Bugungi kunda, Davlat soliq qo`mitasi Markaziy bank bilan hamkorlikda soliq to`lovchilarga yana bir engillik yaratish bo`yicha yangi loyihani ishga tushirish borasida ish olib bormoqda.
Tez kunlarda, soliq to`lovchi yuridik shaxslar internetdagi «Shaxsiy kabinet»lari orqali soliq va boshqa majburiy to`lovlarni onlayn shaklda to`lash imkoniyatiga ega bo`ladilar, deya xabar beradi DSQ.
Ushbu loyiha, soliq to`lovchilarga qo`shimcha qulayliklar yaratish, ya`ni zamonaviy axborot-kommunikasiya texnologiyalari yordamida soliqlar va boshqa majburiy to`lovlarni bank muassasalariga bormasdan, masofadan turib to`lash imkoniyatini yo`lga qo`yish maqsadida, ilg`or xorijiy mamlakatlar soliq organlari tajribalariga tayangan holda ishlab chiqilgan.
Tizimning afzalligi shundaki, soliq to`lovchilar soliq hisobotlarini tayyorlab, elektron shaklda jo`natganidan so`ng, hosil bo`lgan soliq majburiyati summasini to`lashga ixtiyoriy rozilik berishi bilan to`lov topshiriqnomasi avtomatik ravishda shakllanib, soliq to`lovchining hisob-raqamiga xizmat qiluvchi tijorat bankiga himoyalangan aloqa kanallari orqali etkaziladi.
Agar hisob-raqamda pul mablag`lari etarli bo`lsa, shu zahotiyoq to`lov amalga oshirilib, soliq to`lovchining shaxsiy kartochkasiga qayd etiladi yoki to`lov topshiriqnomasi 2-sonli kartotekaga olinib, bu haqda tadbirkorlik sub`ektiga elektron xabarnoma yuboriladi.
Ushbu tizimdan soliqlar bo`yicha joriy to`lovlarni to`lashda ham foydalanish mumkin. Yana bir muhim tomoni, ushbu tizim ishga tushirilishi bilan hozirgi kunda Soliq kodeksining 59-moddasi talabi buzilishi natijasida xo`jalik subektlarining mansabdor shaxslarining ma`muriy javobgarliklari ko`rib chiqilishiga sabab bo`layotgan holatlarning ham oldi olinadi.
Bugungi kunda ushbu tizim test-sinovlaridan o`tkazilmoqda va joriy yilning iyul oyida to`liq ishga tushirilishi rejalashtirilgan.
Ushbu xizmatdan foydalanish bepul va 24 soat uzluksiz ishlaydi.