1 fevraldan spirtli ichimliklar va tamaki mahsulotlari uchun to‘lovni ijtimoiy karta orqali amalga oshirish, shuningdek, tadbirkorlik subyektlari tomonidan ushbu mahsulotlar uchun bunday usuldagi to‘lovni qabul qilish taqiqlanadi. Bu O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 27 dekabrda qabul qilingan “Aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashda “ijtimoiy karta” tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qarorida belgilangan.
Qarorga ko‘ra, 2025 yil 1 yanvardan boshlab yangi tayinlangan ijtimoiy to‘lovlar ijtimoiy karta orqali to‘langanda, oluvchining ilgari tayinlangan boshqa ijtimoiy to‘lovlari ham ijtimoiy karta orqali to‘lab beriladi.
2025 yil 1 fevraldan boshlab:
- belgilangan tartibda tasdiqlangan ro‘yxatga muvofiq miqdori bazaviy hisoblash miqdorining (keyingi o‘rinlarda — BHM) o‘ttiz foizidan oshmaydigan reabilitatsiya qilishning texnik vositalarini xarid qilish uchun mablag‘lar ushbu vositalarga muhtojlik belgilangan shaxslarning ijtimoiy kartasiga o‘tkazib beriladi;
- ijtimoiy karta orqali to‘langan nafaqa, kompensatsiya va boshqa to‘lovlar (pensiyalar bundan mustasno) (keyingi o‘rinlarda — ijtimoiy to‘lov) mablag‘laridan ijtimoiy to‘lovlarni oluvchi oilalarning a’zolari, Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan oilalarning a’zolari hamda oxirgi 12 oy davomida “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi orqali kam ta’minlangan deb e’tirof etilgan oilalarning a’zolariga spirtli ichimliklar va tamaki mahsulotlari uchun to‘lovni amalga oshirish, shuningdek, tadbirkorlik subyektlari tomonidan ushbu mahsulotlar uchun to‘lovni qabul qilish taqiqlanadi;
2025 yil 1 apreldan boshlab esa ijtimoiy karta transport kartasi, shu jumladan, jamoat transporti uchun qonunchilik hujjatlarida belgilangan shahar yo‘nalishlari bo‘yicha tarif rejalaridan foydalangan holda imtiyozli transport kartasi vazifasini bajaradi.
Bunda ijtimoiy kartaning transport kartasi hamda imtiyozli transport kartasi vazifalari “Avtomatlashtirilgan to‘lov tizimi operatori” MCHJ bilan integratsiya qilish orqali amalga oshiriladi.