiktirib bo`lmaydigan chora-tadbirlar to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasi Prezidenti farmoyishi qabul qilindi.
Farmonga muvofiq, 2020 yilning 27-28 aprel kunlari Buxoro viloyatida yuz bergan tabiiy ofatdan zarar ko`rgan aholiga har tomonlama tezkor yordam ko`rsatish maqsadida Hukumat komissiyasi tashkil etildi va unga quyidagi vazifalar yuklatildi:
▪️ etkazilgan zarar va yo`qotishlar miqdorini aniqlash va baholash;
▪️ fuqarolarga vaqtincha turar joy, oziq-ovqat, tibbiy xizmat va boshqa yordamlar ko`rsatish;
▪️ ijtimoiy-iqtisodiy, muhandislik, transport va energetika infratuzilmasini va boshqa hayotiy muhim ob`ektlar va tizimlarni ishchanlik holatiga keltirish;
▪️ qurilish-tiklash ishlariga zarur bo`ladigan qurilish materiallarini miqdorini aniqlash va ularni etkazish;
▪️ qishloq va o`rmon xo`jaligiga etkazilgan zararni va yo`qotishlar o`rnini qoplash, irrigasiya va meliorasiya tarmoqlarini tiklash;
▪️ qisqa muddatlarda nobud bo`lgan g`alla va paxta maydonlariga boshqa turdagi qishloq xo`jaligi mahsulotlarini ekish;
Hukumat komissiyasi 3 kun muddatda tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etish bo`yicha kompleks chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqadi.
Yuz bergan tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etish ishlariga davlat byudjetidan 100 mlrd so`m ajratiladi.
Paxta-to`qimachilik klasterlari va fermer xo`jaliklari tomonidan zarar etgan g`o`za maydonlariga qilingan xarajatlar va g`alladan olinmaydigan hosil o`rnini qoplash choralari ko`riladi.
10 kun muddatda Olot tumani aholisiga qulay shart-sharoitlar yaratish, tuman markazini yana obod qilish maqsadida ko`p qavatli uy-joylar, madaniy-maishiy hamda boshqa ijtimoiy ob`ektlar qurish bo`yicha taklif ishlab chiqiladi.
Ikki hafta muddatda Olot va Qorako`l tumanlarida yirik investisiya loyihalarini amalga oshirish yuzasidan taklif ishlab chiqiladi.
Barcha chora-tadbirlar koronavirus infeksiyasi tarqalishi munosabati bilan joriy qilingan karantin tartib-qoidalariga qat`iy rioya etilgan holda amalga oshiriladi.
Eslatib o`tamiz, davlat rahbari Buxoroda kuchli shamol natijasida talofat etgan hududlar aholisi bilan uchrashdi.
Viloyat sog`liqni saqlash boshqarmasining bergan ma`lumotiga ko`ra, taxminan 29 nafar fuqaro engil va 1 nafar fuqaro og`ir tan jarohati olgan bo`lib, 1 ta holatda o`lim qayd etilgan.






