AsosiyJamiyat

Respublikamizda koronavirusdan tuzalganlar 1133 nafarga etdi

'Respublikamizda koronavirusdan tuzalganlar 1133 nafarga etdi'ning rasmi

Bugun, 30 aprel kuni poytaxtimizdagi Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasidan 5 nafar, Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy-tekshirish instituti klinikasidan 2 nafar, jami 7 nafar bemor butkul sog`aydi. Ular Sog`liqni saqlash vazirligi mas`ullari ishtirokida Respublika ixtisoslashtirilgan terapiya va tibbiy reabilitasiya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga kuzatildi, deya xabar bermoqda vazirlik matbuot xizmati.

Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasida tuzalganlarning 1 nafari erkak, 2 nafari ayol va bir nafar chaqaloq bo`lib, barchasi Toshkent shahridan. Ular koronavirus infeksiyasiga chalinganlar bilan muloqot orqali kasallikni yuqtirib olgan. Bemorlar orasida eng yoshi kattasi 57 yoshda bo`lsa, eng yoshi kichigi 2020 yil tug`ilgan.  

Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy-tekshirish instituti klinikasida tuzalganlarning 1 nafari (ayol) 37 yoshda bo`lib, Navoiy viloyatidan. U Moskva-Toshkent yo`nalishada charter reysi  bilan kelgan va karantinga olingan. Yana 1 nafari (ayol) 23 yoshda bo`lib, Toshkent shahridan. U koronavirus infeksiyasiga chalinganlar bilan muloqot orqali kasallikni yuqtirib olgan.  

Toshkent shahrida shu paytga qadar 357 nafar bemor sog`aygan bo`lsa, endilikda ular 364 nafarga etdi.

Shunday qilib, bugun 37 nafar bemor tuzalib, mamlakatimiz bo`ylab koronavirus infeksiyasidan butunlay sog`ayganlar 1133 nafarni tashkil etmoqda.

Eslatib o`tamiz, so`ngi ma`lumotga ko`ra, virus qayd etilganlar soni 2017 nafarni tashkil qilmoqda. Vafot etganlari soni esa 9 nafar.

    Boshqa yangiliklar