Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahrida joylashgan 285-maktabda ommaviy janjal kelib chiqqani va bir o‘quvchining beli singani aytilgan video tarqaldi. Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, kecha, 30 yanvar kuni soat taxminan 10:15 larda Yangihayot tumanidagi 285-sonli umumta’lim maktabi 11-“D” sinf o‘quvchisi O‘.K. tanaffus vaqtida maktab ikkinchi qavati yo‘lagida turgan vaqtida 11-“B” sinf o‘quvchisi E.K. bilan o‘zaro tortishib qoladi. Oqibatda O‘.K. tengdoshi E.K. ni yuz qismiga bir marotaba urgan va o‘rtalarida kelib chiqqan janjalga boshqa o‘quvchilar qo‘shilib ketgan. Voqeadan xabar topgan maktab ma’muriyati darhol maktabga o‘rnatilgan “tashvish tugmasi”ni bosgan. Qisqa vaqtda Qo‘riqlash xizmati xodimlari va inspektor-psixolog maktabga yetib kelgan hamda ommaviy tartibsizlikni to‘xtatgan. So‘ngra maktabga biriktirilgan inspektor-psixolog, katta leytenant N.O. mazkur holat yuzasidan tegishli hujjatlarni rasmiylashtirib, janjalda ishtirok etgan o‘quvchilarni “Yorqin hayot” mahallasida joylashgan profilaktika inspektori xonasiga olib borgan. U yerda o‘quvchilar va ularning ota-onalari bilan profilaktik tushuntirish ishlari amalga oshirilgan.
Bildirilishicha, janjalda ishtirok etgan shu maktabning 11-sinf o‘quvchilaridan A.J. hamda S.M. lar shifokorga murojaat qilgan. O‘quvchilarning ahvoli yaxshi va ularga uyiga javob berilgan. Hozirda yuqoridagi holat yuzasidan huquq-tartibot idoralari tomonidan surishtiruv-o‘rganish ishlari olib borilmoqda.